Линклар

Шошилинч хабар
26 май 2024, Тошкент вақти: 05:08

Qirg‘izistondagi tadbirda yuk mashinasi bolalarni urib ketdi


Suzoqdagi tadbir videosidan olingan skrinshot, 2024-yil 2-mayi
Suzoqdagi tadbir videosidan olingan skrinshot, 2024-yil 2-mayi

Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzoq tumanida 2-may kuni bo‘lib o‘tgan ommaviy tadbir chog‘ida kichik hajmli Porter yuk mashinasi 29 nafar bolani urib ketgan. Bu haqda davlatga qarashli “Kabar” axborot agentligi sog‘liqni saqlash vaziri Alimqadir Beyshenaliyevdan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Mulozimga ko‘ra, hodisa chog‘ida 9 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar jabrlangan. Ulardan yetti nafari viloyat kasalxonasining jonlantirish bo‘limida yotibdi, uch nafarining ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda.

Bundan tashqari, voyaga yetmagan uch bola Suzoq tuman kasalxonasiga yetkazilgan. Yana sakkiz nafar bola Umumshifokorlik amaliyoti markaziga yotqizilgan, ularning ahvoli “o‘rtacha” deya baholanmoqda.

Shu bilan birga, 11 nafar bolaga voqea joyining o‘zida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Vazir Beyshenaliyev jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish masalasini shaxsiy nazoratiga olgani va ularni sifatli tibbiy yordam bilan ta’minlash haqida topshiriq berganini aytgan. Voqea sodir bo‘lgan joydan olingan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda.

Ichki ishlar vazirligi vakillari Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga mazkur noxush voqea Suzoq tumanining Jergetal qishlog‘ida bolalar “Manas” eposini aytayotgan paytda sodir bo‘lganini tasdiqlashgan. Huquq-tartibotchilar ma’lumotiga ko‘ra, 48 yoshli haydovchi tomonidan tashlab ketilgan mashina harakatga kelib, o‘quvchilarni bosib ketgan.

Holat Suzoq tuman IIB tomonidan qaydga olinib, tekshiruv ishlari boshlangan.

Qirg‘iziston IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yilda mamlakat bo‘ylab yo‘l-transport hodisalari chog‘ida 783 kishi nobud bo‘lgan, bu esa 2022-yildagi ko‘rsatkichga qaraganda 13,5 foizga ko‘pdir. O‘tgan yili Qirg‘izistonda jami 6945 ta YTH qaydga olingan.

XS
SM
MD
LG