Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2022, Тошкент вақти: 10:32

Qozog‘istonliklar nega Turkiyaga ko‘chib ketmoqda?


2021 - yilning to‘qqiz oyi davomida Qozog‘istondan boshqa mamlakatlarga 25 ming kishi doimiy yashash uchun ketgan. Aksari Rossiya, Germaniya va Polshada o‘rnashgan. Yaqin yillardan beri qozog‘istonliklarning “emigratsiya xaritasi”da Turkiya paydo bo‘ldi. Rasman ushbu “birodar mamlakat”ga atigi 75 kishi ko‘chib ketgan, ammo statistika real vaziyatni aks ettirmaydi va buning o‘z sababi bor.

“Komfort bor, allergiya yo‘q”

Olmaotalik Mirlan Telebarisov xotini va yosh bolalari bilan Turkiyaga ko‘chib kelganiga bir yildan oshdi. Hozirda u ijtimoiy tarmoqlarda Alanya kurort shahri hayoti haqida blog yuritadi va yurtdoshlarining bu o‘lkada o‘rnashishlariga ko‘maklashadi.

“Odamlar bu yerga komfort hayot uchun keladi. Mehmonxona infratuzilmasiga ega uyda yashaysiz. Hatto u “ekonom” toifasida bo‘lsa ham, hovuz, trenajyor zali va sauna kabi qulayliklar bo‘ladi. Olmaotada bunaqasini tushingizda ham ko‘rmaysiz. Ko‘plab vatandoshlarimiz bu yerga aynan komfort qidirib kelmoqda”, deydi Mirlan.

Mirlanning aytishicha, Alanyada rasman qayd etilgan uch mingdan ziyod qozog‘istonlik bor – bular yashashga ruxsatnoma (YaR) olganlar. Turkiya hukumati bu yerda ko‘chmas mulk sotib olganlarga shunaqa hujjat beradi.

Mirlan Telebasirov oilasi bilan
Mirlan Telebasirov oilasi bilan

“Biz Turkiya fuqaroligiga o‘tmoqchi emasmiz, yashashga ruxsatnomamiz bor, shu yetadi. Yaxshi yashayapmiz, yilda 300 kun quyosh bor, havo toza, mahsulotlar toza. Olmaotada bolalarim sitrus meva yeyishsa, darrov allergiya berardi. Bu yerda kilolab sitrus yeyishsa ham hech nima qilmaydi. Meva-sabzavot narxi Qozog‘istondagidan ancha arzon”, deya Turkiyadagi hayotning afzalliklarini sanaydi Mirlan Telebarisov.

Uning uch farzandi bor: to‘ng‘ich qizi turk xususiy maktabida ikkinchi sinfni tugatdi, ikkinchi qizi maktabga tayyorlov kursiga qatnayapti, o‘g‘li esa endi bog‘chaga chiqadi.

“Bu yerda qozoq diasporasi juda uyushqoq. Bu yil birga Navro‘zni nishonladik, 500 dan ziyod odam yig‘ildi. Hatto turklar qoyil qolishdi. Bir kunga Qozog‘istonga borib kelgandek bo‘ldik”, deydi Mirlan.

“Musulmon mamlakat, mentaliteti o‘xshash”

Ko‘chib ketuvchilarning aksari musulmon mamlakat va “mentalitetiga ko‘ra” yaqin bo‘lgani uchun Turkiyani tanlaganini aytadi. Yana ular “turklar qozoqlar bilan yaxshi chiqishadi”, deb qo‘shib qo‘yishadi.

Emigratsiyaning yana bir muhim sababi – tirikchilik. Elmira Murtazayeva 2014 - yilda ish izlab Qozog‘istondan Turkiyaga kelganini aytadi.

“Barcha xususiy pensiya jamg‘armalari tugatilganida ishsiz qolgan 22 ming kishidan biri men edim. O‘shanda o‘ylay-o‘ylay Turkiyaga ketishga qaror qildim. Bir-ikki yil qiynaldim, hozir ham ishlab, ham o‘qiyapman. Turk kosmetika mollarini Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Ukrainaga ulgurji sotish bilan shug‘ullanaman. Bu yerda yashash menga yoqadi. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy ijarasi – hamma narsa Qozog‘istondan arzon. Kelganimga afsuslanmayman”, deydi Elmira.

2017 - yilda Qozog‘iston fuqarolari Turkiyada 334 ta kvartira xarid qilgan bo‘lsa, 2021 - yilning to‘qqiz oyida bu raqam 1339 ta kvartirani tashkil qilgan.

Ekspertlarga ko‘ra, ko‘chmas mulk avvalo Turkiyada yashashga ruxsatnomasiga ega bo‘lish uchun sotib olinmoqda. Qolaversa, uy-joy narxlari arzonligi ham muhim omil bo‘lyapti: Turkiyada uylar bahosi bir kv.metr uchun o‘rtacha 264 dollar, ya’ni Qozog‘istondagidan qariyb 3 baravar arzon.

“Etnik ko‘chish”

Qozog‘istonliklar ko‘chib ketayotgan mamlakatlar orasida ko‘p yillardan beri Rossiya yaqqol yetakchilik qiladi. 2021 - yilda Qozog‘istondan u yerga 21 ming kishi doimiy yashashga ketgan. Ikkinchi o‘rindagi Germaniya esa 2400 kishini qabul qilgan. Emigratsiya manzillari ro‘yxatida keyingi qatorlarni Polsha, AQSh, Belarus va Isroil egallaydi.

Sotsiolog Gulmira Ileuova fikricha, qozog‘istonliklarning Rossiyaga ko‘proq intilishi mantiqiy hol.

Gulmira Ileuova
Gulmira Ileuova

“Bu nafaqat iqtisodiy, balki madaniy va til omillari bilan ham bog‘liq. Bizning siyosatimiz etnik yo‘naltirilgan siyosat bo‘lib, hammaga birdek ma’qul bo‘lmaydi. Rossiyaga ko‘chib ketayotganlar orasida farzandlarining rus tili muhitida voyaga yetishini xohlovchilar juda ko‘p. Iqtisodiy omil ham ta’sir etyapti, albatta: Rossiyada ish haqlari va pensiyalar ko‘proq. Ammo men “aqllar ko‘chishi” yuz beryapti, deb hisoblamayman. Shunchaki, etnik ma’nodagi ko‘chish kuzatilmoqda, xolos”, deydi ekspert.

“Vatanparvarlik urfdan qolgan”

Yoshlar siyosati bo‘yicha ekspert Irina Mednikova esa migratsiya bilan bog‘liq vaziyatni “inqiroz” deb ataydi.

Irina Mednikova
Irina Mednikova

“Ketayotganlar aksari 30-40 yoshlardagi sog‘lom, ma’lumotli va ambitsiyali odamlar. Ayniqsa, AQSh, Kanada va Yevroittifoqqa ko‘chib ketayotganlar yuqori malakali kadrlar bo‘lib, potensial jihatdan ular Qozog‘istonda ko‘plab ish o‘rinlarini tashkil qilib, iqtisodiyotni ko‘tarishlari mumkin edi”, deydi u.

Mednikova misol tarqasida yaqinda Fridrix Ebert fondi o‘tkazgan tadqiqot natijalarini keltiradi. Unga ko‘ra, qozog‘istonlik talabalar ko‘proq Rossiya (22.3 foiz), Yevropa (23.4), AQSh (29) va Xitoyga (3.6) ko‘chib ketmoqda.

“O‘qish uchun chet elga ketayotganlarning mutlaq aksariyati o‘sha yerda qolishni orzu qiladi. Patriotizm allaqachon urfdan qolgan, hozir moliyaviy barqarorlik hammasidan muhim”, xulosa qiladi sotsiolog.

Malakali mutaxassislarning mamlakatni tark etayotgani hukumatni unchalik bezovta qilmayotgandek tuyuladi. 2019 - yilda ijtimoiy rivojlanish vaziri Darxon Qaletayev buni “global tendensiya” deb atagan va “ketayotganlarning aksari milliy o‘zakni tashkil qilmaydigan xalqlar vakillari” ekanini aytib, “fojia yasamaslikka” chaqirgan edi.

Vazirning bu gaplari statistikaga zid emas. Chunonchi, rasmiy qaydlarga ko‘ra, 2021 - yilda Qozog‘istondan ko‘chib ketgan 25 ming fuqaroning 17 mingdan ortig‘i ruslar, 3225 nafari nemislar va 1835 nafari ukrainlar ekan. Qozoq millatiga mansub fuqarolar salmog‘i esa 1243 kishini tashkil etgan.

XS
SM
MD
LG