Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:03

Qirg‘iziston yangi konstitutsiyasi kelajakda beqarorlik yuzaga kelishiga zamin yaratadimi?


Referendumda ovoz berayotgan ayol.
Referendumda ovoz berayotgan ayol.

Qirg‘izistonda prezidentlik boshqaruv tizimini qayta tiklaydigan munozarali yangi konstitutsiya umummilliy referendumda ma’qullandi.

Ammo mutaxassislar 16 yil ichida uchta inqilobni boshidan kechirgan mamlakatda yangi konstitutsiyaning umri qisqa bo‘lishini aytmoqda.

Ozod Yevropa-Ozodlik radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Bryus Pannierning bu boradagi maqolasini e’tiboringizga havola etamiz.

12 - aprel kuni Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisi Nurjan Shayldabekova referendumda ovoz berganlarning 79,3 foizi – 1,03 million kishi yangi konstitutsiyani yoqlab ovoz bergani, atigi 13,65 foizi qarshi ovoz berganini ma’lum qildi.

Qirg‘izistonda 6,5 millionga yaqin odam yashaydi. Yangi konstitutsiyani qo‘llab 6 fuqarodan 1 tadan kami ovoz berganini e’tiborga olsak, hujjat xalq irodasini ifoda etadimi, yo‘qmi, degan savol tug‘ilishi mumkin.

11 - aprelda o‘tkazilgan referendum natijalari qonuniy deb topilishi uchun Qirg‘izistondagi saylovchilarning atigi 30 foizi ovoz berishi kerak edi. Dastlabki natijalar shuni ko‘rsatadiki, ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan saylovchilarning taxminan 37,1 foizi ovoz bergan.

11 - aprel kuni referendum bilan birgalikda mahalliy kengash deputatlari saylovlari ham o‘tkazildi.

10 - yanvar kuni o‘tkazilgan prezident saylovida saylovchilarning taqriban 39 foizi ovoz bergan edi. Ushbu saylovda konstitutsiyaviy referendum o‘tkazish masalasi ham ovozga qo‘yildi.

Yanvardagi saylovda 1,35 million kishi ovoz berdi. Ularning 81,44 foizi, ya’ni taxminan 1,1 million kishi referendum o‘tkazilishini yoqlab ovoz berdi.

Ammo boshidanoq yangi konstitutsiya munozaraga sabab bo‘lib kelmoqda.

4 - oktabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlari ortidan boshlangan tartibsizliklar davomida qamoqdan ozod qilingan Sadir Japarov joriy yilning yanvar oyida prezident etib saylandi. Japarov Qirg‘izistonda 2010 - yilda joriy qilingan yarim parlament boshqaruv shaklini yangi konstitutsiya yordamida prezidentlik tizimiga o‘tkazishni taklif qildi.

Yangi tasdiqlangan konstitutsiya Qirg‘izistonning sobiq prezidentlari Asqar Akayev va Qurmanbek Bakiyevlar hukmronligi paytida amalda bo‘lgan konstitutsiyalarga o‘xshash. Har ikkala yetakchi ham qisman ularga ko‘proq vakolat bergan konstitutsiyaviy tuzatishlar tufayli hokimiyatdan ag‘darildi.

Japarov va boshqalar 2010 - yilgi konstitutsiya o‘rnini sotib olib, asosiy vaqtini janjallashish bilan o‘tkazadigan va oz natija ko‘rsatgan parlamentni yaratganini aytib keladi.

2020 - yil 4 - oktabrda o‘tkazilgan saylov natijalari namoyishlar ortidan bekor qilindi. 2015 - yilda saylangan parlament deputatlari vakolatlari muddati tugayotgani va boshqa saylovlar rejalashtirilmagani uchun o‘z vakolatlarini uzaytirishni yoqlab ovoz berishdi.

Ko‘plab mutaxassislarning ta’kidlashicha, 28 - oktabr kuni mandati tugagan parlament o‘z muddatini uzaytirganidan keyin qabul qilgan har bir qaror qonuniyligi haqida savol tug‘iladi.

Ayni parlament dekabr oyida bir necha kun ichida yangi konstitutsiya loyihasini uchta o‘qishda qabul qildi. Bu esa o‘sha paytda amalda bo‘lgan konstitutsiyaga zid edi.

Shuningdek, konstitutsiya loyihasi parlament tomonidan ma’qullangandan keyin, unga bir nechta tuzatish kiritildi.

Bundan tashqari, noyabr oyi oxirida Konstitutsiyaviy palata tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingani va keyinchalik uning 89 a’zosi tayinlangani yanada ko‘proq savol tug‘ilishiga sababchi bo‘ldi.

Shuningdek, ko‘pchilikni yangi konstitutsiya loyihasini ishlab chiqishda jamoatchilik fikri qanday rol o‘ynagani qiziqadi. Loyiha parlament tomonidan tasdiqlanishidan olin ommaviy muhokamaga qo‘yilishi kerak edi, ammo bunda qilinmadi.

Qiyoslash uchun, 2010 - yilgi konstitutsiya loyihasini ishlab chiqishda fuqarolik jamiyati va boshqa jamoat guruhlari faol qatnashgan edi.

11 - aprelda o‘tkazilgan referendum arafasida o‘tkazilgan so‘rovlar qirg‘izistonliklarning aksariyati yangi konstitutsiya to‘g‘risida yaxshi bilmasligini ko‘rsatdi.

4 - oktabrda bo‘lib o‘tgan saylovlar bekor qilinishi ortidan tez orada yangi parlament saylovlari o‘tkazish qarori qabul qilindi, ammo bu saylovlar keyinga qoldirildi.

Endilikda yangi parlament saylovlari yozgacha o‘tkazilmasligi aytilmoqda. Bu g‘alati, chunki aynan 4 - oktabrda o‘tkazilgan parlament saylovlari ortidan boshlangan norozilik to‘lqini Qirg‘izistonni hozirgi traektoriyadan boshladi va yangi konstitutsiya tasdiqlanishiga olib keldi.

11 - aprelda tasdiqlangan konstitutsiyaga binoan, parlament ko‘plab vakolatlarini yo‘qotadi. Shuningdek, konstitutsiyaning yangi tahririda parlament deputatlari soni 120 nafardan 90 nafarga tushirildi.

Yangi konstitutsiya qonuniyligiga shubha bildirish uchun yetarlicha asos borligini anglash qiyin emas. Agar kelgusi yillarda Qirg‘iziston fuqarolari yangi prezident va uning hukumatidan norozi bo‘lib qolsa, amalda aynan shunday bo‘lishi mumkin.

Yangi konstitutsiyaga qarshilar hujjatga qarshi ko‘plab argument keltirishlari mumkin. Xususan, ular hujjat 4 - oktabrgacha qamoqda bo‘lgan rahbar qistovi bilan qabul qilingani, uni jamoatchilik ishtirokisiz tuzilgan guruh ishlab chiqqani, hujjat vakolati tugagan parlament tomonidan tasdiqlangani, qabul qilinganidan keyin o‘zgartirilgani va referendumda uni mamlakat aholisining 16 foizdan oz qismi ma’qullangani aytishlari mumkin.

2005, 2010 va 2020 - yillarda bunga o‘xshash e’tirozlar mamlakat rahbarlarining hokimiyatdan ag‘darilishiga olib kelgan edi.

XS
SM
MD
LG