Линклар

Шошилинч хабар
10 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:40

Qozog‘iston: Referendum arafasida 30 chog‘li odam qo‘lga olindi


Qo‘lga olingan faollarni qo‘llash uchun Olmaota politsiya departamenti binosi oldida yig‘ilgan odamlar, 2024-yil 29-sentyabri
Qo‘lga olingan faollarni qo‘llash uchun Olmaota politsiya departamenti binosi oldida yig‘ilgan odamlar, 2024-yil 29-sentyabri

Qozog‘iston AES qurilishi bo‘yicha referendum arafasida qo‘lga olingan yoki ma’muriy javobgarlikka tortilgan fuqarolar soni ko‘payib bormoqda.

Ozodlikning qozoq xizmati xabariga ko‘ra, “Ar.Rux.Xaq” jamg‘armasi rahbari, huquqbon Baxitjan Toregojina qo‘lga olingan shaxslar ro‘yxatini yangiladi. Endilikda u yerda 27 kishining ism-sharifi ko‘rsatilgan, avvalroq bu ro‘yxatda 17 nafar faol bor edi.

Ayni paytda mazkur ro‘yxatga kiritilmagan qo‘lga olinganlar va ma’muriy javobgarlikka tortilganlar borligi qayd etilmoqda. Fuqarolik jamiyati faoli Abzal Dostiyarov 3-oktyabr kuni politsiya Guljaxan Bayitni tutib ketgani, pirovardida unga 42 ming tanga (87 AQSH dollari atrofida - tahr.) miqdorida jarima solingan. Politsiya vakillari faolning AES qurilishiga qarshi chaqiriqlar yozilgan plakatlarini “noqonuniy tashviqot” o‘laroq baholashgan.

Notextremists monitoring guruhi ma’lumotiga ko‘ra, fuqarolik jamiyati faoli Kanatxan Amrenovga nisbatan mamlakat Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi kodeksining 488-moddasi (“Tinch yig‘ilishlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlik”) bo‘yicha 20 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. U bir kun avval ertalab uydan ishga chiqib, ortidan kuzatuv borligini sezib, bu haqda yaqinlariga xabar qilgan va shundan so‘ng u bilan aloqa uzilib qolgan edi.

Monitoring guruhi Ostonada faol Jasulan Kopeyev ham 10 sutkaga qamalgani haqida ma’lumot tarqatgan.

Uchinchi oktyabr kuni Semey shahrida faol Dinara Mubarakning uyiga politsiya xodimi kelib, unga “tegishli masala bo‘yicha” Olmaota politsiya departamentiga kelish talabi bilan chaqiruv qog‘ozi tashlab ketgan. Uning nima sababdan boshqa shahardagi politsiya departamentiga chaqirilgani ma’lum emas.

Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha referendum shu yilning 6-oktyabrida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Byulletenda faqat “Siz Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishiga rozimisiz” degan bittagina savol bo‘ladi. Bu savolga referendumda ovoz berish uchun kelganlar “ha” yoki “yo‘q” deb javob berishlari kerak bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG