Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2021, Тошкент вақти: 04:47

“Qora kitob” sirlari. Xalq pulini havoga sovurish Germaniyada ham bor


Germaniya, Frankfurt - 21 - oktabr, 2020.

Germaniya soliqqa tortish va ijtimoiy ushlanmalar bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinda: hech bir mamlakatda byudjetga bunchalik ko‘p pul tushmaydi. Ammo ma’lum bo‘lishicha, bu mablag‘larning bir qismi g‘irt bo‘lmag‘ur narsalarga sarflanar ekan.

Pandemiya davrida sustlashib qolgan nemis iqtisodiyoti avvalgi qudratiga qaytmoqda, moliyachilar 2021 - yilda soliqlardan byudjetga rekord miqdorda pul tushishini aytishyapti. O‘tgan yili GFR byudjetiga jami 740 mlrd yevro tushgan bo‘lsa, bu yil 770 mlrd kelishi kutilmoqda. Bu mablag‘ning katta qismi ijtimoiy ehtiyojlarga, maktab va yo‘llar qurilishiga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, Nemis soliq to‘lovchilari ittifoqi (Bund der Steurzahler, BdSt) ma’lumotiga ko‘ra, har yili elga sovuriladigan, o‘ylamasdan va besamar ishlarga sarflanadigan pullar ham ancha-muncha bo‘lar ekan.

Nemis soliq to‘lovchilari ittifoqi mustaqil va juda nufuzli tashkilot bo‘lib, turli vaqtlarda bir qancha siyosatchilarini byudjetga doir rejalarga o‘zgartishlar kiritishga, omma oldida kechirim so‘rashga va hatto iste’fo berishga majbur etgan. Ittifoq har yili “Qora kitob” nomli ma’lumotnoma chop ettirib, unda xalqqa tegishli pullar qayerda qanday isrof qilinganini e’lon qiladi.

Yaqinda hisob bo‘yicha 49-“Qora kitob” nashrdan chiqdi. Unda tilga olingan yuzta holat sirasida Esloe shaharchasida qurilgan yangi piyodalar ko‘prigi ham tilga olingan. Uni ham avtoulovlar, ham odamlar o‘tib-qaytgan eski ko‘prik yonidan solishgan. Maqsad – piyodalarga qulaylik yaratish bo‘lgan, albatta. Eski yo‘lkani nihoyatda tor, deb topishgan. Ammo yangi ko‘prik hisobiga yo‘lka atigi 25 santimetrga kengaygan xolos. Va bu 95 ming evroga tushgan.

Umuman, “Qora kitob”ga tushgan ko‘priklar oz emas. Masalan, Oyskirxen shahri yaqinida 40 yildan beri absurd me’morchilik yodgorligi – ishlab turgan avtoban uzra solingan avtomobil estakadasi “savlat to‘kib” turibdi. Avtobandan farqli o‘laroq estakada hech qayerga olib bormaydi. Bir paytlar ost-ust qilib yana bir avtoban qurish reja qilingandi, ammo ekologik omillarni mulohaza qilib, keyinchalik loyihadan voz kechishgan. Lekin avtoban uchun estakada qurish allaqachon boshlab yuborilgandi, to loyiha uzil-kesil bekor bo‘lgunicha uni qurib bitkazishadi ham. Va bu keraksiz qurilishga salkam 230 mln xarj qilinadi. Mana endi estakada bekor turibdi, qachondir uni buzib tashlashga to‘g‘ri keladi – tabiiyki, bunga ham yana talay chiqim qilinishi kerak.

Rejaga sodiqlik tufayli Lyubek shahrida ham bir dunyo pul behuda sarflandi. O‘tgan yili mahalliy “Lyubek” futbol klubi uchinchi ligaga chiqqan edi. Klub stadioni professional liga talablariga mos bo‘lmagani uchun shahar ma’muriyati uni qayta qurishga qaror qiladi. Olamshumul reja tuzildi: tagdan isitiladigan chim maydon, yangi tribunalar, zaxira jamoani tayyorlash markazi... Ammo jamoa bir mavsum o‘ynab, uchinchi ligadan tushib ketdi. U hozir yana to‘rtinchi, havaskorlar ligasida o‘ynamoqda. “Lyubek” qarzga botib ketgan, hademay bankrot deb e’lon qilinsa ham ajab eas. Shunga qaramay, stadion, byudetdan bir yarim million yevro sarflab qayta qurildi baribir.

Soliq to‘lovchilarning pullarini nest-nobud qiladigan faqat mahalliy ma’murlar emas. Federal idoralar ham qolishmaydi. Chunonchi, kantsler mahkamasi bu borada boshqalar yomon o‘rnak bo‘lyapti. Mahkama binosi 2001 - yilda qurilgan, foydali maydoni 25 ming kv.metrdan ziyod ushbu dabdabali imoratni nemislar kesatib “ulkan kirmoshina” deyishadi. U, masalan, Vashingtondagi Oq uydan yoki Parijdagi Elise saroyiga nisbatan katta.

Ammo endi yonidan yana bir majmua qurib, uning maydonini ikki baravarga kengaytirishmoqchi. Qurilishga 600 mln yevro xarjlash nazarda tutilgan? Bu nimaga kerak? O‘tgan 20 yilda mahkama xodimlari soni 340 kishiga yetdi, joy hammaga yetmayapti. Ammo shtatlarni qisqartirish haqida gap-so‘z yo‘q.

600 million – yakuniy summa emas. Loyihada federal kansler mahkamasiga eltuvchi alohida yo‘l solish ham ko‘zda tutilgan, lekin bunga mahalliy ma’muriyat – Berlin markaziy tumani munitsipaliteti qarshilik qilmoqda. Shunday ekan, yo‘lni yer ostidan – tunnel qilib o‘tkazishlari ham mumkin. U holda yana 40 million yevro kerak bo‘ladi.

Darvoqe, “Qora kitob”da Rossiyaning “Sputnik” vaksinasi bilan bog‘liq bir voqea ham qayd etilgan. Meklenburg-Old Pomeraniya federal eri, Yevroittifoq litsenziya bermaganiga qaramay, negadir “Sputnik” vaksinasidan million doza sotib olishga qaror qilgan ekan. Muzokara olib borish bir advokatlik firmasiga topshirilgan. Biroq ko‘p o‘tmay, tashabbus to‘xtatilgan: Germaniyada tekshirilgan va ishonchli vaksinalar shundog‘am etarli edi. Shunga qaramay, muzokarachilarga kamida 20 ming yevro pul to‘laganlar.

“Arzimagan pul, deysizmi? Holbuki bu byudjet mablag‘lari foydaliroq narsalarga sarflanishi mumkin edi”, urg‘ulashadi “Qora kitob” mualliflari.

XS
SM
MD
LG