Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:23

"Qurilishlarni tekshirish kerak". Turkiyadagi zilzilaning Toshkent va boshqa shaharlardagi aks-sadosi


Elbiston shahri, Qahramonmarash, Turkiya. Fevral, 2023
Elbiston shahri, Qahramonmarash, Turkiya. Fevral, 2023

Suriya va Turkiyadagi zilziladan keyin Markaziy Osiyo davlatlarida OAV seysmologiya institutlari mutaxassislaridan bot‑bot iqtibos keltira boshladi. Ular 9 ballgacha bo‘lgan zilzilalarga bardosh beradigan binolar qurish kerak, degan tez-tez takrorlanadigan gapni aytishardi (Olmaotaning ayrim qismlarida standart 10 ball).

Sovet Ittifoqi davrida seysmik faol hududlardagi binolar doim avvaldan tasdiqlangan bir xil standart bo‘yicha qurilgan. Hozir esa bu kabi standartlarga rioya qilinmayapti, degan xavotirlar uzoq vaqtdan beri mavjud.

Yaqin Sharqdagi zilziladan ikki kun o‘tib, Mirziyoyev Toshkentdagi qurilish ishlarini to‘xtatishni buyurib, shaharning bosh rejasini kutishni buyurdi.

Bir kun avval mamlakat qurilish vaziri o‘rinbosari hukumat qurilish xavfsizligi uchun to‘liq javobgar emasligini aytib, tanqidlarga uchradi.

«Qurilish ishlariga mas’ul bo‘lgan asosiy organ – buyurtma bergan shaxs, ya’ni binoning egasi», deydi vazir o‘rinbosari Davronjon Odilov.

Odilov davlat tomonidan belgilangan “qoidalar va standartlarga rioya etilishiga” kafolatlar berilishi mumkinligini, lekin bu “inson omili” uchun emas deb aytdi.

Toshkentda so‘nggi qurilishlar bo‘yicha asosiy ishlarni nazorat qilgan shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev qishning eng sovuq kunlarida poytaxtning ayrim hududlarida elektr energiyasi o‘chib qolgani sababli yanvar oyida ishdan bo‘shatildi.

Uning oilasi bilan mamlakatni tark etmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olingani haqidagi xabarlar esa tasdiqlanmadi.

OzodNazar: Ўзбекистон Қурилиш вазири муовинининг ғалати баёноти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:36:01 0:00

"Zudlik bilan tekshirish kerak"

Janil Tokoyeva Turkiyaning Qahramonmarash shahridagi kvartirasida uxlab yotganida, uning paxmoq oq mushugi baland ovozda miyovlay boshladi.

6-fevral kuni soat to‘rtdan sal oshgan edi, Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lmish Janil Turkiya va Suriyaning ayrim hududlarini vayron qilib, 24 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan zilzila silkinishini hali his qilmagan edi.

Ammo u sarosimadagi mushugining oltinchi sezgisiga ishondi.

Tokoyeva jonivorni ko‘tarib ko‘chaga yugurdi, ketayotganda qo‘shnilarning eshigini taqillatdi. U binodan chiqishi bilan yer qimirlay boshladi.

“Biz qayerga borishni bilmay tushgacha ko‘chada yurdik. Yomg‘ir yog‘ayotgan edi. Bir joyga borsak, bino qulagan, nariroq borsak yana biri qulab yotibdi”, deydi u “Ozodlik” radiosining qirg‘iz xizmatiga bergan intervyusida.

“Biz ketayotganimizda ikkinchi zilzila bo‘ldi – eng kuchlisi. Men oyoqda turolmadim. Birinchi silkinishdan omon qolgan binolar qulay boshladi”, deb eslaydi Tokoyeva.

Tokoyevanikiga o‘xshash hikoyalar, vayronalar ostidan olib chiqilayotgan bolalar – o‘lik va tiriklarning suratlari seysmik faol hududlarda joylashgan Markaziy Osiyo shaharlari, masalan, Qozog‘istonning eng yirik shahri Olmaota, O‘zbekiston va Turkmaniston poytaxtlari – Toshkent va Ashxobod kabi shaharlar bu kabi zilzilalarga qanday tayyor turishi mumkinligi haqida ham muhokamalarga sabab bo‘ldi.

“O‘sh va [poytaxt] Bishkekda [so‘nggi yillarda] ko‘p qavatli uylar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek paydo bo‘ldi”, deydi Qirg‘iziston deputati Meder Aliyev mamlakatning ikki yirik shahri haqida.

"Ular ham ruxsatli, ham ruxsatsiz qurilgan, – deya qo‘shimcha qildi u. – Ularning sifati qanday? Xavfsizlik talablariga javob beradimi? Agar zilzila sodir bo‘lsa, ular qanchalik kuchli bo‘ladi? Buni zudlik bilan tekshirishimiz kerak”.

Tarixiy ogohlantirishlar

Sovet davridagi davlat senzurasi sababli qancha odam halok bo‘lganini bilish imkonsiz bo‘lsa‑da, 1948-yilda Ashxobodda sodir bo‘lgan 7,3 magnitudali zilzilada o‘n minglab odamlar, jumladan, mamlakatning mustaqillikdan keyingi birinchi prezidenti Saparmurod Niyozovning onasi ham halok bo‘lgan.

1966-yilgi Toshkent zilzilasida o‘lim ancha kam bo‘lgan, ammo u baribir mintaqadagi eng gavjum shaharning butun qismlarini vayron qilgan.

O‘sha paytda «Verniy» deb atalgan va hozirgi 1,8 millionlik aholisining o‘ndan biri istiqomat qilgan Olmaota 1911-yilgi zilzila natijasida deyarli vayron bo‘lgan edi. Bu zilzila epitsentri hozirgi Qirg‘izistonda bo‘lgan, ungacha 19-asr oxirida mintaqada yana ikkita kuchli zilzila bo‘lgan.

1991-yilda mustaqillikka erishgandan beri Markaziy Osiyo davlatlari unchalik kuchli silkinishlarni boshdan kechirmadi. Faqat 2008-yilda epitsentri Xitoy, Qirg‘iziston va Tojikiston chegaralari yaqinida bo‘lgan 6,6 magnitudali zilzila Qirg‘izistonning Nura qishlog‘ini vayron qilib, 70 dan ortiq odam hayotiga zomin bo‘lgan.

ЗИЛЗИЛА: Туркияда ўндан ортиқ ўзбек бедарак
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:14 0:00

Dushanbelik arxitektor Rustam Muqimov «Ozodlik» radiosining tojik xizmatiga kommunizm davrida yangi uy-joy maketlari shahar tashqarisidagi maxsus poligonda sinovdan o‘tkazilganini aytdi.

“Ular maxsus asboblar yordamida binoning devorlari va tomini tekshirishardi. Sinov bor edi. Hozir unday qilinmayapti. Menimcha, ularda pul yetarli emas”, deydi u.

Uydan uzoqdagi uy

Agar zilziladan bunchalik jabr ko‘rgan davlat Turkiya emas, boshqa biri bo‘lganida, bu muhokamalar bunchalik dolzarb bo‘lmas edi. Yuz minglab markaziy osiyoliklar Turkiyada yashab, mehnat qilmoqda. U yer mehnat muhojirlari uchun Rossiyadan keyingi muhim manzilga aylangan.

Zilzilada kamida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi va ikki nafar Qozog‘iston fuqarosi halok bo‘lgan, qolganlari bedarak yo‘qolgan.

Turkman Maremgul Baymiradova Ozodlik radiosining turkman xizmatiga bergan intervyusida o‘z mamlakati hukumatini Turkiyaning ikki viloyati Adana va Malatyadagi muhojirlarning – deportatsiya markazlarida saqlanayotgan turkmanlarning ahvoliga oydinlik kiritishga chaqirdi.

"Fuqarolaringizni asrang!" deya Baymirodova hukumatidan talab qildi.

Turkmanistonning sobiq prezidenti va rasman “millat yetakchisi” Gurbanguli Berdimuhamedov 8-fevral kuni kamdan-kam aytiladigan e’tirofida turkmanlar zilziladan jabr ko‘rganini tan oldi, lekin tafsilotlarni keltirmadi.

Yevropadagi dissidentlarga tegishli nashr Turkmen News hukumat o‘lgan to‘rt turkman jasadini mamlakatga qaytargani haqida xabar berdi.

So‘nggi kunlarda Turkiyaga Markaziy Osiyoning besh davlatidan o‘nlab qutqaruvchilar yetib borgan, deydi rasmiylar. Markaziy Osiyodan yana tonnalab gumanitar yordam jo‘natilgan.

Hukumat yordamidan tashqari, pul yig‘ish bo‘yicha ko‘plab ommaviy harakatlar ham kuzatildi.

Qozog‘istonda bir guruh ayollar Turkiyaga jo‘natish uchun 4000 dona ko‘rpa tikmoqchi, mahalliy tadbirkor esa zilzilalarda uy-joyidan ayrilgan odamlarga 120 ta o‘tov jo‘natishga va’da berdi.

Ammo Turkiyani kuchli savdo sherigi va muhim xorijiy investor, mahalliy qurilishlarda katta rol o‘ynovchi davlat sifatida ko‘ruvchi markaziy osiyoliklar uchun parokanda va kamida 70 mamlakatdan kelayotgan insonparvarlik yordamiga tayanib qolgan davlat qiyofasi unchalik yoqmasligi mumkin.

Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi qoshidagi seysmologiya instituti direktori o‘rinbosari Nursarsen O‘zbekovning Ozodlik radiosiga aytishicha, Sharqiy Anado‘li yorig‘i Turkiya janubi-sharqida Qozog‘istondagiga qaraganda «halokatliroq» zilzila ehtimolini oshiradi.

Mutaxassis, shuningdek, Markaziy Osiyoning eng boy shahri Olmaotada erta ogohlantirish tizimlari izchil rivojlanishi va qurilish me’yorlariga qat’iy rioya etilishiga ishonch bildirdi.

“Turkiyada qurilish me’yorlariga rioya qilinganmi yoki yo‘q, degan savolga javob bera olmayman. Biz uchun bu noma’lum, – deydi O‘zbekov. – Ammo bu yerda 19-asr oxiridagi zilzilalar kabi ulkan zilzila bo‘lganida, xudo ko‘rsatmasin, o‘ylaymanki, avvalo o‘z resurslarimizga suyangan bo‘lar edik. Buni uddalay olmasak, Turkiya kabi bizga yordam berishga tayyor yaxshi sheriklarimiz bor”.

XS
SM
MD
LG