Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:00

Qrim ko‘chmas mulk bozori Ukrainadagi urush tufayli quladi


Qrimdagi Saki sohili, avgust, 2022
Qrimdagi Saki sohili, avgust, 2022

Ukrainadagi 11 oylik urush sababli Qrimdagi ko‘chmas mulk narxlari tushib ketdi

2014-yilda Moskva Qrimni anneksiya qilganidan so‘ng, ko‘plab rossiyaliklar u yerdan uy-joy sotib ola boshlagan edi.

Anneksiyadan keyin 800 000 ga yaqin rossiyalik Qrimga doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tdi. Mahalliy mulk bozorining o‘sib borganini aynan shu omil bilan izohlash mumkin.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022-yil boshiga kelib ko‘chmas mulk narxlari yiliga qariyb 60 foizga qimmatlab kelgan.

O‘tgan yozda Sevastopol mahalliy hokimiyati shaharni rivojlantirishning yangi rejasi qabul qilinmaguncha, qurilish uchun ruxsatnomalar berishni to‘xtatib qo‘ydi. Natijada shaharda bir kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 2021-yil aprelida 85-95 ming rubldan (1180-1320 dollar) ikki oydan so‘ng esa 120 ming (1670 dollar) rublgacha ko‘tarildi.

Ammo fevral oyida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin ko‘chmas mulk bozori quladi.

Idem konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil iyun oyida Qrim ko‘chmas mulk bozoridagi sotuvlar o‘tgan yilgiga nisbatan 72 foizga kamaygan.

Qrimdagi uylar narxi 2022-yilda o‘rtacha 10 foizga pasaygan va Ukrainadagi urushning borishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.

Balaklava, Qrim
Balaklava, Qrim

Oktabr oyida Qrim ko‘prigining bir qismi vayron qilingani va bir oy o‘tib Ukrainaning Xerson shahri ozod etilganidan so‘ng, yarim orolda mulk savdosi deyarli to‘xtab qoldi.

Qrimdagi vaziyat tobora og‘ir va noaniq bo‘lib borayotganligi sababli, ko‘plab rossiyaliklar mahalliy ko‘chmas mulk bozorini tark etishga intilmoqda.

Riyeltorlar gildiyasi raisi Dmitriy Jidelevning aytishicha, ko‘chmas mulklar reklama qilingan narxidan hatto 50 foiz arzonga sotilmoqda.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Qrim plyajlari ham huvillab qolgan.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Qrim plyajlari ham huvillab qolgan.

“Kompleksimizdagi kvartiralarning sotuvi yil davomida, kuzgacha ancha yaxshi bo‘ldi. Ammo, oktabr oyidan boshlab talab deyarli to‘xtadi”, dedi Yalta yaqinidagi dam olish maskanining marketing bo‘yicha direktori Irina Romanova.

"Joriy yil oxirigacha uy-joy xarid qilmoqchi bo‘lgan ko‘plab mijozlar kutishga qaror qilib, rejalarini "Yangi yildan keyin"ga yoki bahorga qoldirishdi."

"Buning sababi - siyosiy muhit va u bilan bog‘liq noaniqlik, shuningdek, yarim orolga qulay logistikaning yo‘qligi", deya qo‘shimcha qildi u.

Moskva Qrim aeroportini yopib qo‘ygani savdolarni yanada sekinlashtirgan.

“Hamma ham masofadan turib ko‘chmas mulk sotib olishga tayyor emas, samolyotlar uchmayotgani sababli ko‘chmas mulkni kelib ko‘rish ko‘pchilik uchun muammoga aylangan”, - deydi mutaxassis.

Ko‘pchilik rossiyalik investorlar xavotirining yana bir sababi shundaki, agar Ukraina yarim orolni qaytarib olsa, ularning mulkka egalik huquqi xavf ostida qolishi mumkin. Kiyevning jang maydonidagi so‘nggi muvaffaqiyatlari hisobga olinsa, bu xavotirlar o‘rinli ekanini ko‘rish mumkin.

Ukraina prokuraturasining Qrim masalalari bo‘yicha rahbari Igor Ponochevniyga ko‘ra, yarim orolda 2014-yilgacha yashab, hudud bosib olingandan keyin Rossiya fuqaroligini olgan qrimliklar Rossiya fuqaroligini olgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.

Biroq Rossiya qonunchiligiga binoan tuzilgan ko‘chmas mulkni sotish bo‘yicha shartnomalar bekor qilinishi mumkin, deydi Ukraina xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi prezidenti Nikolay Volkivskiy.

“Qarorlarni mahalliy sudyalar qabul qiladi, ular har bir ishni batafsil ko‘rib chiqadi. Biroq shu bilan birga ish bo‘yicha umumiy tavsiyalar beriladi”, - dedi Volkovskiy.

XS
SM
MD
LG