Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:51

Qirg‘iz parlamenti: O‘zbek liderlari aybdor deb topilsin


16 iyun kuni Qirg‘iziston parlamentining iyun voqealarini tekshirgan deputatlik komissiyasi ishi haqidagi qarori yoyinlandi.

A4 formatidagi 7 qog‘ozga jo bo‘lgan parlament qarorida dastlab “2010 yilning iyun oyida sodir bo‘lgan millatlararo to‘qnashuv chog‘ida Qirg‘iz Respublikasida genotsid, harbiy jinoyatlar, insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘lmagan”i qayd etiladi.

Bu bilan Qirg‘iziston parlamenti Iyun voqealarini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya xulosasini qabul qilmasligini yana bir bor ta‘kidlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kimmo Kilyunen boshchiligidagi mazkur xalqaro komissiya shu yil may oyida e‘lon qilgan o‘z xulosasida Qirg‘iziston janubida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilganini qayd etgandi. Bu xulosadan norozi bo‘lgan qirg‘iz deputatlari Kimmo Kilyunenni Qirg‘izistonda nomaqbul shaxs deb e‘lon qilgandilar.

Parlament qarorida aprel va iyun voqealari uchun mamlakat sobiq prezidenti Qurmonbek Bakiyev va uning yaqinlari siyosiy jihatdan javobgar ekanligi urg‘ulanadi. Shuningdek, qarorda iyun voqealari uchun Muvaqqat hukumat va bakiyevchilar hatti-harakatlariga huquqiy baho berish mamlakat Bosh prokuraturasiga yuklatiladi.

Asnoda parlament qarorida 2010 yil may-iyun oylarida O‘sh shahri, O‘sh va Jalolobod viloyatlarida sodir bo‘lgan fojiaviy voqealarning asosiy tashkilotlari va aybdorlari sifatida o‘zbek liderlari nomlari keltiriladi. Xususan, qarorda Qodirjon Botirov, Inomjon Abdurasulov, Jaloliddin Salohiddinov, Karomatxon Abdullayeva, Ozodbek Karomatov, Muhammadrasul Aboqjonov, Xaliljon Xudoyberdiyev (O‘shTV), Javlonbek Mirzaxo‘jayev (MezonTV), Ulug‘bek Abdusalomov, Azamjon Akbarov “millatchilik va ayirmachilik harakatlariga aloqador” shaxslar sifatida tilga olinadi.

Yuqorida nomlari keltirilgan shaxslarni o‘tgan yilgi qonli voqealarda “aybdor deb hisoblansin” deya qaror chiqarayotgan qonun chiqaruvchi organ bo‘lmish parlament bu o‘rinda sud hokimiyati organlari vakolatlarini o‘zlashtirib olganday ko‘rinadi. Vaholanki, parlament qarorida qayd etilgan kishilar hali sud tomonidan aybdor deb topilmagan va ular ishi bo‘yicha sud noma‘lum muddatga qoldirilgan. Boz ustiga, iyun qirg‘ini bo‘yicha avvalroq o‘z xulosalarini e‘lon qilgan Qirg‘iziston milliy komissiyasi ham, Xalqaro komissiya ham parlament komissiyasidan farqli o‘laroq o‘zbek liderlari separatizmga chaqirgani yuzasidan faktlar tasdiqlanmaganini e‘lon qilgandilar.

Parlament qarorida Bosh prokuraturaga o‘tgan yilning aprel, may va iyun voqealari bo‘yicha Bakiyev hukumatida ishlagan sobiq rahbarlar, shuningdek, mamlakat janubidagi qator viloyat, tuman va shahar rahbarlari faoliyatiga huquqiy baho berish vazifasi yuklatiladi. Biroq bunda O‘sh shahri meri Melis Mirzaqmatov va O‘sh viloyati gubernatori So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovning ijobiy yo‘nalishdagi hatti-harakatlari e‘tiborga olinishi lozimligi ta‘kidlanadi.

Parlament xulosasida Qirg‘iziston madaniyat va axborot vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuraturasiga mamlakat janubida axborot maydoniga alohida e‘tibor qaratish hamda “Farg‘ona.ru” saytini respublika hududida “blokirovka qilish bo‘yicha choralar ko‘rish” topshiriladi.

Mazkur qaror 120 o‘rinli Qirg‘iziston parlamentida 95 deputat tomonidan yoqlaganlar. Qarorni bajarish uchun esa 3 oy muddat berilgan.
XS
SM
MD
LG