Bundan o‘n yil avval Qozog‘iston va O‘zbekistonning qo‘shni Qirg‘iziston bilan birgalikda ulkan to‘g‘on qurish loyihasi bo‘yicha kelishib olishini tasavvur qilish qiyin edi.
O‘tgan hafta bu uch mamlakat Norin daryosida GES bilan to‘g‘on qurish bo‘yicha yo‘l xaritasini imzoladi. Bu holat energiya va suv taqchilligi Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtira olishini ko‘rsatadi.
3 milliard dollarga baholanayotgan loyiha doirasida qurilish ishlari 2024-yilda boshlanishi ko‘zda tutilgan. Ammo uch qo‘shni mamlakat to‘rt yilda yakunlashni rejalashtirayotgan loyiha qanday moliyalashtirilishi haqida jiddiy savollar bor. Boshida loyihaga Rossiya bosh-qosh bo‘lishi ko‘zda tutilgan edi.
Quvvati 1 900 megavattga yaqin bo‘ladigan Qambarota-1 GES Jalolobod viloyatida quriladi.
Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda istiqomat qiluvchi iqtisodchi ekspert Azamat Akeneyev loyihani «siyosiy» deya baholadi.
«Shunday ekan, qo‘shni davlatlar ishtirok etayotgani u chindan amalga oshishiga umid uyg‘otadi», — dedi u.
Norin daryosida ulkan GES qurish g‘oyasi sovet davriga borib taqaladi. 2008-yilda Bishkek loyihani jonlantirish uchun aynan Moskvaga murojaat qilgandi.
Ammo ishlar rejadagidek ketmadi.
Rossiya tomonidan loyiha uchun ajratilgan 300 million dollarlik imtiyozli kreditning bir qismi g‘oyib bo‘ldi. O‘shanda Rossiya matbuoti bu holatda Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi prezidenti Qurmanbek Bakiyevning o‘g‘li Maksim Bakiyevni ayblagandi.
2010-yilda Bakiyevlar oilasi hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng, Qirg‘iziston va Rossiya o‘rtasida Norin daryosida to‘g‘on hamda yana bir qancha kichik gidroenergetika inshootlarini qurish bo‘yicha yangi kelishuv imzolandi.
Ammo 2016-yilga kelib Qirg‘iziston Rossiya hukumatiga aloqador ikki kompaniya bilan shartnomalarni bekor qildi. «Inter RAO» Qambarota-1 loyihasini amalga oshirishi, «Rusgidro» esa kichikroq GESlar qurishi ko‘zda tutilgan edi.
O‘sha paytdagi davlat rahbari Almazbek Atambayev loyiha to‘xtab qolishiga «obyektiv sabablar» borligini aytgandi. Bundan bir yil oldin Rossiya Qrimni anneksiya qilgani uchun sanksiyalarga yo‘liqqan, global miqyosda neft narxlari tushib ketgan edi.
«Bu uzoq vaqt davom etadi... Qirg‘iziston mazkur kelishuvlardan chiqib, yangi investorlar topishi kerak», — degandi o‘shanda Atambayev.
Ba’zi ekspertlar Rossiya loyihani yakunlashga boshidan to‘liq qiziqmaganini taxmin qilishadi.
Ularning fikricha, Moskvaning asosiy maqsadi Kreml bilan munosabatlari sovuqlashgan va daryoning yuqori oqimida mega-to‘g‘onlar qurilishiga keskin qarshilik ko‘rsatgan O‘zbekistonga ta’sir ko‘rsatishga urinishdan iborat bo‘lgan. O‘zbekiston to‘g‘onlar qurilishi mamlakat qishloq xo‘jaligi sektoriga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytib, loyihaga qarshi chiqib kelayotgan edi.
O‘sha yili O‘zbekistonning qattiqqo‘l birinchi prezidenti Islom Karimov vafot etdi. Karimov o‘limi ortidan Toshkentning qo‘shnilari bilan munosabatlarida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi katta akademigi Ravshan Nazarov ta’kidlaganidek, endilikda Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan suv-energetika sohasida hamkorlikni yaxshilash Toshkentning milliy rivojlanish strategiyasida muhim o‘rin tutadi.
Nazarov Ozodlik bilan suhbatda Toshkent Norin daryosida suv hajmi o‘zgarishidan hanuz xavotirda bo‘lsa-da, bugungi kunga kelib to‘g‘on loyihasini tahdid sifatida emas, barqarorlik manbai sifatida ko‘rayotganini aytdi. Bundan tashqari, O‘zbekistonning energiyaga bo‘lgan ehtiyoji tobora ortib bormoqda.
Qirg‘izistonlik energetika bo‘yicha ekspert Rasul Umbetaliyev Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga shu hafta bergan intervyusida:
«Agar Qozog‘iston va O‘zbekiston [tuziladigan kompaniyaning] 66 foiziga egalik qiladigan bo‘lsa, bu ikki davlat bizning suv resurslarimizni boshqaradi. Bu milliy manfaatlarga zid», — deya nolidi.
Bu yil Qambarota-1 Markaziy ishlab chiqarishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha energiyaga ehtiyoj katta ekanligi oshkor bo‘ldi.
Loyihaga qo‘l urayotgan uch mamlakat Sovet Ittifoqidan qolgan yagona energiya tarmog‘i orqali bog‘langan. 2022-yilning boshida elektr tarmog‘idagi muammo tufayli bir vaqtning o‘zida uchala mamlakatda ham uzilishlar sodir bo‘ldi.
Bu yilgi qishki mavsumda esa havo keskin sovishi ortidan mintaqada yirik muammolar yuzaga keldi. O‘zbekistondagi uylar zulmatga cho‘mildi, sovuq va elektr quvvati yetishmayotgan zavodlar xodimlarni ishdan bo‘shatishga majbur bo‘ldi.
Hozir Qambarota-1 loyihasi oldida turgan yana bir yirik muammo ushbu mamlakatlarning barchasiga taalluqlidir. Mintaqada kommunistik davrdan beri elektr energiyasi subsidiyalanib keladi. Shuning uchun mazkur sohaga sarmoya kiritish daromad olib kelmaydi. Hozirgi kunda narxlarni oshirish siyosiy beqarorlikni keltirib chiqarishi mumkin. Bu holat katta muammo bo‘lishi mumkin, chunki boshida ishlab chiqariladigan energiya uchun ushbu uch mamlakat asosiy bozor bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, kelajakda Janubiy Osiyo mamlakatlariga energiya eksport qilish rejalashtirilmoqda.
«Iqtisodiy nuqtai nazardan, hech narsa o‘zgarmagan», — dedi iqtisodchi ekspert Akeneyev.
Qirg‘iziston Qambarota-1 joylashgan viloyatda ko‘priklar va tunnellar qurish uchun 1,5 milliard so‘m (17,5 dollar) ajratdi. Mamlakat bu bilan GES qurish niyati jiddiy ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi.
Mazkur infratuzilma loyihalari yoz oylaridan yo‘lga qo‘yildi.
Noyabr oyida Qirg‘iziston energetika vaziri o‘rinbosari Sabirbek Sultanbekov EDF frantsuz davlat energetika kompaniyasi loyihaga qiziqish bildirganini da’vo qildi, biroq to‘liq ma’lumot bermadi.
Oktabr oyida Bishkekda bo‘lib o‘tgan iqtisodiy forumda Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Adilbek Qasimaliyev Jahon bankini «Qambarota-1» loyihasini qo‘llashga chorlagandi.
«Qirg‘iziston Jahon bankini ushbu loyihalarda ishtirok etishga rasman taklif qiladi», — degan edi o‘shanda Qasimaliyev.
Ozodlik radiosi Jahon bankiga izoh so‘rab qilgan murojaatiga javob olmadi. Bank 2020- yil hozirlagan hisobotda Qirg‘izistonning energetika sektoriga xususiy sarmoya kiritilishiga to‘sqinlik qilayotgan omillar orasida «elektr energiyasining doimiy ravishda past narxda sotilishi» hamda tarif siyosatidagi o‘zgarishlardagi «chekinishlar» qayd etilgan edi.
Economist.kz sayti asoschisi, olmaotalik iqtisodchi Qasimxan Qapparovning so‘zlariga ko‘ra, sarmoya jalb qilish urinishlari samarasi GESni yashil energiya loyihasi sifatida taqdim etishga bog‘liq bo‘lishini aytdi.
«Bu, ehtimol, ushbu uch davlat tashqi hamkorisiz yirik integratsiya loyihasi bo‘yicha tashabbus ko‘rsatgan birinchi holat», — dedi Qapparov.
«Ehtimol, Qozog‘iston va O‘zbekiston niyati jiddiyligini ko‘rsatish uchun 20 milliondan 30 million dollargacha urug‘ sarmoyalarini kiritadi. Buning ortidan xalqaro tashkilotlardan yirikroq sarmoya jalb qilishlariga to‘g‘ri keladi», — deya qo‘shimcha qildi u.