Линклар

Шошилинч хабар
24 июл 2024, Тошкент вақти: 17:04

Qodirovlar oilasi Chechenistonda FSB va jinoiy to‘da yordamida hokimiyatga kelgan – surishtiruv


Ahmad Qodirov va o‘g‘li Ramzan Sentaroydagi uyida. Checheniston, 30-yanvar, 2004
Ahmad Qodirov va o‘g‘li Ramzan Sentaroydagi uyida. Checheniston, 30-yanvar, 2004

Qodirovlar oilasi 1999-yilda FSB rahbarining muovini German Ugryumov hamda Lazaniya jinoiy guruhi yetakchisi Movladi Atlangeriyev bilan maslahatlashuvlardan so‘ng Chechenistonda hokimiyatga kelgan, deyiladi “Proyekt” nashri surishtiruvida.

Jurnalistlar aniqlashicha, Rossiya maxsus xizmatlari Chechenistonning bo‘lg‘usi rahbari lavozimiga nomzod qidirishga eng kamida 1999-yil yozda kirishgan, bu paytda Dog‘iston va Chechenistonda harbiy harakatlar hali boshlanmagan edi.

Aslan Masxadov o‘rniga respublikani idora qilishi mumkin bo‘lganlar orasida Chechenistonning bosh muftiysi, Ramzan Qodirovning otasi Ahmat Qodirov ham bor edi. Pirovardida faqat u Rossiya maxsus xizmatlarining shartlariga rozi bo‘ldi, deya ta’kidlashmoqda “Proyekt” jurnalistlari.

Россия-Ўзбекистон: Мирзиёев Путинга қучоқ очди, Рамзан куёвлар зиёфатида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:44 0:00

FSB raisining o‘rinbosari German Ugryumov bilan muzokaraga Qodirovni shafqatsiz jinoyatlari bilan mashhur chechenlar to‘dasi – Lazaniya jinoiy guruhi lideri Movladi Atlangeriyev boshlab borgan. Surishtiruvda aytilishicha, ushbu to‘daning FSB bilan aloqalari bo‘lgan va aynan shu sababli Checheniston yangi rahbari lavozimiga nomzod topish Atlangeriyevga ham buyurilgan.

“Ularning [Qodirov va Ugryumovning] birinchi uchrashuvi Atlangeriyevning Maxachqal’adagi kvartirasida bo‘lgan, so‘ngra Qodirovni Moskvaga olib ketganlar, poytaxtda u Atlangeriyevning Tver ko‘chasidagi uyida yashagan. Putin bilan ilk muzokaralarga uni o‘sha yerdan olib borganlar”, deb yozadi “Proyekt”.

Jurnalistlarga ko‘ra, Chechenistonga rahbar bo‘lish taklifiga rozi bo‘lishi uchun Kreml Ahmat Qodirovga kattagina mukofot va’da qilgan, ya’ni: yirik shaharda (Novorossiyskda) bemalol reket bilan shug‘ullanish “vakolati”, besh million dollar naqd pul va Sochida dang‘illama uy.

Ahmat Qodirovga Chechenistonga rahbar bo‘lganidan so‘ng, FSB bilan o‘sha muzokarada qatnashganlarning aksari o‘lgan.

“Atlangeriyev 2008-yilda Ramzan Qodirovning odamlari tomonidan o‘g‘irlab ketilib, Chechenistonda o‘ldirilgani taxmin qilinadi. 1999-yilda Kreml bilan maslahatlashuvda ishtirok etgan biznesmen va taniqli chechenlardan biri Ziyo Bajayev tez orada aviahalokatda o‘ladi. Sobiq dala qo‘mondonlari, aka-uka Ruslan va Sulim Yamadayevlarni ham Ramzan Qodirovning odamlari o‘ldirdi. Nihoyat, Putin hokimiyatga kelgach ko‘p o‘tmay German Ugryumov sirli tarzda vafot etdi”, deb yozadi jurnalistlar.

2000-yil iyunda Vladimir Putin Ahmat Qodirovni Chechen Respublikasi ma’muriyati boshlig‘i etib tayinlaydi, 2003-yilda esa u prezident bo‘lib saylanadi. Ammo bir yil o‘tib katta Qodirov Grozniydagi “Dinamo” stadionida sodir bo‘lgan terakt chog‘ida halok bo‘ladi.

“Proyekt” surishtiruvida Ahmat Qodirov suiqasdi uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligi urg‘ulangan. Jurnalistlar qo‘lga kiritgan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya hukumati Checheniston nefti savdosidan keladigan pullarni Grozniyga berishdan bosh tortganidan so‘ng Ahmat Qodirov bilan Kreml orasiga sovuqchilik tushgan. “Proyekt” manbasi katta Qodirov so‘nggi safarlaridan birida Moskvadan ta’bi tirriq bo‘lib qaytgani va a’yonlariga “u yerga qaytib qadamimni bosmayman” degani haqida so‘zlab bergan. Bu paytda esa Ramzan Qodirov bilan Moskva o‘rtasida aloqalar ancha izga tushib qolgan edi.

Путиннинг ваҳшат қуроли - қодировчилар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:18 0:00

Jurnalistlar Ahmat Qodirov o‘limiga sabab bo‘lgan terakt puxta tayyorlanganini ta’kidlaydilar. Tashkilotchilar va ijrochilar Checheniston prezidenti stadionga qachon kelishini va qayerga o‘tirishini aniq bilganlar. Portlash aynan o‘sha tribunaga yo‘naltiriladi va natijada Ahmat Qodirov hamda mahalliy Davlat kengashi raisi Husayn Isayev halok bo‘ladilar.

G‘alati tomoni, o‘shanda otasining xavfsizlik xizmati boshlig‘i lavozimini egallab turgan Ramzan Qodirov o‘sha kuni stadionda uning yonida bo‘lmaydi. “Noma’lum sabablarga ko‘ra u Moskvada edi, Grozniydagi portlashdan keyinoq uni maxsus xizmatlar soqchiligida Kremlga, Putin bilan uchrashuvga olib ketishgandi”, deb yozadi jurnalistlar.

Surishtiruvda Ramzan Qodirovning ukasi Zelimxon o‘limiga ham o‘rin berilgan. Zelimxon otasidan uch hafta keyin go‘yoki “o‘tkir yurak yetishmovchiligi”dan vafot etgani aytiladi. Zelimxon Qodirovni yaxshi tanigan “Proyekt” manbasi aka-ukalar bir-biri bilan doim janjallashganini, bir kuni Zelimxon o‘z uyidan xufya eshitish moslamasi topib olganini aytgan.

Ramzan Qodirov iqtidorga kelishi ortidan uning muxoliflari birin-ketin fojiyaviy hodisalarga yo‘liqa boshlaydi. Xususan, 2003-yil sentyabrda Checheniston hukumati raisi Anatoliy Popov og‘ir zaharlanishni boshidan kechiradi, 2005-yilda esa respublika bosh vaziri Sergey Abramov jiddiy YTHga uchraydi. O‘sha yili Checheniston Xavfsizlik kengashi kotibi Rudnik Dudayev yong‘inda halok bo‘ladi. Bu o‘lim va fojialar faqat bir kishiga – Ramzan Qodirovga foydali bo‘ldi, deya xulosa qiladi surishtiruvchilar.

Ahmat Qodirov Checheniston urushi yillarida tan olinmagan Ichkeriya muftiysi bo‘lib, ayirmachilar tarafida jang qilgan, ammo keyin Rossiya tomoniga o‘tgan. 2004-yil 9-may kuni Grozniyning “Dinamo” stadionidagi teraktda halok bo‘lganidan so‘ng unga Rossiya Qahramoni unvoni berilgan. Kichik Qodirov otasidan keyin respublikada hokimiyat tepasiga kelgan va o‘sha yilning o‘zida u ham Rossiya Qahramoni bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG