Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:07

Qozog‘iston shaharlarida odamlar gaz narxining ko‘tarilishiga qarshi namoyishga chiqdi (VIDEO)


Janao‘zendagi namoyishchilar bilan Mang‘istau viloyati hokimi Nurlan Nogayev (o‘ngda) muloqot qilmoqda. 3 -yanvar, 2022.
Janao‘zendagi namoyishchilar bilan Mang‘istau viloyati hokimi Nurlan Nogayev (o‘ngda) muloqot qilmoqda. 3 -yanvar, 2022.

Qozog‘istonning qator shaharlarida mamlakat g‘arbidagi Janao‘zen shahridagi namoyishchilar himoyasiga norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tmoqda. Ozodlik qozoq xizmatining xabar qilishicha, norozilik namoyishlari gaz narxining ko‘tarilishi ortidan boshlangan.

Janao‘zen shahri va Mang‘istau viloyatida yuzlab odamlar suyultirilgan gaz narxi oshganiga qarshi norozilik bildirayotgani manzarasida viloyat akimati va Qozog‘iston energetika vazirligi bayonot bilan chiqdi. Rasmiylar yoqilg‘i qimmatlashuvini bozordagi vaziyat va talab ortishi bilan izohlamoqda.

Xususan, vazirlik mamlakatda suyultirilgan gaz iste’moli yil sayin o‘sayotganini, ishlab chiqarish hajmi esa o‘tgan yillar darajasida qolayotganini ma’lum qilgan. 2022 - yil 1 - yanvardan Qozog‘istonda suyultirilgan gaz savdosi 100 foiz tovar birjalariga o‘tkazildi. Vazirlikka ko‘ra, “elektron tijoratga o‘tish gaz bahosini talab va taklif asosida muvozanatda tutishga imkon beradi”, bu esa yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga investitsiya jalb qilishga sharoit yaratadi.

“Bozor mexanizmlari raqobatning rivojlanishiga ijobiy ta’sir etmoqda. Elektron savdoga o‘tgunga qadar suyultirilgan neft gazi narxi ishlab chiqaruvchilarga zarar keltirardi, chunki o‘z tannarxidan past bahoda sotilardi”, qo‘shimcha qildi vazirlik.

Mang‘istau viloyati hokimligi Qozog‘iston gazni qayta ishlash zavodi – mintaqada yagona gaz ishlab chiqaruvchi zavod ekanini eslatdi. Uning quvvati (oyiga 14,4 ming tonna) viloyat ehtiyojini qondirish uchun etarli emas, shu bois 3.5 ming tonna gaz boshqa hududlardan yetkazib beriladi. Shu bilan birga, viloyat energetika va uy-joy-kommunal xo‘jalik boshqarmasi rahbari Berdibek Kartboyevga ko‘ra, 1973 - yildan beri ishlab turgan ushbu zavodda jihozlar 90 foizga eskirgan.

“Shoshilinch choralar ko‘rilmasa, kelgusida viloyat zavod to‘xtab qolishi va suyultirilgan gaz tanqislashuvi xavfi ostida qoladi. Yangi zavod qurish rejamiz bor, ammo u qisman, suyultirilgan gazni bozor bahosida sotish hisobiga moliyalashtirilishi mumkin”, uqtiradi Karboyev.

Uning aytishicha, gaz bahosi respublika bo‘yicha 1 litrga o‘rtacha 110 tangani tashkil qilsa, Mang‘istau viloyatida chakana narxlar 95 tangadan 115 tangacha.

“60 tanga miqdordagi avvalgi narx qaytmaydi, chunki gaz bahosi birjada hozirdanoq, operatsion xarajatlarsiz 70-85 tangani tashkil qilmoqda. Bundan keyin gaz narxlarini talab va taklifdan kelib chiqib bozorning o‘zi belgilaydi. Ushbu tovar raqobat muhitiga oid bo‘lgani sababli akimat uning narxini tartibga solishga aralashmaydi”, deya ma’lum qildi Kartboyev.

Gaz narxi ko‘tarilishiga hokimlikning aloqasi yo‘qligini avvalroq Janao‘zen hokimi vazifasini bajaruvchi Galim Bayjanov ham aytgan edi.

Mang‘istau viloyatida avtotransport vositalarining aksariyati suyultirilgan tabiiy gazda ishlaydi. Viloyatning Janao‘zen shahrida gaz qimmatlashishiga qarshi norozilik anchadan beri davom etmoqda. 2 - yanvar kuni viloyatdagi bir necha qishloq aholisi ham narxni 1 litrga 50-60 tangaga tushirishni talab qilib chiqishdi.

Namoyishlar boshqa shaharlarga ham yoyildi

3 - yanvar kuni Nur-Sultonda Janao‘zendagi mitingchilarni dastaklash maqsadida Kenesari haykali yoniga kelgan uch kishi qo‘lga olindi. Politsiya Ozodlik qozoq xizmati muxbiriga voqealarni suratga olishga yo‘l qo‘ymagan.

Poytaxtliklar Kenesari haykali yonida narxlar oshishiga nisbatan o‘z salbiy munosabatini bildirishdi. Politsiya dastlab ularning so‘zlariga quloq solgan, keyin voqea joyiga maxsus vazifalarni bajaruvchi xodimlarni chaqirishgan. Pirovardida mitingchilarni tutib, politsiya avtobusiga “tiqishgan”.

Ozodlik muxbiri xabar qilishicha, haykal atrofida hamon politsiyachilar ko‘p, avtozaklar va maxsus avtobuslar turibdi. Politsiyachilar Ozodlik muxbiri jurnalist guvohnomasini ko‘rsatganiga qaramay, mitingchilarning qo‘lga olinishi jarayonini tasvirga olishiga ruxsat berishmagan. Ular muxbirga o‘zlarini tanishtirishmagan va o‘z xatti-harakalarini tushuntirmaganlar.

Ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlangan videoga ko‘ra, poytaxt akimati oldida ham narx oshganiga qarshi chiqqan odamlar qo‘lga olingan. Mitingchilar yoniga politsiyachilar va fuqaro kiyimidagi shaxslar kelib, “noqonuniy yig‘in” bo‘layotganini aytishgan, keyinroq esa ularni kuch bilan avtobusga o‘tqizib, olib ketishgan.

Olmaotada Respublika maydoni va Astana maydoni to‘sib qo‘yilib, butun perimetr politsiyachilar bilan o‘rab olindi.

Olmaotadagi Respublika maydoni yonida politsiya xodimlari. 3 - yanvar 2022 - yil
Olmaotadagi Respublika maydoni yonida politsiya xodimlari. 3 - yanvar 2022 - yil

Ko‘chaning qatnov qismiga hatto jamoat transportini ham o‘tkazishmayapti. Politsiya zanjiri ichkarisida va maydon tevaragida politsiya mashinalari va avtobuslar turibdi.

Politsiyachilardan biri Ozodlik muxbiri savoliga qisqa qilib: “Miting munosabati bilan tartib kuchaytirildi”, deb javob bergan.

2 - yanvardan beri turli siyosiy guruhlarning faollari Olmaota aholisiga ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilib, odamlarni Janao‘zendagi mitingni qo‘llab-quvvatlash uchun shahar markaziy maydonida to‘planishga chaqirishmoqda.

3 - yanvar kuni ertalab Demokratik partiya tuzish bo‘yicha tashabbuskor guruh rahbari Jonbo‘lat Mamay soat 14.00 da markaziy maydonga mitingga kelishga chaqirdi. Ammo ko‘p o‘tmay Mamay “jinoyat ishi” yuzasidan javob berishi uchun shahar departamentiga chaqirilgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi.

Nur-Sulton va Olmaotadan tashqari Chimkent shahrida ham politsiya miting qilish mumkin bo‘lgan maydon va ko‘chalarni kuchaytirilgan tartibda qo‘riqlayotgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG