Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:15

Qishki Olimpiada: Inson huquqlari va koronavirus Xitoydagi o‘yinlarga soya solmoqda


Inson huquqlari tashkilotlari Qishki olimpiada o‘yinlarini Xitoydan boshqa davlatda ko‘chirishga chaqirgan
Inson huquqlari tashkilotlari Qishki olimpiada o‘yinlarini Xitoydan boshqa davlatda ko‘chirishga chaqirgan

Bir yildan keyin boshlanadigan Qishki olimpiada Xitoyga epidemiyani jilovlash qobiliyatini namoyish qilish, tomosha bilan jahon hamjamiyatining ko‘zini qamashtirish hamda jahonda obro‘ orttirish imkonini taqdim qiladi. Lekin inson huquqlari muammosi hamda COVID-19 bilan bog‘liq mavhumlik o‘yinlarga soya solmoqda.

O‘yin tashkilotchilari 2022 - yilning 4 - fevralidan boshlab “toza muz va qor uzra shodiyona ko‘rishishni” va’da qilmoqda. Pekin shimoliy-g‘arbida joylashgan adirlarni qor bilan qoplash uchun sun’iy kukundan foydalanilsa kerak.

“Xitoy bu Olimpiada yangidan dunyoga ochilayotgan mamlakat haqidagi narrativni boshlab berishini kutmoqda”, deydi Oksford universitetida Xitoy tarixi va siyosatidan dars beradigan Rana Mitter.

Si Szinpin davrida Xitoy iqtisodiyoti pandemiya asoratlaridan jadal ravishda o‘zini tiklagan, mamlakat jahonda o‘z ta’sirini mustahkamlagan bo‘lsa ham, ichkarida fuqarolik jamiyati ustidan nazorat kuchaytirilib, norozilik kuch bilan bostirilmoqda.

Huquq faollari va ba’zi G‘arb siyosatchilari Xitoy hukumatining Xonkong va Shinjondagi siyosatiga ishora qilib, olimpiada o‘yinlarini Xitoydan boshqa davlatda o‘tkazishga chaqirgan.

2020 - yilda Tokioda o‘tishi kerak bo‘lgan Yozgi olimpiya o‘yinlarini ortga surgan COVID-19 pandemiyasi keyingi fevralgacha global darajada nazoratga olinishi dargumon, deydi sog‘liqni saqlash sohasidagi mutaxassislar.

Lekin Xitoyning o‘zida yangi kasallanishlar soni kam bo‘lib, hukumat ularni o‘z chegarasida ushlab turishga muvaffaq bo‘lyapti.

Xitoy chegaralari hozircha aksar xorijliklar uchun yopiq, Pekin kelayotgan sportchi va delegatsiyalar bilan qanday ishlashi hamon noaniq.

Pekin-2022 Tashkiliy qo‘mitasi izoh berish so‘roviga hali javob bermadi.

Pekinda joylashgan Xitoy va globalizatsiyani o‘rganish markazining raisi Van Xuiyao ta’kidlashicha, virus ustidan nazoratni namoyish etgan xolda jahonga tomosha qo‘yib berish boshqa davlatlarga mafkuraviy farqliliklardan oshib o‘tish hamda Xitoy obro‘sining o‘sishiga yordam beradi.

“Mushuk toki sichqon tutar ekan, uning qora yoki oq rangda ekanligi unchalik farq qilmasligini odamlar ko‘radi”, deb Xitoyni iqtisodiy buyuk davlatga aylantirgan Den Syaopindan iqtibos keltiradi Vang.

Pekin o‘tkazgan ilk olimpiadasi, 2008 - yildagi Yozgi o‘yinlar, Xitoy tomoshani misli ko‘rilmagan darajada qo‘ya bilish qobiliyatini namoyon qilgan. O‘tgan olimpiada uchun qurilgan ba’zi inshootlardan, jumladan “Qush uyasi” stadionidan bu gal ham foydalaniladi.

Qolgan inshootlar Pekinga tez yurar poezd bilan bog‘langan Xebey provinsiyasining Chjantszyakou shahrida yangidan qurilgan.

Olimpiada inshootlarini Xitoy rahbari Si Szinpin yanvar oyida ko‘zdan kechirgandan oz o‘tib, mutasaddilar “partiya va xalqimizning buyuk ishonchi va umidlarini oqlashga” va’da bergan.

Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab oktabrda Xitoyning uyg‘urlar hamda boshqa etnik ozchiliklarga nisbatan siyosati deb Britaniya olimpiadani boykot qilishi mumkinligini bildirgan.

Jahondagi 180dan ortiq huquq himoyasi tashkilotlari barcha mamlakatlarni 2022 - yilgi qishki olimpiadani boykot qilishga chaqirgan. Chorshanba kuni e’lon qilingan ochiq xatda ular mamlakatlarni olimpiadada qatnashish orqali “dunyodagi eng ashaddiy inson huquqlarini poymol etuvchilaridan biri” bo‘lmish Xitoyni “targ‘ib etishdan” voz kechishga chaqirgan.

Pekin Shinjondagi tazyiq va majburiy mehnatni inkor etadi, Xonkongdagi siyosatini esa xavfsizlik vaji bilan oqlaydi.

Human Rights Watch (HRW) Xalqaro Olimpiya qo‘mitasidan (XOQ) qo‘mita inson huquqlari borasidagi xavotirlarni qanday aritmoqchi ekanligini fevralgacha tushuntirib berishni so‘ragan.

HRW Xitoy bo‘linmasining rahbari Sofi Richardsonning aytishicha, XOQdan hali rasmiy javob olinmagan. O‘yinlar borasidagi xavotirlaridan biri, sportchilar orasida siyosiy faollikka Xitoy qanday munosabatda bo‘lishidir, deydi u.

“Masalan, sportchilar WeChat ilovasidan foydalanib, Xitoy hukumatini tanqid qilgan taqdirda, nima bo‘ladi?”, deydi Richardson Xitoyda keng tarqalgani uchun senzura qilinadigan ilovani nazarda tutib.

XOQ Reyter agentligiga aytishicha, tashkilot inson huquqlari masalasini Xitoy hukumati bilan bo‘lgan muzokaralar chog‘ida ko‘targan. XOQ hujjatida aytilishicha, Pekin inson huquqlari, OAV erkinligi va internet cheklovlari borasida “kafolatlar” bergan.

Xitoyning rasmiy Sinxua axborot agentligi bilan suhbatda XOQ prezidenti Tomas Bax Pekinning Qishki o‘yinlarga hozirliklarini “deyarli mo‘jiza” deb atagan.

XS
SM
MD
LG