Линклар

Шошилинч хабар
28 май 2022, Тошкент вақти: 19:42

Qo‘shnilar uchun yomon yangilik. Qozog‘iston bug‘doy va un eksportini to‘xtatib qo‘ydi


Qozog‘istonning janubdagi qo‘shnilari import qiladigan bug‘doyning 90 foizi Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi. Shu sababdan Nur-Sultonning bug‘doy eksportini to‘xtatish qarori qo‘shnilari uchun yomon yangilikdir.

Dunyoning eng yirik bug‘doy yetishtiruvchi davlatlardan biri bo‘lgan Qozog‘iston bir vaqtning o‘zida mamlakat ichida foydalanish hamda boshqa mamlakatlarga sotish uchun Rossiyadan nisbatan arzon bug‘doy import qiladi.

Ammo dunyodagi eng yirik bug‘doy eksportchisi hisoblanuvchi Rossiya joriy yilning mart oyida Moskva boshchiligidagi Evrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeII) a’zo davlatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus va Armanistonga don eksportini vaqtincha taqiqladi.

Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi 15-apreldan boshlab uch oy davomida bug‘doy va un eksportini mos ravishda 1 million tonna va 300 ming tonnaga cheklanishini ma’lum qildi. Cheklovlar yozda uzaytiriladimi yoki yo‘qmi, noma’lum.

Ukrainaga bosqin ortidan G‘arb davlatlari joriy qilgan keskin sanksiyalari fonida Rossiya hukumati «ichki oziq-ovqat bozorini tashqi cheklovlar sharoitida himoya qilish» maqsadida bug‘doy, javdar, arpa va makkajo‘xori eksportini 30 iyunga qadar to‘xtatib qo‘ydi.

Moskvaning bu qarori Rossiya bug‘doyining YeIIdagi eng yirik xaridori Qozog‘istonni nisbatan arzon qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilish imkoniyatidan mahrum qildi.

Rossiya don eksportini cheklaganidan ikki-uch hafta o‘tgach, Qozog‘istonning un ishlab chiqaruvchi shirkatlari zaxiralar tugab, ish to‘xtab qolayotgani haqida bong ura boshladi. Qozog‘istondagi donni qayta ishlovchilar ittifoqi hukumatni eksportni to‘xtatishga chaqirdi.

Natijada Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi Moskva taqiqi tufayli Qozog‘istonda yuzaga kelgan don «taqchilligini» bartaraf etish uchun don eksportni chekladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Aidarbek Saparovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya taqiqi «qozog‘istonlik tegirmonchilarni zudlik bilan mahalliy yetishtiruvchilardan g‘alla sotib olishga o‘tishga majbur qildi». Qozog‘istondagi yetishtiruvchilar o‘z hosilini Rossiyadan qimmatroq narxda sotadi.

Yirik bug‘doy va makkajo‘xori yetishtiruvchisi hisoblanuvchi Ukrainadagi urush tufayli jahon miqyosida bug‘doy va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari narxlari ko‘tarilmoqda.

Kambag‘al qo‘shnilar

Tojikiston har yili Qozog‘istondan qariyb 1 million tonna bug‘doy sotib oladi. Bu esa Dushanbe g‘alla importining 94 foizini tashkil qiladi.

Qozog‘istonning bug‘doy va un eksportini cheklash qarori Tojikiston qanday ta’sir ko‘rsatayotgani hozircha noma’lum. Ammo Qozog‘iston cheklovni iyundan keyin uzaytirsa, Markaziy Osiyodagi eng qashshoq mamlakat hisoblanuvchi Tojikistonda keskin oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelishi mumkin.

Non Tojikistonda eng muhim oziq-ovqat mahsuloti bo‘lib, mamlakatda ayrim oilalar «nonushta uchun non, choy va shakar» iste’mol qiladi.

Tojikiston hukumati oziq-ovqat mahsulotlari narxi asossiz ko‘tarilishi oldini olish va eng zaif oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus reja ishlab chiqilganini ma’lum qildi, ammo reja tafsilotlari oshkor etilgani yo‘q.

1-aprel kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon xalqni oziq-ovqat g‘amlab qo‘yishga chaqirdi. Rahmon Ukrainadagi urushni tilga olmadi, biroq «insoniyatni, ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligi nuqtai nazaridan juda mushkul yil kutmoqda», dedi.

Rahmon tojikistonliklarni yaxshi hosil olish va «ikki yillik hosilni» jamlash uchun astoydil harakat qilishga chorladi. Rahmon o‘tmishdagi inqirozlar, jumladan, koronavirus pandemiyasi davrida ham shunday chaqiriq qilgan.

Ayrim tojikistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda hukumatni ish o‘rinlari yarata olmayotganlikda, munosib maosh bilan ta’minlanmaganlikda va «doim xalqni o‘z holiga tashlab qo‘yayotganlikda» ayblab, g‘azab qilishdi.

«Oyiga 800 somoni [taxminan 64 dollar] maosh bilan men oilamni bir oy boqa olmayman. Qanday qilib ikki yil uchun oziq-ovqat jamlab qo‘yishim kerak?», deb yozdi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

«Hozirgina 325 somoniga 50 kilogrammlik bir qop un sotib oldim. Bu men erim bilan birgalikdagi topadigan oylik daromadimizning chorak qismiga to‘g‘ri keladi», deb yozdi Xo‘jand shahrida yashovchi Rahima.

Uning besh kishidan iborat oilasi uyda non yopish uchun «oyiga ikki qop un» ishlatadi, «chunki tayyor non sotib olishga hamma ham qodir emas».

«Kichik hovlimizni hisobga olmaganda, yerimiz yo‘q. Aslida Tojikistonda ko‘pchilikning ekin yetishtirib, o‘zini-o‘zi ta’minlash uchun yeri yo‘q», deb yozdi Rahima.

34 milliondan ko‘p aholiga ega qo‘shni O‘zbekiston Qozog‘iston donining eng yirik xaridori hisoblanadi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston bug‘doyga bo‘lgan ichki ehtiyojining qariyb 35 foizini import qiladi. Import qilinadigan bug‘doyning asosiy qismi Qozog‘istondan keladi.

Qozog‘istonning bug‘doy va un eksportni cheklashi qarori O‘zbekistonning ichki oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun xorijdan, asosan Qozog‘istondan 600 ming tonna don sotib olish rejasiga e’lon qilingan paytga to‘g‘ri keldi.

4-aprel kuni Toshkent aprel va iyul oylari orasida Qozog‘istondan 100 ming tonna bug‘doy sotib olish rejalashtirilganini ma’lum qilgan edi.

O‘zbekistonda bug‘doy etishtirish ko‘lami 30-iyun kuni o‘z yakuniga yetadigan 2021 – 22- yilgi bozor mavsumida qisqarishi kutilmoqda: o‘tgan yilda 6,2 million tonnani tashkil qilgan hosil u yil 5,5 million tonna atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Turkmaniston 2020-yilda 15,1 million dollarga bug‘doy import qilgan. Bu summaning 12 millioniga qozoq bug‘doyi xarid qilingan.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jo‘mart Toqayev Ashxobodga 2021-yil oktabr oyida qilgan tashrifi chog‘ida «o‘zaro manfaatli shartlar asosida» Turkmanistonga «qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, birinchi navbatda, bug‘doy va un yetkazib berish ko‘lamini ko‘paytirishni» va’da qilgan edi.

Bu esa Ashxobodga so‘nggi yillarda Turkmanistonni qiynab kelayotgan surunkali oziq-ovqat, ayniqsa un taqchilligini bartaraf etishga yordam berishi kutilgan edi. Ammo hozirgi ta’minot tanqisligi fonida Qozog‘iston o‘z va’dasidan chiqa oladimi yoki yo‘qmi, noma’lum bo‘lib qolmoqda.

YeOII a’zosi Qirg‘iziston import qiladigan bug‘doyning qariyb 40 foizi Qozog‘istondan keladi. Bishkekning asosiy don yetkazib beruvchisi Rossiyadir.

Qirg‘iziston Don ishlab chiqaruvchilar uyushmasi rahbari Rustam Junushev Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati bilan suhbatda:

«Biz Qozog‘istondan g‘alla sotib olishni kamaytirdik, chunki u [Rossiya bug‘doyidan] 30 foizga qimmat», - dedi.

Moskva YeOII davlatlariga don eksportini taqiqlaganiga qaramay, Qirg‘iziston yaqin kunlarda Rossiyadan 450 ming tonna bug‘doy xarid qilishga umid qilmoqda.

XS
SM
MD
LG