Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2021, Тошкент вақти: 01:24

Ramzan Qodirovning ikki xotini "kamida 800 million rubllik ko‘chmas mulkka egalik qiladi"


Ramzan Qodirovning rasmiy rafiqasi Medni (o‘rtada) Grozniy shahrining 200 yilligiga bag‘ishlangan tantanali kontsertda

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning ikki xotini taxminiy qiymati kamida 800 million rubl bo‘lgan ko‘chmas mulkka egalik qiladi. Ushbu mulkning katta qismi deklaratsiya qilinmagan va oilaning rasmiy daromadlariga mos kelmaydi. Rossiyada ko‘pxotinlilik rasman taqiqlangan, ammo Chechenistonda bu qoidaga rioya qilinmaydi. Bu ayblovlar «Proyekt» nashri hisobotida yangradi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Qodirovning rasmiy rafiqasi Mednidan tashqari, yana kamida bitta xotini bor bo‘lib, uning ismi Fotima Xazuyevadir. U 2006 - yilda 15 yoshida Chechenistonda o‘tkazilgan yagona go‘zallik tanlovida ikkinchi o‘rinni egallagan. Nashrga ko‘ra, bugungi kunda 30 yoshli Xazuyeva Qodirov ma’muriyatida ishlaydi va Moskva hamda Grozniyda hashamatli ko‘chmas mulkka egalik qiladi.

Rosreyestr ma’lumotlariga ko‘ra, Xazuyeva Grozniyning boy mavzeyida saroyga ega. Ushbu saroy Grozniyning eng nufuzli aholisi yashaydigan tumandagi eng katta binodir. Imorat 9 ming kvadrat metr uchastkada joylashgan bo‘lib, unda shahardagi yagona ochiq basseyn joylashgan. Uning yonida Xazuyevaning otasi sharafiga nomlangan masjid qurilgan. Xazuyevaning otasi o‘limidan oldin Rostexnadzorning Kavkaz boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

«Proyekt» nashri to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, Xazuyeva 19 yoshidan boshlab Moskvadagi Shabolovka ko‘chasi joylashgan qimmatbaho turar-joy majmuasida 130 metr kvadrat kvartiraga egalik qiladi. 2013 - yilda u ayni binoda qariyb 600 kvadrat metr maydonga ega bo‘lgan noturar joyni xarid qilgan.

Bundan tashqari, shahar markazidagi Xamovniki tumanida 200 metr kvadrat maydonga ega kvartirasi bor. 20 yoshida u Moskva g‘arbiy qismida joylashgan qo‘riqxona yaqinidagi turar-joy majmuasida 290 metr kvadrat kvartirani xarid qilgan. Ushbu kvartira Qodirovning rasmiy xotini uyi qarshisida joylashgan.

Xazuyeva «Mosfilm» yaqinidagi osmono‘par binoda avtomobil to‘xtab turish joyiga ega. Ayni binoda Mednining kvartirasi bor. «Proyekt» hisoblariga ko‘ra, Qodirovning xotinlari nomidagi barcha aniqlangan ko‘chmas mulkning umumiy qiymati deyarli 800 million rublga tengdir. Medni Qodirova yuqorida tilgan olingan ko‘chmas mulkning bir qismiga boshqa ism bilan egalik qiladi. Aynan shuning uchun bu mulklar oilaviy deklaratsiyada ko‘rsatilmagan. Bundan tashqari, «Proyekt» nashri taxminlariga ko‘ra, ikkinchi pasportga egalik qilish nazariy jihatdan Medniga Amerika sanksiyalarini chetlab o‘tish imkonini beradi.

Qodirovning turmush o‘rtoqlari uning ma’muriyatida ishlaydi va maoshlari bilan yuqorida tilga olingan ko‘chmas mulkni sotib ololmagan bo‘lardi. Checheniston Rossiyaning eng qashshoq mintaqalaridan biridir. Ammo respublika rahbari va uning oilasi turmush tarzi ko‘pincha rasmiy daromadlar va deklaratsiyalarga mos kelmaydi, deya qayd etildi surishtiruv hisobotida.

2020 - yil iyul oyida «Proyekt» nashri Qodirovlar oilasi boyliklarining bir qismi bir necha milliard dollarlik biznesga egalik qiladigan va o‘zini boshqa kishi qilib ko‘rsatadigan shaxslar nomida ekanini aniqlagan edi.

XS
SM
MD
LG