Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:51

Qozon gimnaziyasidagi otishmada kamida 8 kishi halok bo‘ldi (VIDEO)


 Politsiya va tez yordam otishma sahnasida - Qozon, 11 - may, 2021
Politsiya va tez yordam otishma sahnasida - Qozon, 11 - may, 2021

11 - may kuni Tatariston poytaxti Qozon shahridagi Javdat Fayzi ko‘chasida joylashgan 175-sonli gimnaziyada yuz bergan otishmada kamida 8 kishi halok bo‘ldi.

Avvalroq xabar agentliklari qurbonlar soni ko‘proq - 9 bilan 13 o‘rtasida ekani haqida xabar tarqatgandi. Tatariston prezidenti hamda respublika IIV matuot xizmatlari bergan ma’lumotga ko‘ra, halok bo‘lganlar 8 kishi. Bular 8-sinfning 7 nafar o‘quvchilari hamda o‘qituvchi ayol.

Tatariston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, aksariyati maktab o‘quvchilari bo‘lgan 20 dan ortiq odam shifoxonaga yotqizilgan. Ulardan 6 nafari shifoxonaning jonlantirish bo‘limida. Otishmadan ko‘p o‘tmay, hodisa joyiga politsiya va tez yordam xizmatlari yetib borgan, maktab binosi qurshab olingan.

Gimnaziya o‘quvchilari bino derazalari orqali evakuatsiya qilingan. Ta’lim muassasasiga Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov ham yetib borgan.

Hujumchi ekani taxmin qilinayotgan shaxs qo‘lga olingan. Qator ommaviy axborot vositalari hujumchilar ikki kishi ekani haqida yozgan, ammo ikkinchi hujumchi haqidagi ma’lumot rasman tasdiqlangani yo‘q.

Guvohlarga ko‘ra, maktab binosida otishmadan tashqari, portlash va hatto bir necha portlashlar ham sodir bo‘lgan. Baza nashri maktab binosida olingan videoni e’lon qildi, unda otishma va portlashdan keyingi holatni ko‘rish mumkin

Maktab saytidagi ma’lumotga ko‘ra, maktabda 1000 dan ortiq o‘quvchi tahsil oladi. Hujum dars vaqtida sodir bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs – 19 yashar Ilnaz Galyaviyev. Xabar qilinishicha, u ayni maktabda o‘qigan, ammo 4 yildan buyon kollejda tahsil oladi.

Maktabga hujumdan bir necha kun oldin Galyaviyev Telegramda kanal ochib, odam o‘ldirishga chaqiriqlar qilgan. Ammo u yerda aniq bir maktabga hujum haqida gapirilmagan. Hozirda kanal bloklangan.

Tarmoqda gumondorning qo‘lga olinishi aks etgan video paydo bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG