Линклар

Шошилинч хабар
13 январ 2026, Тошкент вақти: 18:14

Qirg‘izistonda sudlanayotgan 11 jurnalistdan ikki nafari qamaldi


Temirov LIVE va “Ayt, ayt dese” loyihalarining sobiq va amaldagi jurnalistlari
Temirov LIVE va “Ayt, ayt dese” loyihalarining sobiq va amaldagi jurnalistlari

Bishkek shahrining Lenin tuman 10-oktyabr kuni sudi ommaviy tartibsizliklarga chaqirishda ayblanib sudlanayotgan Temirov LIVE loyihasining 11 nafar sobiq va amaldagi jurnalistlariga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda Ozodlikning qirg‘iz xizmati xabar qildi.

Sudlanayotgan jurnalistlardan to‘rt nafariga ayblov hukmi chiqarilgan, ulardan ikki nafariga qamoq jazosi berilgan. Xususan, Temirov LIVE va “Ayt, ayt dese” loyihalari direktori Maxabat Tajibek qizi olti yilga, Azamat Ishenbekov besh yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Aktilek Kaparov va Ayke Beyshekeyeva uch yildanga probatsiya jazosini olishgan. Qolgan yetti nafar jurnalist sud tomonidan oqlangan. Bular “Archa Media” jurnalisti Saypidin Sultanaliyev, “PolitKlinika” nashri jurnalisti Tinistan Asipbekov, Temirov LIVE loyihasining uch jurnalisti - Maksat Tajibek uulu, Jumabek Turdaliyev va Akil Orozbekov, “Ayt, ayt dese” loyihasi xodimi Sapar Akunbekov va “Nur Press” jurnalisti Joodar Buzumovlardir. Avvalroq davlat qoralovchisi bu jurnalistlarning har biri olti yildan qamoq jazosi so‘ragan edi.

Qamalgan Maxabat Tajibek qizining turmush o‘rtog‘i bo‘lgan Temirov LIVE asoschisi Bolot Temirov sud qaroriga muvofiq, ularning o‘g‘li ijtimoiy himoya organlariga berilganini ma’lum qildi, deya xabar qildi Ozodlikning Current Time loyihasi.

Jurnalistlar 2024-yil yanvarida hibsga olingan edi. Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi ekspertiza xulosasi asosida ularga qarshi jinoyat ishi ochilgani haqida bildirgan. IIV qaydicha, ekspertiza jurnalistlarning materiallarida ommaviy tartibsizliklarga chaqiriq unsurlari bo‘lganini aniqlagan. Sud jarayoni chog‘ida lingvistlar “Erkinlik berilmaydi, erkinlik uchun barchamiz kurashishimiz kerak” degan jumlada ommaviy tartibsizlikka chaqirish alomatini ko‘rishganini aytishgan. Bu jumla qirg‘izlarning mashhur “Manas” eposidan olingan bu iqtibos bo‘lib, jurnalistlar Qirg‘izistonning rasmiy idoralaridagi korrupsiyaga oid chiqishlarini odatda shu jumla bilan tugatishgan.

Bolot Temirov Qirg‘izistonda surishtiruv jurnalistikasining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri, Temirov LIVE yutub-kanali asoschisi, Factcheck.kg internet nashri sobiq bosh muharriri va Qirg‘izistonning davlat idoralaridagi korrupsiyaviy sxemalar haqida qator surishtiruvlarning muallifi bo‘lib hisoblanadi. Qirg‘iziston rasmiylari unga qarshi bir necha jinoyat ishi ochishgan, keyin esa jurnalistning fuqaroligi bekor qilib, uni mamlakatdan badarg‘a qilishgan.

Bishkekdagi sud qarori ortidan Xalqaro matbuot instituti (IPI) hamda “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) xalqaro tashkilotlari jurnalistlarning qamalishini qoralab, bayonotlar tarqatishdi. Ular Qirg‘iziston rasmiylarini 6 yilga qamalgan Maxabat Tajibek qizi va 5 yilga qamalgan Azamat Ishenbekovni zudlik bilan ozod qilishga chaqirishgan.

XS
SM
MD
LG