Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:10

Qirg‘izistonda ayollar hokimiyatni egallamoqda: Mahalliy kengashlarning 40 foizi ayollar


Qirg‘izistonda 2021 - yil aprelida bo‘lib o‘tgan mahalliy boshqaruv idoralariga saylovlarda, mamlakat tarixida ilk bor mandatlarning qariyb 40 foizini ayollar qo‘lga kiritdi. Bunday “katta sakrash” deputatlik o‘rinlarining uchdan bir qismi ayollarga ajratilishini kafolatlovchi qonun kuchga kirganidan so‘ng kuzatilmoqda. Ammo g‘olibalarning aksariyati avvalo o‘z mehnati va yutuqlari ortidan, qolaversa saylovchilarning ko‘ngliga yo‘l topa bilgani uchun muvaffaqiyat qozonganini iddao qiladi.

Meerim Moldaliyeva atigi 27 yoshda. U hayotini ag‘dar-to‘ntar qilib yuborgan avtohalokatga uchragunicha militsioner bo‘lib ishlardi.

“Bir yil falaj bo‘lib yotdim, yashagim kelmay qolgandi, – hikoya qiladi Moldaliyeva. – Bir yildan so‘ng aravachada o‘tirishni o‘rgandim, keyin o‘zimga o‘zim dedimki: o‘tirib nima qilaman? Aravachaga kunim qolmasligi kerak: men kuchliman, yura olaman, yurishim shart!”

Oyoqqa turganidan so‘ng Meerim nafaqat deputatlikka saylandi, balki Norin viloyatidagi o‘z qishlog‘i kengashiga rahbarlik ham qila boshladi. O‘zining aytishicha, unga odamlar bilan muomala qilish tajribasi va ma’lumotliligi qo‘l kelgan. Deyarli butun saylov kampaniyasini Meerim deyarli uydan chiqmay o‘tkazdi – saylovchilari bilan faqat messenjer va ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qildi. Qarangki, bunday yondashuv ish berar ekan, holbuki, qizning so‘zlariga ko‘ra, u ko‘psonli qarindoshlari ovozlariga tayanadigan erkak nomzodlar bilan raqobatlashgan.

“O‘zimni yengishim juda qiyin kechdi: qo‘limdan kelarmikan, odamlar meni deputatlikka saylasharmikan, deb ko‘p ikkilandim, – davom etadi Moldaliyeva. – Axir men nogironman-ku, bu muammo hech qayoqqa g‘oyib bo‘lgan emas. Men hammasini qayta-qayta o‘yladim va axiyri saylovda qatnashishga qaror berdim”.

Gulbar Samsaliyeva ham 11 - apreldagi saylovlarda ishtirok etgan va birinchi urinishda‑yoq g‘alaba qozongan. Sobiq tibbiyot hamshirasi o‘z muvaffaqiyati sababini saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rishda deb biladi. Atigi ikki yil oldin u o‘z qishlog‘ida ayollar kengashini tashkil qilgandi. Va erkak deputatlar qishloqda futbolni targ‘ib qilib yurganida u ijtimoiy loyihalar bilan shug‘ullanib, pandemiya davrida nochor oilalarga ko‘maklashdi. Ayol yangi lavozimida ham shu ishlarini davom ettirmoqchi.

“Misol uchun, ayollar kengashimiz qoshida sog‘lig‘i zaif bolalar uchun reabilitatsiya guruhi mavjud, guruh 53 nafar bolaning ahvolidan xabar olib turadi, – deydi Gulbar Samsaliyeva. – Ana shunaqa bolalarning onalari uchun bandlik markazi ochish niyatimiz bor. Markazimizga kelishsa, u yerda tikuv seximi yoki boshqa biror ustaxonami ochib, ishlashsa, o‘zlariga ul-bul orttirish imkoniga ega bo‘lishsa, deymiz. Albatta, bu – ayollar bolalarini o‘zlari bilan olib boradigan va o‘sha yerning o‘zida qarov tashkil qilinadigan muassasa bo‘ladi”.

Meerim va Gulbar o‘z nomzodlarini ilgari surishlarida yetakchilar maktabi katta rol o‘ynaganini tan olishadi: ushbu maktablarda bo‘lg‘usi deputatlikka nomzodlarga qonunlar va notiqlik san’atidan saboq berishgan, shuningdek, ularga o‘z siyosiy dasturlarini tayyorlashda ko‘maklashishgan.

“Biz 242 ayolni o‘qitdik. Ulardan 73 foizi saylovlarda o‘z nomzodini qo‘ydi va 60 foizi g‘olib bo‘ldi”, dedi faxr bilan “Ayollarga ko‘maklashish markazi” (Bishkek) loyihalari koordinatori Eliza Adjiyeva.

Mahalliy kengashlarga saylovlardan so‘ng Qirg‘izistonda deputat ayollar soni avvalgidan 4 baravarga oshib ketdi. Markaziy saylov komissiyasi ayollar muvaffaqiyatining asosiy sabablaridan biri – barcha mahalliy kengashlardagi mandatlarning uchdan bir qismi ayollarga ajratilishini nazarda tutuvchi ayollar kvotasi to‘g‘risidagi qonunda, deb hisoblaydi.

“Shuni alohida ta’kidlashni xohlardimki, mamlakat oliy rahbariyatining siyosiy dastagisiz bunaqa islohotni amalga oshirish juda qiyin bo‘lur edi, – deydi Qirg‘iziston MSK raisi Nurjon Shayldabekova. – Va yana prezident Sadir Japarovning shaxsiy pozitsiyasini ham qayd etishni istayman: u mazkur qonunlarning amalga tatbiq etilishiga bag‘ishlangan qator siyosiy aktsiyalarda ishtirok etgandi”.

Aslida, ayollarga mahalliy kengashlardagi o‘rinlarning uchdan bir qismi ajratilishini kafolatlovchi qonun Japarov prezident bo‘lishidan ancha avval qabul qilingan. Bu jarayon uch yilga cho‘zilgan va unchalik “silliq” kechmagandi.

“Ayollar kvotasi haqidagi qonun parlamentga kiritilganida deputatlar “bunaqa qonun hech qachon ishlamaydi”, deb ochiq aytishdi, – deb o‘sha kunlarni xotirlaydi “Ayollarga ko‘maklashish markazi” rahbari Baken Dosaliyeva. – Ayollar tabiatan passiv bo‘ladi, ular o‘z tashabbusi bilan nomzodini saylovga qo‘ymaydi, deb aytishdi. Biroq pirovardida ayollarimiz o‘z faolligini amalda ko‘rsatdi”.

Baken Dosaliyeva har bir shogirdining g‘alabasidan shodlanar ekan, hokimiyat tepasida ayollar qancha ko‘p bo‘lsa, ijtimoiy muammolar shuncha tez yechilishi va korrupsiya shuncha kamayishi allaqachon ilmiy isbotlanganini urg‘ulaydi.

XS
SM
MD
LG