Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:23

Qirg‘izistonliklarning noroziligi ortidan O‘zbekiston chegara ihotalarini qurishni vaqtincha to‘xtatdi


Qirg‘iziston - O‘zbekiston chegarasini qo‘riqlayotgan qirg‘iz chegarachilari.
Qirg‘iziston - O‘zbekiston chegarasini qo‘riqlayotgan qirg‘iz chegarachilari.

Qirg‘izistonning Olabuqa tumaniga qarashli Qarabeles qishlog‘i aholisining noroziligi ortidan O‘zbekiston chegaraning mazkur hududida ihota ishlarini olib borishni to‘xtatdi.

Jalolobod viloyati rasmiylarining bildirishicha, hukumat vakillari Namangan viloyat hokimi bilan muzokaralar olib borib, chegaradagi ishlarni vaqtincha to‘xtatib turishni iltimos qilgan. O‘zbekiston tomoni bu iltimosni qanoatlantirgan.

Qarabeles qishlog‘i aholisi Qirg‘iziston hukumatini yaylovlarni O‘zbekistonga berib yuborganlikda ayblab, o‘tgan haftada norozilik namoyishiga chiqqan edi. Hukumat rasmiylari esa O‘zbekistonga bir qarich yer ham noqonuniy berilmaganini aytib, aholini tinchlantirmoqda.

Shu kungacha Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan deyarli 95 foiz chegara chizig‘i bo‘yicha o‘rta fikrga kelgan. Hozirda ikki davlat o‘rtasida 9 ta bahsli hudud mavjud.

Olabuqa tumaniga qarashli Qarabeles qishlog‘i Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh hududida joylashgan. Bu qishloqda yashovchi Jaylo‘o‘bay Do‘sbayevning hovlisi chegaradan 50 metr uzoqlikda joylashgan. U chegaralar aniqlanishi ortidan butun umr egalik qilib kelgan hovlisining bir qismi O‘zbekistonga o‘tib ketganini aytdi:

“Bu hovlida yashaganimga uzoq yillar bo‘ldi. Yaqinda belgilangan chegara chizig‘i ichida xojatxonam qoldi. Bolalarim o‘ynagani chiqib, O‘zbekistonga o‘tib qolsa nima bo‘ladi? Xalq dardini eshitadigan odam yo‘q”, - dedi Do‘sbayev.

Qishloqliklardan yana biri Saparali Jo‘ldo‘shevga ko‘ra, avvallari ikki davlat o‘rtasidagi chegara qishloqdan uch kilometr narida edi. Ayni paytda esa chegara chizig‘i aholi yashovchi hududgacha yetib kelgan.

“O‘zbekiston chegarasi biz turgan yerdan 3 kilometr uzoqdagi yo‘lgacha bo‘lgan. U yo‘l ham qirg‘izlarga qarashli bo‘lgan. Har yili bizning hududga hohlaganicha kirib kelishyapti. Biz chegara chizig‘ini qayta avvalgi holiga qaytarishni talab qilamiz”, - dedi Saparali Jo‘ldo‘shev.

Ma’lum bo‘lishicha, Olabuqa tumanining Qo‘shbo‘lo‘t, Qarabeles va Ko‘kserek qishloqlarida delimitatsiya qilingan chegara chizig‘i 2017 - yil 5 - sentabdagi Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma va 2017 - yil 2 - oktabrda ratifikatsiya qilingan 173-sonli qonunga muvofiq belgilangan. Bu yil o‘sha yerlarda injenerlik, shuningdek demarkatsiya ishlari boshlanishi lozim edi.

Hukumatning Jalolobod viloyatidagi vakili o‘rinbosari Mamasali Aqmatovga ko‘ra:

“Qo‘shbo‘lo‘t qishlog‘i aholisi yig‘ilib, bu yerlar bizning yaylov, qishda molimiz yuradi deb norozilik bildirdi. O‘zbekistonning Namangan viloyati gubernatori o‘rinbosari bilan bog‘lanib gaplashdim. Biz aholi bilan tushuntirish ishlarini olib boraylik, ungacha o‘sha yerlarda ish olib bormay turinglar deb aytdik. Keyingi uchrashuvda aniqlik kiritamiz deb,kelishdik. Shundan so‘ng O‘zbekiston chegaradagi ishlarni to‘xtatgan”, - dedi Aqmatov.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegara uzunligi 1378 kilometrni tashkil etadi. 2017 - yilgi kelishimga muvofiq uning 85 foizi yoki 1170 kilometri tasdiqlangan edi. Shundan so‘ng olib borilgan muzokaralar natijasida shu kungacha O‘zbekiston bilan deyarli 95 foiz chegara chizig‘i bo‘yicha o‘rta fikrga kelingani aytilmoqda. Hozir o‘rtada 9 bahsli uchastka bor.

Hukumatning chegara masalalari bo‘yicha maxsus vakili Nazirbek Bo‘rubayev delimitatsiya va demarkatsiya ishlari tamomlansagina chegaradagi mojarolarga nuqta qo‘yiladi degan fikrda:

“Biz hech qanday yerlarni sotmadik, aytilayotgan so‘zlar noto‘g‘ri. Qo‘shni davlatlar bilan delimitatsiya ishlari tugagani bilan demarkatsiya ishlari turibdi. Biz O‘zbekiston tomoni bilan ishni boshlaymiz. Shu sababli ikki tomon gaplashib, ishni jonlantirishimiz kerak. O‘shandagina hozirgiday chegara muammolariga barham beriladi”, -dedi Nazirbek Bo‘rubayev.

XS
SM
MD
LG