Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:03

Qirg‘izistonda Konstitutsiya shoshilinch isloh qilinayotgani xavotirga sabab bo‘lmoqda


Bishkekda Konstitutsiya marshi, 22 - noyabr, 2020
Bishkekda Konstitutsiya marshi, 22 - noyabr, 2020

22 - noyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda yuzlab odam Konstitutsiya isloh qilinishiga qarshi namoyishga chiqdi.

Ular taklif qilinayotgan o‘zgartirishlar mamlakatda erkinliklarni keskin cheklashini aytmoqdalar.

Qirg‘izistonda 4 - oktabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari ortidan siyosiy bo‘hron yuzaga kelgan.

Bahsli saylovlar va ular ortidan sodir etilgan zo‘ravonliklar fonida Sadir Japarov, tashqi kuzatuvchilar qoralagan qator chora-tadbirlar ortidan, bosh vazir va prezident vazifasini bajaruvchisiga aylandi.

Japarov, faoliyati tugashi kutilayotgan parlamentni prezident vakolatlarini kengaytirishga undab, deputatlarga bosim o‘tkazmoqda. Shuningdek, Japarov parlament va hukumat hisobot beradigan Xalq Qurultoyi deb nomlanuvchi yangi ijroiya kengashini yaratishni xohlaydi.

Kuzatuvchilarning aytishicha, bunday qurultoy qonun chiqaruvchi hokimiyatni zaiflashtiradi.

Ushbu takliflarga qarshilar Bishkekning qorli ko‘chalari bo‘ylab 22 - noyabr kuni namoyishga chiqdi. Ammo namoyishga tashkilotchilar rejalashtirganidan ozroq odam keldi.

Taklif qilinayotgan o‘zgartirishlar 10 - yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari prezident saylovlari vaqtida ovozga qo‘yiladi.

Taklif jamoatchilikka e’lon qilinganidan beri Qirg‘izistonning amaldagi va sobiq amaldorlari hamda inson huquqlari himoyachilari buni bir ovozdan qoralamoqda.

Sobiq bosh vazir Feliks Qulov Ozodlikka bergan intervyusida bundan asosiy maqsadi «prezidentga mutlaq hokimiyat» berishdan iborat ekanini aytdi.

21 - noyabr kuni Human Rights Watch tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Xyu Uilyamson:

«Har qanday konstitutsiyaviy islohotlar yangi parlament qasamyodga kelguniga qadar qoldirilishi kerak, shunda Qirg‘iziston inson huquqlari va qonun ustuvorligiga sodiq ekanligi haqida hech qanday shubha bo‘lmaydi», - dedi.

O‘tgan oyda bo‘lib o‘tgan saylovdan keyin boshlanib ketgan norozilik namoyishlari davomida siyosiy raqibini o‘g‘irlab ketgani uchun jazo o‘tayotgan Japarov qamoqdan ozod qilindi.

Saylov natijalari esa bekor qilindi. G‘alayon natijasida hukumat qulashi va prezident Sooronbay Jeenbekovning iste’foga chiqishi ortidan hokimiyat vakuumi paydo bo‘ldi.

Japarov prezident vazifasini bajaruvchi sifatida 20 - dekabrga belgilangan yangi parlament saylovlarini 2021 - yilda noma’lum sanaga qoldirdi. Aslida esa Qirg‘iziston qonunlariga binoan yangi parlament saylovlari ikki oy ichida o‘tkazilishi kerak.

Japarovning bu harakati 10 - yanvar kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan navbatdan tashqari prezident saylovlariga yo‘l ochdi.

Amaldagi qonunlarga binoan, vaqtincha prezident lavozimida ishlayotgan shaxs keyinchalik ushbu lavozimga saylanish uchun nomzodini ko‘rsata olmaydi.

Shu bois, Japarov prezidentlikka saylanish uchun dekabrda lavozimidan ketishni rejalashtirayotganini bir necha bor aytgan.

Faollar taklif qilinayotgan o‘zgartirishlar so‘z erkinligini ham cheklashi haqida ogohlantirmoqda.

Misol uchun, taklif qilinayotgan o‘zgartishlarning biri «Qirg‘iziston xalqining umuman tan olingan axloqiy qadriyatlarga va an’analariga» zid nashrlar, ommaviy axborot vositalari yoki ommaviy tadbirlarni taqiqlaydi.

Norwegian Helsinki Committee nodavlat tashkilotining katta siyosat bo‘yicha maslahatchisi Ivar Dale:

«Shubhasiz, Qirg‘izistondagi odamlarning qadriyatlari va urf-odatlari hurmat qilinishi kerak, ammo, iqtibos keltiradigan bo‘lsam, “Qirg‘iziston aholisi axloq va madaniyatiga ziyon keltiradigan nashrlarni” taqiqlash o‘sha odamlarning so‘z erkinligiga bo‘lgan huquqini jiddiy ravishda buzishi mumkin bo‘lgan muammolarsha yo‘l ochadi», - dedi.

XS
SM
MD
LG