Qozog‘istonda 6-oktyabr kuni saylov uchastkasi yopilganidan bir soat keyin markaziy komissiya davomatga oid dastlabki ma’lumotlarni ochiqladi. Mazkur ko‘rsatki 63,87 foizni tashkil qilgan. Saylov uchastkalarida 7,8 million kishiga byulleten berilgan.
Eng yuqori davomat Qizilo‘rda viloyatida qayd etilgan — u yerda ro‘yxatdagi saylovchilarning 82,45 foizi uchastkalarga kelgan. Eng past davomat esa Olmaota shahrida kuzatilgan bo‘lib, u yerda uchastkalarga ro‘yxatdagilarning 25,39 foizigina kelgan.
Ayni paytda referendumda berilgan ovozlar sanalmoqda.
Dastlabki natijalardan keyin Qozog‘istonda referendum bo‘lib o‘tgan, deb tan olingan. Referendum bo‘lib o‘tgan deb tan olinishi uchun unda kamida 50 foiz saylovchi qatnashishi lozim edi.
Qozog‘istonlik saylovchilarga yakshanba kuni faqat bitta savolga — “Siz Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishiga rozimisiz?” degan savolga “ha” yoki “yo‘q” deb javob berish taklif qilingan. AESning muhtamal quruvchisini tanlash masalasi ovoz berishga qo‘yilgan emas.
Referendumni o‘tkazish uchun 15,5 milliard tenge (joriy kurs bo‘yicha 32 million AQSH dollaridan ko‘proq) ajratilgan.
Ovoz berish kunida mustaqil kuzatuvchilar ishlarida to‘sqinliklarga duch kelishgan. Ostonada “saylov jarayoniga aralashdi” degan bahona bilan “Yerkіndіk qanati” birlashmasi vakilini uchastkadan chiqarib yuborishgan; tashkilot bu borada sudga murojaat qilmoqchi. Turkiston viloyatida “Ұlt kөshі” tashkiloti kuzatuvchisi o‘z telefoni kamerasiga saylov qutisiga to‘pdan byulleten tashlanganini qayd etishga muvaffaq bo‘lgan. Bu hududdan bo‘lgan boshqa kuzatuvchi muhtamalan kommunal korxona xodimlari ishtirokida “karusel” uyushtirilgani ehtimoli haqida ma’lum qilgan.
Qozog‘istonda referendum arafasida va ovoz berish kuni bir necha shaharda o‘nlab muxolifat faoli tutib ketilgan.
Qozog‘iston IIV ma’lumotiga ko‘ra, ovoz berish kunida jamoat tartibini buzish bilan bog‘liq hodisalar qayd etilmagan, prokuratura esa ikkita huquqbuzarlik sodir etilgani, biroq ular referendum natijalariga ta’sir etolmasligini bildirgan.