Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:04

Qozog‘istonda vataniga qaytarilgan “Islomiy davlat” jangarilari jamiyatga qayta integratsiya qilinyaptimi?


Qozog‘istonning shimoli-g‘arbidagi O‘ral shahrida rus tilida tahsil olayotgan 13 yoshli Asan to‘rtinchi sinfda o‘qiyotgan sinfdoshlaridan kamida uch yosh katta. Ammo Asan va uning sinfdoshlari o‘rtasidagi eng katta farq bu emas.

Asan ikki yil oldin Suriyadan vataniga qaytarilgan va qarindoshlari, o‘qituvchilari va Qozog‘iston hukumati nazorati ostida asta-sekin tinch hayotga o‘rganmoqda.

Asanning ota-onasini “Islomiy davlat” (IShID) jangari guruhi yollagan. Ularning ikkisi ham Asanning akasi Amza bilan birga Suriyada o‘lganiga ishoniladi.

Buvisi so‘zlariga ko‘ra, Asan hali ham Suriyadagi dahshatlar – o‘lim, zo‘ravonlik va havo hujumlari xotiralari bilan yashamoqda.

Ammo Asan sinfdoshlariga ota-onasi Suriyada yashagani haqida aytgani yo‘q. O‘qituvchilari uni maktabda bezorilar hujumlaridan va tahqirlanishdan himoya qilish uchun hozircha uning “o‘tmishini” sir tutishga qaror qilgan.

Asan Suriyada otasi va akasi bilan birga. Ularning ikkisi ham Suriyada havo hujumlari ortidan o‘lganiga ishoniladi.
Asan Suriyada otasi va akasi bilan birga. Ularning ikkisi ham Suriyada havo hujumlari ortidan o‘lganiga ishoniladi.

Oilaning iltimosi bilan va ularning shaxsiy hayotini himoya qilish uchun Ozodlik Asan va uning qarindoshlari ismlarini o‘zgartirdi.

Asan 2019 yilda Suriyadagi kurdlar nazorati ostidagi qochqinlar lageridan Qozog‘istonga olib kelingan. Hozir uni 60 yoshli buvisi Asel katta qilyapti.

Qozog‘iston “Jusan” nomi berilgan besh bosqichli amaliyot doirasida Suriyadan yuzlab fuqarosini vataniga qaytardi. Amaliyot joriy yil boshida o‘z yakuniga yetdi.

Qaytarilgan bolalar soni 400 dan 600 gacha ekani, ular orasida o‘nlab yetim borligi taxmin qilinmoqda. Alohida amaliyot doirasida yana 14 nafar qozog‘istonlik bola Iroqdan olib kelindi. Ularning onalari IShID a’zosi bo‘lgani uchun qamalgan.

O‘shandan beri Qozog‘iston vataniga qaytarilganlarni qayta integratsiya qilish va yangi hayotga moslashishda ularga yordam berish uchun chora-tadbirlar ko‘ra boshladi.

Jarayonga jalb qilingan mutaxassislarning ta’kidlashicha, Asanning yoshidagi bolalarni reabilitatsiya qilish ayniqsa qiyin kechmoqda, chunki ular o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan dahshatlarni eslab qolishgan.

Hukumat vataniga qaytarilganlar uchun maxsus reabilitatsiya markazlarini yaratib, ularga psixologlar, shifokorlar, o‘qituvchilarni va boshqa mutaxassislarni jalb qildi. Qaytib kelganlar ushbu markazlarda muayyan muddat yashagach, qarindoshlari yoniga qaytdilar.

Ishonch qozonish

Asan reabilitatsiya markazida qariyb bir yil vaqt o‘tkazdi. Bu markazlarga bolalarning ruhiy jarohatlarini davolash uchun psixologlar jalb qilindi.

“Bolalar ishonchini qozonish juda mushkul bo‘ldi, chunki ularning aksariyati [urush va IShID zulmiga guvoh bo‘lgani sababli] o‘zlarini juda tajovuzkor tutdilar”, dedi qaytib kelganlar bilan ishlagan psixolog Saule Mukanova.

“Boshida [katta yoshdagi] bolalar bizga tajovuzkor bo‘ldilar. Ular bizni “kofirlar” deb atab, hatto tosh otishardi”, dedi Mukanova Ozodlik bilan suhbatda.

Mukanovaning aytishicha, ba’zi bolalar boshida “ularga biror narsa yoqmasa, buni ko‘rsatish uchun” o‘zini shikastlagan.

Mukanova dastlabki ikkilanishlarga qaramay, aksariyat bolalar yangi muhitni qabul qila boshlashlari uchun bir necha kun kerak bo‘lishini aytdi.

“Dastlab bolalar to‘q ranglardan foydalanib, tank, qurol, bombalarni chizishdi. Ayrimlari tanasidan judo qilingan oyoq-qo‘llarini chizdi. Ammo keyinchalik boshqa narsalarni chizishni boshladilar, quvnoq, yorqin ranglarga o‘tdilar”, deydi psixolog.

Uning aytishicha, katta yoshdagilarga IShID mafkurasi o‘rgatilgan va ular harbiy qurollardan foydalanish, qurollarni sochib, qayta yig‘ish kabi dastlabki harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan.

Mintaqadan olingan xabarlarga ko‘ra, IShID nazoratidagi ba’zi hududlarda barcha, shu jumladan, bolalar uchun guruh amalga oshirgan kallakesarlik videolarini ko‘rish majburiy bo‘lgan.

Yodgor

Asan Suriyadan qaytib kelganida na o‘qiy olgan, na yoza olgan. Uni maktabga tayyorlash uchun reabilitatsiya markazida maxsus darslar o‘tkazilgan.

Reabilitatsiya markazlaridagi dasturlar vataniga qaytarilgan bolalarni yana o‘z qayta bolalikka qaytarishga qaratilgan: u yerda bolalar o‘ynash, suzish, rasm chizish, uy vazifalarini bajarish va televizor tomosha qilish bilan shug‘ullana boshlaydilar.

Oradan ikki yil o‘tib, Asanning buvisi aytishicha, u bir-bir vahimaga tushadi. Samolyot ovozini eshitganida stol tagiga yashirinadi. “Jiddiy” yuzli odamlarni ko‘rganda ular “o‘zini kaltaklashlari mumkinligini” aytib, sarosimaga tushadi.

Asel nevarasiga endilikda u g‘amxo‘r qo‘llarda, o‘z uyida, xavfsiz ekanini doim eslatib turish kerakligini aytdi.

“Men unga hech kimga bermasligimni aytsam, u mendan “Aniqmi?”, deb so‘raydi”

Asanning onasi Aygul Aselning yagona farzandi bo‘lgan. Aygul o‘qishini tashlab, turmushga chiqqan va ikki farzand ko‘rgan.

Internetda radikallashgani aytilayotgan Aygul va uning oilasi 2014 - yilda qarindoshlarining ogohlantirishiga qaramay, Suriyaga IShID safiga qo‘shilish uchun borgan. Asan uni urush zonasiga olib borishganida 6 yoshda bo‘lgan.

2017 - yilda Asel qizi, kuyovi va ularning to‘ng‘ich o‘g‘li havo hujumlarida o‘ldirilganidan xabar topgan.

Keyinroq “WhatsApp”da begona odamlar yuborgan xabarlar orqali nevarasi tirik ekani, qariyb ikki yildan beri oiladan oilaga, boshpanadan boshpana ko‘chib yurgani haqida bilib olgan.

Asanga qaragan oilalarning ba’zilari rus tilida, ayrimlari arab tilida so‘zlashuvchi chet elliklar edi, deb eslaydi Asel.

Asan alaloqibat qochoqlar lageriga yuborilgan va u yerda uni Qozog‘iston rasmiylari olib ketgan. U Suriyadan uyiga qaytarilgan birinchi qozog‘istonliklardan biri bo‘ldi.

Nazorat ostida

Qozog‘iston hukumatining o‘z fuqarolarini Suriya va Iroqdan vataniga qaytarish va ularni jamiyatga qo‘shish qaroriga postsovet respublikada turlicha munosabat bildirildi.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2013 - yildan keyin kamida 870 nafar qozog‘istonlik Suriyaga ketgan bo‘lib, ularning aksariyati yosh bola bo‘lgan. Ammo IShID saflariga qo‘shilish uchun ketgan qozog‘istonliklarning aniq soni hanuz ma’lum emas.

Ba’zi qozoqlar IShIDga qo‘shilganlarga ishonmaslik kerak, deb hisoblaydi. Qozog‘istonga qaytib kelganlardan biri odamlar uni “ekstremistik mafkuradan” voz kechgani yoki yo‘qligi haqida so‘roq qilishlari hamda uni “vaqt bombasi” deb atashlarini so‘zlab berdi.

Boshqalar esa qozog‘istonliklarni vataniga qaytarish dasturini qo‘llab-quvvatladi. Ular Suriyada qolib ketgan Qozog‘iston fuqarolari kelajakda mamlakat xavfsizligiga katta tahdid tug‘dirishini, ularning bolalari yangi avlod ekstremistlar bo‘lib etishishi mumkinligini aytishdi.

Ammo hamma Qozog‘iston oldida vataniga qaytarilganlarni reabilitatsiya qilishdek uzoq, murakkab va oqibati noma’lum vazifa turganini yaxshi tushunadi.

Ekstremizm masalalari bo‘yicha mutaxassis Iqboljon Mirsaitovning aytishicha, bolalarni reabilitatsiya qilish ayniqsa nozik jarayon bo‘lib, buni amalga oshirishga nafaqat ularning oilalari va o‘qituvchilari, balki ularning sinfdoshlarining ota-onalari ham ko‘maklashishi kerak.

“Bir ayol menga bolasi sobiq terrorchilar va ekstremistlarning farzandlari bilan bir sinfda o‘tirishiga qarshi ekanini aytdi. U xavotirda”, deydi Mirsaitov.

“Men ota-ona sifatida uning tashvishlarini tushunaman. Ammo izolyatsiya oxir-oqibat yana radikallashuvga olib keladi. Buning o‘rniga, bolalarni izolyatsiyadan chiqarib olish va ular o‘zlarini izolyatsiya qilishlariga yo‘l qo‘ymaslik kerak”, dedi Mirsaitov Ozodlik bilan suhbatda.

“Bu juda katta vazifa, ammo buni qilish kerak. Boshqa yo‘l yo‘q”, dedi mutaxassis.

XS
SM
MD
LG