Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2023, Тошкент вақти: 03:40

“Qozog‘iston va O‘zbekiston uchun falokat”. Rossiya internetdan uzib qo‘yilsa nima bo‘ladi?


G‘arbning ijtimoiy tarmoqlari va mustaqil OAV ni taqiqlayotgan Rossiya umuman global internetdan voz kecha oladimi? U holda global tarmoqqa Rossiya orqali ulangan Qozog‘iston nima qiladi? Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlar-chi?

Qaysi provayderlar Rossiyani internetdan uzdi?

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng dunyoga mashhur brendlar va yirik texnologik shirkatlar Rossiya bozorida ishlashdan voz kechdi. Moskva bilan aloqalarini uzgan shirkatlar sirasida jahonda eng yirik magistral internet-provayderlar bo‘lmish Gogent hamda Lumen Tecnologies shirkatlari ham bor.

Cogent 4-mart kuni Rossiyadagi mijozlariga xat yo‘llab, mahalliy provayderlarning jihozlari o‘chirilishi va ularni 30 kun ichida olib ketish zarurligi haqida ogohlantirdi.

“Qo‘pol qilib aytganda, Gogent provayderi Rossiyadagi provayderlariga tegishli jihozlardan o‘z kabellarini sug‘urib oldi, vassalom – hozirda Gogent orqali internetga ulanish to‘xtagan”, deydi Internet Society Kazakhstan jamoat birlashmasi direktori Talgat Nurlibayev.

Tarmoqlar ishini nazorat qiluvchi Kentik shirkatining (AQSh) internet tadqiqotlari bo‘yicha direktori Dag Madoriga ko‘ra, Cogent’ning Rossiyadagi mijozlari “Rostelekom” davlat telekommunikatsiya shirkati, “Transtelekom” milliy operatori, shuningdek VEON va “MegaFon” xususiy shirkatlaridir. “Rostelekom” bilan “Transtelekom” internetni qisman Lumen orqali ham oladi. Mazkur shirkat esa Rossiyani Tarmoqdan uzib qo‘yish qarorini xavfsizlik masalalari bilan izohladi. Telekommunikatsiya sohasi ekspertlari aytishicha, Lumen Rossiyaning eng yirik ma’lumotlar ta’minotchisidir.

Lumen Rossiya bilan aloqalarini uzishi haqida bayonot berganiga qaramay, Kentik direktori Dag Madori Ozodlikning qozoq xizmatiga shirkat Rossiyadagi faoliyatini hozircha to‘xtatmaganini aytdi. Cogent esa Rossiyadagi mijozlaridan faqat “Rostelekom” hamda ayrim kichik telekommunikatsiya shirkatlariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgan xolos.

“Muammo nimadaligini bilmayman, biroq ushbu shirkatlar, aftidan, Rossiyaning yakkalab qo‘yilishidan manfaatdor emasdek. Lumen bilan Cogent Rossiya orqali tranzitni butkul to‘xtatib qo‘yganida bu nafaqat Rossiyada, balki Qozog‘iston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham internet ishlashiga ta’sir qilgan bo‘lur edi”, deydi Madori.

Rossiya interneti Qozog‘iston bilan qanday bog‘langan?

Qozog‘iston internetga – Rossiya orqali, Rossiya esa o‘z navbatida Yevropadagi trafik almashuv nuqtalari orqali ulangan.

“Qozog‘iston internet-trafigining kamida 95 foizi Rossiya orqali keladi”, deydi Internet Society Kazakhstan direktori Talgat Nurlibayev.

Qozog‘istondagi eng yirik internet-provayder – bu “Qozoqtelekom” AJ (u “Altel” va “Tele2” shirkatlarining yagona paychisi hamda “Ksell” aksiyalari nazorat to‘plami egasi hisoblanadi). Shirkat vakili Ozodlikka “Qozoqtelekom”ning internet tarmog‘iga ulanishni ta’minlash bo‘yicha “turli mamlakatlar, jumladan Rossiya Federatsiyasidagi qator xalqaro provayderlar bilan” tuzilgan shartnomalari borligini, “bunda mustaqil zaxira yo‘nalishlardan foydalanishi”ni ma’lum qildi.

AQShdagi Kentik shirkatining internet tahlillari bo‘yicha direktori Dag Madori esa Qozog‘iston interneti Rossiyaga butunlay tobeligini aytadi va “Rossiya internetidagi har qanday o‘zgarish Qozog‘istonda aloqa ta’minotiga ta’sir etadi”, deydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning eng yirik provayderi bo‘lmish “Qozoqtelekom” xalqaro o‘tkazish polosasi yoki tranzitni Rossiyaning besh shirkati – “Rostelekom”, “Transtelekom”, “MegaFon”, VEON va China Mobile (Russia) orqali oladi.

Dag Madori Kentik shirkatining tarmoqlar ishini kuzatish, telekommunikatsiyalar va tranzit bilan qanday bog‘langanini aniqlash vositalariga tayanib shunday bayonot berdi. Washington Post gazetasi avvalroq Madorini “hamma narsani ko‘ra oladigan odam” deya ta’riflagan edi.

Internet Society Kazakhstan jamoat birlashmasi direktori Talgat Nurlibayev ham Qozog‘iston provayderlari global internetga Rossiya orqali ulanganini aytadi.

Uning qayd etishicha, asosiy kontent-provayderlardan YouTube, Facebook kabilar AQSh hududida, ayrimlari esa Yevropada joylashgan. Bu kontent-provayderlarga ulanish uchun aloqa liniyalari o‘tkazish, ya’ni yer ostidan va okean tubidan optik-tolali kabel tortish kerak bo‘ladi. Liniya bo‘ylab muayyan oraliqda kabel orqali o‘tish jarayonida susayib qolgan signalni kuchaytirib beradigan jihozlar o‘rnatiladi. Mintaqalar va mamlakatlar o‘rtasidagi asosiy bog‘lanmalarni birinchi darajali (Tier-1) provayderlar o‘tkazadi.

Nurlibayevga ko‘ra, internet global infratuzilmasining yana bir muhim elementi bu trafik almashish nuqtasi (Traffic Exchange Point — IXP) bo‘lib, unda barcha yirik va mintaqaviy provayderlar kesishadi. Misol uchun, Rossiya provayderlari Yevropadagi trafik almashish nuqtasiga ulangan. Ekspert Londondagi global trafik almashish nuqtasi – LINX (London Internet Exchange) yaqinda Rossiyani internetdan uzganini eslatdi. Biroq Rossiya raqamli rivojlanish vazirligi “Megafon” va “Rostelekom”ning LINX internet-trafigidan uzilishi Rossiyada internet tezligiga ta’sir etmasligini, trafik boshqa almashish nuqtalaridan qabul qilinishini bildirdi.

“Men “Qozoqtelekom” global trafik almashish nuqtalariga ulangan deb o‘ylamayman. Binobarin, u Rossiyadagi provayderlar yoki Rossiyaning trafik almashish nuqtalari orqali ishlashi kerak. Rossiyada trafik almashish nuqtalari global ahamiyatga ega emas, ammo MDH uchun ular mintaqaviy ahamiyat kasb etadi”, deydi Nurlibayev.

Rossiya jahon internetidan ajratilgan taqdirda Markaziy Osiyo internetsiz qoladimi?

Ekspertlar fikricha, dunyoning eng yirik provayderlari Rossiyani internetdan uzib qo‘yishi ehtimoli juda kam, chunki bu shusiz ham dunyodan uzilib qolayotgan Rossiya aholisi muqobil axborotdan mahrum bo‘ladi, deganidir.

Ukrainaga bosqin boshlanganidan so‘ng Rossiya hukumati mamlakatdagi 100 dan ziyod mustaqil OAVni bloklab qo‘ydi. Yaqinda Moskvaning Tver tumani sudi Meta shirkatini ekstremistik tashkilot deb topib, unga qarashli Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlarini taqiqlab qo‘ydi. Endi bo‘lsa Rossiya o‘zini global internetdan ajratib, bir necha yil muqaddam tayyorlangan “o‘z interneti”ga o‘tishi mumkinligi haqida gapira boshladilar.

Moskvada avtonom internetga o‘tish g‘oyasi 2014-yili – Qrim anneksiyasidan so‘ng AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilgan paytlarda tug‘ilgan. O‘shanda Federatsiya kengashi a’zosi Maksim Kavjaradze Rossiyada foydalanish uchun “AQShdan mustaqil” axborot tizimini yaratishga chaqirgan va uni sovet multfilmi qahramonlari nomi bilan “Cheburashka” yoki “Timsoh Gena” deb nomlashni taklif qilgan edi. Odamlarning kulgisini qistatgan bu hazil ko‘p o‘tmay chinga aylandi – Davlat Dumasi “suveren internet” loyihasini ma’qulladi. Xalq Kavjaradzening taklifini eslab, unga “cheburnet” deb nom qo‘yib oldi.

2019-yil noyabrda Rossiyada suveren internet to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi. Qonunga muvofiq, aloqa operatorlari o‘z tarmog‘ida “ularni tahdidlardan himoya qiluvchi va trafikni filtrlay oluvchi” jihoz o‘rnatishga majbur. Mazkur jihoz Rossiyada tarqatish taqiqlangan axborotni cheklashga yordam beradi.

Qonun operatorlarning trafik almashish nuqtalari ustidan davlat nazoratini kuchaytiradi. Rossiya hukumati ma’lumotiga ko‘ra, Roskomnadzor trafikni markazlashtirilgan holda boshqarishi va provayderlar ulangan tashqi trafik almashish nuqtalaridan kelgan signallarni to‘sib qo‘yishi mumkin. Bunaqa sharoitda Rossiyadagi xorijiy saytlar hamda serverlari boshqa mamlakatlarda joylashgan Rossiya saytlari ochilmay qoladi.

Bir yil avval Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Rossiya global internetdan uzilib, suveren Runetga o‘tishga texnik jihatdan shayligini aytgan edi. Mamlakat 2019–2020-yillarda Runet ishini bir necha bor sinovdan o‘tkazgan – ma’lum qilinishicha, “tekshiruv muvaffaqiyatli kechgan”.

Shu munosabat bilan asosli savol tug‘iladi: “Rossiya o‘ziga qo‘shib Qozog‘istonni ham global internetdan uzib qo‘yishi mumkinmi?”

“Qozoqtelekom” Ozodlikning ayni savoliga javoban Rossiya avtonom internetga o‘tgan taqdirda bu Qozog‘istonda tarmoq faoliyatiga ta’sir emasligini, chunki mamlakat internetni jumladan Yevropadagi terminatsiya nuqtalaridan Rossiya hududi orqali “tranzit” bilan ham olishini bildirdi.

“Qozoqtelekom” risklarni minimallashtirish uchun chet elda nosozliklarga chidamli tarmoq arxitekturasini yaratishni rejalayotganini ma’lum qildi. Aytilishicha, muqobil yo‘nalishlarga tayanadigan mazkur chora internetga tranzit avtonom tizimlar va operatorlarsiz ulanish imkonini beradi.

10 milliondan ortiq foydalanuvchisi bor Beeline Kazakhstan operatori vakili Ozodlik bilan suhbatda Rossiyaning global internetdan foydalanishdan voz kechishi Qozog‘istonda Beeline mijozlariga ta’sir etmasligini ta’kidladi.

Beeline Kazakhstan operatori TNS-Plus bilan hamkorlikda (bular ikkisi ham VEON shirkatlar guruhiga kiradi) qo‘shni mamlakatlardagi yirik provayderlarga ulangan shoxchalangan magistral tarmoqni rivojlantirgan. Shirkat izoh berishicha, bu – ochiq kanallardan birontasi (masalan, Rossiya kanali) yetarlicha sifat darajasini ta’minlay olmagan taqdirda trafik boshqa mamlakatlar (Xitoy, Yevropa) orqali yo‘naltirilishini anglatadi.

Raqamli rivojlantirish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri muovini Asxat O‘razbek ham Rossiya avtonom internetdan foydalanishga o‘tsa, Qozog‘iston global internetga Xitoy orqali ulanishi mumkinligini tasdiqladi. Mulozim parlamentdagi chiqishidan so‘ng jurnalistlarga intervyu berarkan, Qozog‘iston internetga nafaqat Rossiya, balki Xitoy orqali ham ulanganini aytdi. O‘razbekka ko‘ra, Qozog‘iston Yevropadan qancha trafik olsa, Xitoydan ham shuncha olishi mumkin.

Biroq ekspertlar Xitoy orqali ulanish Rossiyadan keladigan trafik o‘rnini bosolmaydi, bu holatda internet tezligi sezilarli darajada pasayadi, deb hisoblashmoqda.

“Trafik Yevropadan Xitoy orqali keladigan bo‘lsa, trafik jo‘g‘rofik jihatdan haddan ortiq uzoq “yo‘l bosadi”, shu bois internet tezligi kamayishi turgan gap. Mavjud kanallardan Xitoyga boradigan trafik esa katta emas, shunday ekan, Xitoy orqali internetga ulanishni tashkil qilish va uni Rossiyaning muqobiliga aylantirishdan oldin trafik oqimini oshirish lozim”, deydi Madori.

Madori qayd etishicha, Qozog‘istonga China Telecom orqali keladigan tranzit trafik hajmi gapirishga ham arzimaydi.

“Vazir muovini yo ahvoldan bexabar, yoki yolg‘on so‘zlayapti. Uning bayonoti meni hayratda qoldirdi. Mulozimlar muammoni mutlaqo tushunishmaydi, qolaversa, Qozog‘istonda vaziyat naqadar jiddiyligini idrok etishmaydi. Birinchidan, Xitoyda faervol (G‘arb saytlari va ijtimoiy tarmoqlarini bloklovchi tizim) mavjud, u bo‘lmaganida ham global internetni Xitoy orqali olish noma’qul qaror, chunki tezlik juda susayib ketadi. Xitoy va Tinch okeani orqali Yevropa va Amerikacha masofa – hatto internet kabeli ichidan “yuradigan” elektromagnit signallar uchun ham ancha uzoq. Bunaqa internet ham qimmat, ham sust bo‘ladi”, deydi Talgat Nurlibayev.

Ekspertlar, Rossiya global internetdan uzilgan taqdirda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari Tarmoqdan tashqarida qolib ketishi mumkinligini bashorat qilishmoqda.

Chunonchi, Madoriga ko‘ra, Rossiya o‘zini global tarmoqdan ajratishi ehtimoldan uzoq, lekin agar shunga qaror qilsa, “bu butun Markaziy Osiyo uchun falokat bo‘ladi”.

Madori, Rossiyadagi asosiy internet-tranzit provayderlari ishlashdan to‘xtasa, Qozog‘iston, Rossiya bilan birga global internetdan uzilib qolishini urg‘ulaydi.

“Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston jahon internetiga Qozog‘iston orqali ulangani sabab ushbu mamlakatlar ham global internetdan kesiladi”, deya izoh beradi u.

Ekspert mazkur xatar Turkmaniston hamda Mongoliyaga ham taalluqliligini, ammo ularda bu “yengilroq” kechishini, chunki bu mamlakatlar internetni Eron va Xitoydan ham olishini aytadi.

“Bordiyu Putin Rossiyani internetdan uzish kerak, degan fikrga kelsa, u Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘ylab o‘tirmaydi – uzdiradi, vassalom. Zero, Rossiya o‘z ittifoqchilariga tupurib qo‘yganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Aslida biz ittifoqchi ham emas, satellit maqomidamiz. Satellitlarga u ikki karra tupurib qo‘ygan. Markaziy Osiyo mamlakatlari internetga Qozog‘iston orqali ulanadi. Binobarin, bu faqat Qozog‘istonning emas, butun mintaqaning muammosidir”, deydi Talgat Nurlibayev.

XS
SM
MD
LG