Линклар

Шошилинч хабар
28 май 2024, Тошкент вақти: 18:41

Qozoq-o‘zbek "tandemi": Markaziy Osiyo uchun yaxshi, qoraqalpoq faollari uchun yomon


Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev. Xiva shahri, 5-aprel, 2024
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev. Xiva shahri, 5-aprel, 2024

Qozog‘iston va O‘zbekiston tobora yaqinlashmoqda. Bu qadar qalin hamkorlik umumiyat-la Markaziy Osiyo uchun yaxshi, biroq Qozog‘istonda yashayotgan qoraqalpoq faollari uchun xayrli emas. Chunki Nukus voqealaridan qariyb ikki yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay, ularga qamoq va ekstraditsiya xavf solayotir.

Markaziy Osiyodagi eng ko‘p nufuzli ikki mamlakatning o‘zaro aloqalari hech qachon hozirgidan yaxshiroq bo‘lmagandir. Bu hamkorlik umumiyat-la Markaziy Osiyoga ijobiy ta’sir etajak, zero chet mamlakatlarning uzoq davom etgan dominantligi mintaqaviy integratsiya zarariga xizmat qildi.

Biroq bu yaqinlashuv Qozog‘istonda yashayotgan qoraqalpoq faollari hayotini yanada qiyinlashtirib, ahvollarini mavhum qilib qo‘ydi. Qariyb ikki yil muqaddam Shavkat Mirziyoyev hukumatining Qoraqalpog‘iston Respublikasini suveren maqomidan mahrum etish taklifi respublikada norozilik va g‘alayonlarga olib kelgan va voqealar qon to‘kilishi bilan yakun topgan edi.

So‘nggi uch oyning o‘zida Qozog‘istonda uch nafar qoraqalpoq faoli ushlandi. O‘zbekiston hukumati ularni ekstraditsiya qilishni so‘ragan.

Oldinroq boshqa besh faol Qozog‘iston qamog‘ida bir yil o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqarilgan edi. Bu – Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra ekstraditsiya so‘rovi berilgan shaxsni qamoqda ushlab turish mumkin bo‘lgan eng uzoq muddat hisoblanadi.

Қорақалпоғистон: Қонли намойишлардан бир ой ўтиб кўплаб саволлар очиқ қолмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:58 0:00

Qoraqalpoq diasporasi yetakchilari O‘zbekiston bilan Qozog‘iston xalqaro matbuot va jamoatchilikni chalg‘itish uchun, o‘zaro kelishgan holda hibsga olishning ayyorona usullariga o‘tishi mumkinligi haqida ogohlantirishgan.

Qozoqlar va qoraqalpoqlarning tili va madaniyatida ko‘plab o‘xshashliklar bor.

Asosiy mavzuga o‘tishdan oldin, ikki tomonlama hamkorlikning ijobiy jihatlariga to‘xtalamiz.

“Yangi voqelik”ka moslashayotgan “tandem”?

Ushbu jihatlar o‘zbek lideri Shavkat Mirziyoyev bilan Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning shu oy boshida Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan kamtarona, lekin yaqqol ramziy tusdagi uchrashuvida namoyish etildi. Toqayev ikki mamlakat “tandem”ini “o‘ta muhim” deb atadi.

Qozog‘iston-O‘zbekiston aloqalari hech qachon Markaziy Osiyodagi eng muammoli aloqalar bo‘lmagan. Ammo birinchi prezidentlar – Nursulton Nazarboyev va Islom Karimov o‘rtasida sovet davrida boshlangan raqobat qo‘shnilarning o‘zaro munosabatlariga soya solib turdi.

Qolaversa, Karimovning mintaqaviy integratsiyadan hadiksirashi ham ikki tomonlama munosabatlarga to‘siq bo‘lib keldi.

O‘zbekistonning ikkinchi prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘shnilar bilan aloqalarda o‘z qarashlari borligini darhol ko‘rsatdi.

Mirziyoyev 2016-yilda Karimov o‘rniga iqtidorga kelgani zahoti O‘zbekistonning Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan chegaralarini belgilab olishni tezlashtirib, aloqalarni mustahkamladi; Qirg‘iziston va Tojikiston bilan suv masalalari bo‘yicha hamkorlikda faol pozitsiyani egalladi.

Mirziyoyev ma’muriyati hatto Karimov faqat tahdid manbai deb qaragan Afg‘oniston bilan aloqalarda ham xavfsizlikka emas, iqtisodiy imkoniyatlarga urg‘u berayotir.

Toshkentning Qozog‘iston bilan munosabatlariga kelsak, hamkorlik chuqurlashuviga Rossiyaning Ukrainaga bosqini turtki bo‘ldi.

“Ikki mamlakat yangi voqelikka moslashmoqda, – deydi Ozodlikka bergan izohida o‘zbekistonlik siyosatshunos Anvar Nazirov. – Ilgari Rossiya ular uchun Yevroittifoq bilan savdo-sotiqda o‘ziga xos kommunikatsiya markazi edi, ammo endilikda sanksiyalar tufayli yangi yo‘llarni topishga majbur bo‘lishyapti, o‘z iqtisodiyotini saqlab qolish uchun bosh qotirishyapti”.

Cуверен Ўзбекистондаги суверен Қорақалпоғистон. Тарихий контекст
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:27:48 0:00

Savdo va tranzit Toqayev bilan Mirziyoyevning 5-aprel kuni Xivada bo‘lib o‘tgan muzokaralarida kun tartibidagi muhim masalalardan biri bo‘ldi.

Shu qadarki, Toqayev ofisi o‘z xabarnomasida Qozog‘iston va O‘zbekiston temiryo‘l ma’muriyatlari o‘rtasida qo‘shma korxona tuzish haqidagi bitim nomini qora harflar bilan ajratib ko‘rsatdi. Mazkur korxona Xitoy – Qozog‘iston – O‘zbekiston yo‘nalishida yuk tashuvlarini tashkil qilish, ayni chog‘da Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga eltuvchi yo‘nalishlarni rivojlantirish bilan shug‘ullanishi ko‘zda tutilgan.

Ikki davlat rahbarlari, shuningdek, dunyo liderlari biryo‘la Markaziy Osiyoning besh mamlakati prezidentlari bilan uchrashadigan S5+ formati doirasida mintaqaviy hamkorlik olib borishni muhokama qildi.

Biroq Nazirov boshqa, yanada muhim masalalar “Moskvaning jig‘iga tegmaslik uchun” rasmiy bayonotlarga kiritilmagan bo‘lishi mumkinligini aytadi.

Siyosatshunos bu yerda Xitoyni Qozog‘iston orqali Yevropa bilan bog‘lovchi istiqbolli multimodal savdo yo‘nalishi – O‘rta yo‘lakda logistika imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek iyul oyida Qozog‘istonda Markaziy Osiyoning to‘rt mamlakati hamda Ozarbayjon armiyalari ishtirokida harbiy mashqlar o‘tkazish masalalarini nazarda tutmoqda.

“Ukrainaga qarshi urushdagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng Rossiyaning xavfsizlik kafolati roli so‘roq ostida qoldi. Markaziy Osiyo liderlari urush sharoitida Rossiya bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirsalar, G‘arb sanksiyalariga yo‘liqishlarini yaxshi bilishadi”, deydi Nazirov harbiy mashqlar Rossiya va Xitoy ishtirokisiz o‘tkazilayotgani sababini tushuntirar ekan.

Qoraqalpoq faollari uchun xavfsiz mamlakat yo‘q

Ikki davlat rahbarlari Xivada Qozog‘istondagi qoraqalpoq faollari taqdirini ham muhokama qilishdimi, yo‘qmi? O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ozodlikning ushbu savolini javobsiz qoldirdi.

Qozog‘iston TIV esa Ozodlik so‘rovini Toqayev ma’muriyatiga yo‘naltirdi, biroq maqola e’lon qilindi hamki ma’muriyatdan javob yo‘q.

Biroq Konstitutsiyaga Qoraqalpog‘istonni “suveren” maqomidan va referendum orqali O‘zbekiston tarkibidan chiqish huquqidan mahrum etuvchi tuzatish kiritish tashabbusi ortidan ko‘tarilgan va 21 kishi o‘limiga olib kelgan qonli voqealardan so‘ng qoraqalpoq faollari uchun xavfsiz mamlakat qolmagani aniq bo‘ldi hisob.

Mirziyoyev tartibsizliklarni bostirishga urinib, kech bo‘lsa-da tuzatishlarni bekor qilishga buyruq berdi. Biroq, zo‘ravonlik sabablari ochiq-oydin ekaniga qaramay, buning jabrini aynan qoraqalpoqlar tortdi.

O‘tgan yili O‘zbekistonda o‘nlab oddiy kishilar uzoq muddatli qamoq jazosi olishgan bo‘lsa, namoyishchilarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan kuchishlatar xodimlardan atigi uch nafari sud qilindi.

Qatag‘onlar hanuz davom etmoqda.

16-aprel kuni Venadagi “Yevroosiyo uchun erkinlik” inson huquqlari guruhi qoraqalpoq blogeri Shingis Tairov video suratga olib, unda ko‘chalardagi peshlavhalar o‘zbek va rus tillarida ekanini, holbuki, qonunga ko‘ra, qoraqalpoq tilida yozilishi kerakligini aytgani uchun 15 sutkaga qamalganini ma’lum qildi.

Mirziyoyevning “iliqlik” siyosati ta’sirida rasmiy Toshkent 2022-yil iyulidagi g‘alayonlarga qadar bunaqa faollikka ko‘pincha toqat qilib kelgan edi. Biroq endi o‘yin qoidalari o‘zgargan ko‘rinadi.

Qozog‘istonda yashashsa-da, O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish qiyinligi sababli deyarli har doim o‘zbek pasportlarini saqlab qoluvchi qoraqalpoqlar uchun bu xayrli ishora emas.

Inson huquqlari va qonuniylikka rioya qilish bo‘yicha Qozog‘iston xalqaro byurosi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi uch oyda Qozog‘istonda kamida uch qoraqalpoq faoli hibsga olingan: fevralda Aqilbek Muratov, martda Rasul Jumaniyazov hamda aprelning boshlarida Rinat Utambetov.

Нукус воқеаларини ёритган Телеграм-канал ортида ким турибди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:02 0:00

Aksar faollar siyosiy jinoyatda – O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga nisbatan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar qilishda gumonlanib, ushlab turilibdi.

Lekin, O‘zbekistonning ekstraditsiya so‘roviga binoan Qozog‘iston qamog‘ida bir o‘tirib chiqqan besh faoldan biri bo‘lmish Qo‘shqarboy To‘ramuratov boshqa qoraqalpoqlar nosiyosiy jinoyatlar uchun hibsda tutib turilganini, O‘zbekiston ularni shovqin-suronsiz, imi-jimida Toshkentga ekstraditsiya qilish uchun Qozog‘iston bilan shunga kelishganini iddao qilib chiqdi.

To‘remuratov ushbu ma’lumotni hozircha tasdiqlay olmasligini tan olsa-da, xalqaro tashkilotlardan mazkur tendensiyani o‘rganishni iltimos qilib, so‘nggi paytlar Qozog‘iston politsiyasi hibsga olishlar bo‘yicha rasmiy ma’lumot bermay qo‘yganiga e’tibor qaratdi.

Rasul Jumaniyazov va Rinat Utambetovga kelsak, To‘remuratov Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, ularning qo‘lga olinishi “Qoraqalpog‘iston ishi”dagi bosh ayblanuvchi – konstitutsion tuzumni buzish yo‘li bilan hokimiyatni bosib olishga uringanlikda ayblanib, 16 yilga hukm qilingan yurist va jurnalist Davletmurat Tajimuratovni ozod etishga qaratilgan internet-kampaniyaga doir ishning bir qismi bo‘lishi mumkin.

To‘ramuratov aytishicha, mazkur kampaniya ortida turgan faollardan yana biri – Rahim Pirnazarov hozirda Qoraqalpog‘istonda to‘rt yillik uy qamog‘ini o‘tamoqda.

Ozodlikda, ammo xavfsiz emas

Qozog‘istonda Toshkent talabiga ko‘ra ushlangan har qanday qoraqalpoq faoli kamida bir yil qamoqda o‘tiryapti.

“Bizning hukumat birinchi galda so‘rov bergan tomon bilan siyosiy aloqalarni hisobga oladi, – deydi Inson huquqlari va qonuniylikka rioya qilish bo‘yicha Qozog‘iston xalqaro byurosi advokati Denis Jivago. – Mazkur holatda so‘rov berayotgan O‘zbekiston bo‘lib, ushbu mamlakat bilan huquq-tartibot sohasida qator bitimlar mavjud, umuman, so‘nggi paytlarda ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlik juda kengaygan”.

Human Rights Watch'ning Markaziy Osiyo bo‘yicha katta tadqiqotchisi Mira Rittman Qozog‘iston qonunchiligida ekstraditsiya so‘rovi berilgan shaxsni ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa biron sharoitda saqlash nazarda tutilmaganini aytadi.

“Ya’ni, erkak yoki ayol bo‘lsin, sudsiz 12 oygacha qamoqda o‘tirishga majbur, bu esa uning erkin harakatlanish, xavfsiz bo‘lish va adolatli sud muhokamasiga oid huquqlari buzilishini anglatadi”, deydi ekspert.

Xalqaro OAVlarga muntazam intervyular bergan taniqli arbob Aqilbek Muratov qo‘lga olinganidan so‘ng qozoq rasmiylari qoraqalpoq faollarini ushlash uchun Ostona ham, Toshkent ham a’zo bo‘lgan Minsk konvensiyasini asos qilib ola boshladilar.

Biroq, Rittman fikricha, Qozog‘istonning inson haqlariga oid xalqaro majburiyatlari ikki tomonlama yoki mintaqaviy kelishuvlardan ustun bo‘lmog‘i kerak.

Qozoq politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan qoraqalpoq faollaridan hech biri O‘zbekistonga deportatsiya qilinganicha yo‘q.

Jivago o‘z tashkiloti faollarni, toki O‘zbekistonda jinoyat ishlari hanuz ochiq ekan, Qozog‘istonda qolish ular uchun xavfli ekani haqida ogohlantirganini aytadi.

“Biz ularga boshpana so‘rab iltimosnoma berishlariga ko‘maklashdik. Ammo real hayotdagi amaliyot ularga Qozog‘istonda boshpana yoki fuqarolik berilmasligini ko‘rsatmoqda. Xavfsizlik uchun boshqa mamlakatga chiqib ketganlari ma’qul”, ta’kidlaydi Jivago.

Olmaotadagi qoraqalpoq diasporasining mashhur vakili 48 yoshli To‘ramuratov shunga muvaffaq bo‘lishi mumkin. Lekin bu oson bo‘lmaydi.

O‘tgan yili To‘remuratov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti konferensiyasida ishtirok etish uchun Polshaga borib, anjumanda O‘zbekiston davlati qoraqalpoqlarga “zulm” qilayotgani haqida so‘zlab berdi.

O‘z vaqtida, Muratovning ushbu inson haqlari konferensiyasida ishtirok etgani O‘zbekistonda unga qarshi ayblovda qo‘llangan edi.

Biroq Muratov Qozog‘istonga qaytgan bo‘lsa, To‘remuratov Avstriyaga Polshadan Avstriyaga yo‘l oldi va hukumatdan boshpana so‘radi, biroq Avstriya uni Polshaga qaytarib yubordi. Faol hozirda Polshada yashab turibdi. Erkinlikda bo‘lsa-da, har oyda ikki marta Polsha chegarani qo‘riqlash idorasiga uchrab turishi kerak – bu hol ajnabiy fuqarolar ishlari bo‘yicha boshqarma To‘remuratov ishi yuzasidan bir qarorga kelgunicha davom etadi.

XS
SM
MD
LG