Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:16

Qirg‘izistonda majburiy avtosug‘urta joriy etilmoqda. U qanday ishlaydi?


Qirg‘izistonda 2023-yildan avtomobillarni va haydovchining javobgarligini majburiy sug‘urtalash joriy etiladi. Haydovchi yo‘l-transport hodisasini sodir etgan taqdirda sug‘urta shirkati jabrlangan tomon ko‘rgan zararni qoplab beradi, ammo aybdor haydovchi mashinasini o‘z hisobidan ta’mirlatadi.

Avtomobil egalariga fuqaroviy javobgarligini majburiy sug‘urtalash polisini rasmiylashtirish uchun uch oy vaqt berilmoqda: avtomobil sug‘urta qilinmagani uchun haydovchilarni jarimaga tortish 1-apreldan boshlanadi. Sug‘urta shirkatlari yangi mijozlar oqib kelib, daromadlari karrasiga ortishini “tamshanib” kutmoqda, ammo yangi tartib-qoidadan barcha haydovchilar birdek xursand deb bo‘lmaydi.

Qirg‘izistonda majburiy avtosug‘urta to‘g‘risidagi qonun yetti yil oldin qabul qilingan. Biroq avtomobil egalarining noroziligi, qolaversa mulozimlar sug‘urta koeffitsiyentlari va to‘lov miqdorlari xususida uzoq vaqt kelisha olishmagani sababli sug‘urta ixtiyoriy bo‘lib qolgan edi. Bir necha oy muqaddam hukumat, nihoyat, sug‘urta bilan bog‘liq barcha to‘lovlarni tasdiqladi.

“Bugungi kunda majburiy avtosug‘urtani joriy etishga doir barcha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilib bo‘lingan. Eng kam sug‘urta summalari va javobgarlik miqdorlari ham belgilangan. Boshqa mamlakatlar bilan taqqoslaganda, bizda eng kam sug‘urta summalari amalga kiritilmoqda”, deydi Davlat moliyaviy nazorat xizmati vakili Taxmina Qamchibekova.

Eng kam sug‘urta to‘lovi miqdori 1680 som yoki taqriban 20 dollarni tashkil qiladi. Polis bahosi haydovchining yoshi va stajiga, dvigatel hajmi va avtomobil rusumiga, shuningdek texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan yoki o‘tkazilmaganiga bog‘liq. Sug‘urtachilarga ko‘ra, yoshi 25 dan katta tajribali haydovchi boshqaradigan kamlitraj (dvigatel hajmi 2 kub.gacha) mashina sug‘urtasi taxminan 20 dollarga tushadi. Biroq, agar motor hajmi 3 kub.dan ortiq va haydovchining tajribasi uch yildan kam bo‘lsa, sug‘urta polisi uchun 30 dollardan ko‘proq pul to‘lanadi.

Haydovchilarning majburiy sug‘urtalashga munosabati turlicha: xayrixohlar bor, norozilar ham ko‘p.

“Sug‘urta shaxsan menga kerak emas. Chunki sug‘urta shirkatlaridan biron-nima undirish mumkinligiga ko‘zim yetmaydi. Ortiqcha sarson bo‘lganimiz qoladi”, deydi bishkeklik haydovchilardan biri.

“Sug‘urta uchun maqbul narx belgilashsa, men qarshi emasman, YTH yuz bergan taqdirda pul to‘lashsa, bas. Eng muhimi, keyin polis narxini oshirib yuborishmasin”, deydi boshqa bir haydovchi.

Bishkeklik Akjildiz Risbayeva ham majburiy avtosug‘urta tarafdori. Qiz ikki yil avval haydovchilik guvohnomasini olgach, o‘z ixtiyori bilan sug‘urta qildirgan edi. “Bundan afsuslanmadim, chunki yo‘lda mening aybim bilan to‘qnashuv yuz berganida sug‘urta shirkati men shikastlagan mashinaning ta’mir xarjini to‘lab berdi”, deydi u.

Bugungi kunda Qirg‘izistonda qariyb bir millionta sug‘urtalanmagan avtomobilga atigi bitta davlat va 14 ta xususiy sug‘urta shirkati to‘g‘ri keladi. Biroq sug‘urtachilar barchaga xizmat ko‘rsata olishlarini, muammo bo‘lmasligini aytishmoqda.

“Avtomobil egalarining fuqaroviy javobgarligini majburiy sug‘urtalash tizimi, yakka holatlarda sug‘urtalovchiga zarar keltiradi. Ommaviy joriy etilgan taqdirda esa bu sug‘urta bozoriga ijobiy ta’sir etishi shubhasiz, – deya izoh beradi Bishkekdagi sug‘urta shirkati direktori muovini Salomat Nurdin uulu. – Odamlar sug‘urta bilan, sug‘urtalash madaniyati bilan yaqindan tanishganlaridan so‘ng ozgina pul to‘lab qo‘yib, biron ko‘ngilsiz voqeaga duchor bo‘lganda katta summaga umid qilishlari mumkinligini albatta tushunishadi, deb o‘ylayman”.

XS
SM
MD
LG