Линклар

Шошилинч хабар
27 сентябр 2021, Тошкент вақти: 09:29

“Rejalarim barbod, orzularim chilparchin bo‘ldi” – kobullik jurnalist ayol o‘z ishidagi o‘zgarishlar haqida


Toliblar ayollarga xavfsizlik uchun “hozircha” uyda qolishni amr qilgan edi, shunday bo‘lsa-da, ayrim ayollar ishga borishga jur’at topa olmoqda. Ammo, rost, ular soni juda kam. Ozodlik radiosi afg‘on poytaxtidagi tartibsizlik sharoitida shuncha xavf-xatarga qaramay, ishini davom ettirayotgan yosh jurnalist ayol bilan suhbatlashdi.

Rohila Yelena – Afg‘oniston poytaxti toliblar tomonidan bosib olinganidan keyin ishga qatnashda davom etayotgan kobullik kam sonli jurnalist ayollardan biridir. Tolibon o‘z jangarilarini ayollar bilan to‘g‘ri muomala qilishga “o‘rgatish”ga va’da bergan va o‘shangacha ishli ayollarga uyda qolishni buyurgan edi.

Mahalliy OAVlarda muxbir bo‘lib ishlayotgan bu ayol Ozodlik radiosiga bergan intervyusida rejalari nega barbod bo‘lgani va qanday “yangi voqelik” bilan to‘qnash kelgani haqida so‘zlab berdi.

Eslatma: Suhbatdoshimiz o‘z xavfsizligini o‘ylab, taxallusdan foydalangan.

Ozodlik: Shuncha tahdid mavjudligiga qaramay ishga qaytishga qaror qilibsiz. Nega?

Rohila Yelena: 15 - avgust kuni, Tolibon Kobulga kirganini eshitganimizda ishxonada majlis bo‘layotgan edi. Hamma darhol tahririyatni tark etib, eshiklar tashqaridan qulflandi. Bir necha kun o‘tib ish beruvchilarimdan barcha xodimlar ishga qaytishi mumkinligi haqida xabarnoma oldim va birinchilar qatorida ofisga yetib keldim.

Qaytishim sabablari bir nechta.

Eng avvalo men mustaqil shaxsligimni va hech bir hukumat yoki hokimiyat mening o‘rnimga, mening hayotimga taalluqli shaxsiy qarorlar qabul qilishga haqli emasligini o‘yladim. Bu qarorim qanday oqibatlarga olib kelishini bilmayman, lekin loaqal bir kun kelib o‘zimga o‘zim, shuncha xavf-xatarga qaramay to‘g‘ri deb topganim ishni qildim, deb aytishim mumkin bo‘ladi.

Ikkinchi sabab shuki, mening ta’lim olishimga afg‘on hukumati mablag‘ sarflagan, shuning uchun ham men ishlab, jamiyat oldidagi qarzimni uzishim kerak.

Yana, men ko‘chaga chiqish va yuz berayotgan voqealarni yoritish – jurnalist sifatida burchim ekanini his qildim. Jurnalistning burchi insonlar va jamiyat muammolaridan, hukumatning ishlaridan ommani voqif etishdir. Men odamlarning muammolarini hal qila olmayman, bu mening vazifam emas, ammo ularga ovoz bo‘lib, dardlarini jamoatchilikka yetkaza olaman.

Ishga qaytishimning moliyaviy sababi ham bor. Oilada to‘ng‘ich farzandman, tirikchiligimiz mening oyligimga qarab qolgan.

Ozodlik: Toliblar Kobulda iqtidorga kelganidan so‘ng ishda qanday o‘zgarishlarga duch keldingiz?

Rohila Yelena: Bizda so‘z erkinligi bor edi, men mavzuni erkin tanlay olar, hukumatni va boshqalarni erkin tanqid qila olardim, reportajlarim senzura qilinmasdi. Hozir bari boshqacha.

Afg‘onistonda hokimiyat bo‘shlig‘i yuzaga keldi, avvalgi erkinliklarimiz qaytariladimi, yo‘qmi – hozircha noma’lum. Reportajlar tayyorlashda ehtiyot bo‘lishga harakat qilyapmiz, o‘zimizni o‘zimiz tsenzura qilishimizga to‘g‘ri kelyapti.

Masalan, ikki kun oldin yangi hukumat tuzilishi va odamlarning shu bilan bog‘liq qayg‘ulari haqida material tayyorlagandim. Keragidan ortiq ehtiyotkor bo‘ldim, matnni yozishda o‘zimni xo‘p tsenzura qildim, deb o‘ylovdim. Ammo muharririm maqolani tahrir qilib, ko‘p fikrlarni “boshimiz baloga qoladi” deb o‘chirib tashlabdi. Bu men bilan qayg‘u-tashvishlarini bo‘lishgan odamlarning gap-so‘zlari edi xolos.

O‘zimga o‘zim dedimki, mana men uchun ishdagi yangi voqelik: bundan keyin xohlaganimni gapira olmaydigan, yoza olmaydigan bo‘ldim.

Odamlar Tolibondan arz qilsa yoki Tolibon haqida salbiy fikrlar bildirsa, men buni maqolalarimda e’lon qila olmayman, chunki nafaqat o‘zimni, balki hamkasblarimni ham xatarga qo‘yishdan qo‘rqaman. Nashrimizni yopib qo‘yishlari hech gap emas.

Ozodlik: Ayol jurnalist sifatida, toliblar davrida Kobuldagi o‘z kelajagingizni qanday tasavvur qilasiz?

Rohila Yelena: Bu savolni so‘nggi ikki haftadan beri har kuni o‘zimga beraman, lekin hanuz javobim yo‘q. Toliblar Kobulni bosib olishidan aqalli uch soat oldin shu savolni berganingizda edi, sizga o‘z rejalarimning butun boshli ro‘yxatini ko‘rsatgan bo‘lur edim.

Bilasizmi, keyingi kamida 30 yillik hayotim uchun barcha ikir-chikirlarni hisobga olgan holda, asosiy va qo‘shimcha rejalar tuzib qo‘yuvdim. Yon daftarimga turli shaxsiy loyihalarimni va ularni amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan ishlarni qayd qilib borardim. 15 - avgust kuni ofisdan chiqib ketganimizdan so‘ng bu yog‘iga nima bo‘lishini bilmay yondaftarchamni boshqa ayrim hujjatlar bilan birga yoqib yubordim.

Ko‘p orzularim bor edi. Yaqin ikki yilda magistraturaga o‘qishga kirishni mo‘ljallayotgandim. Shuningdek, Amerikaning Fulbrayt stipendiya dasturi bo‘yicha imtihonlarga hozirlik ko‘rib yurardim.

Chet el axborot agentliklarida stajyor sifatida yoki o‘quv dasturi doirasida ishlab, o‘rganganlarimni o‘z mamlakatimda qo‘llash istagi bor edi. Qolaversa, vaqti kelib xorijiy mamlakatlarda xalqaro muxbir bo‘lib ishlayman, deb yurardim. Eng asosiysi – men dunyoga o‘z yurtim haqida so‘zlab berishni xohlardim.

Ilgari men ishga yayov qatnardim – garchi Kobul avvalgi hukumat davrida yosh ayollar yolg‘iz sayr qiladigan qadar xavfsiz bo‘lmagan esa-da. Biroq kelajagim haqida o‘y surgancha ko‘chalarni aylanish menga xush yoqardi. Endi esa qo‘rqamanki, rejalarim – barbod, orzularim esa chilparchin bo‘ldi. Istiqbolda meni nimalar kutayotganini bilmayman. Men uchun Tolibon reja tuzmoqda. Bu menga juda alam qiladi.

Hozir toliblar ayollar o‘z ishlariga qaytadi, ommaviy axborot vositalari faoliyatini davom ettirishi mumkin bo‘ladi, deb aytishyapti. Ular o‘z va’dalarini bajaradimi, yo‘qmi – bilmayman. Ishimni davom ettira olamanmi yoki meni qamoqqa olishadimi yoki o‘ldirishadimi – buni ham ayta olmayman.

Ozodlik: Kobul yoshlarining kayfiyati qanday?

Rohila Yelena: Odamlar sekin-asta ish joylariga qaytmoqda. Kobul bir necha kun sharpalar shahriga o‘xshab qoldi. Ko‘chalar huvillab yotardi. Hozirda xiyla gavjumlashdi, ammo shahrimiz hayot barq urgan avvalgi tinch zamonlardagidek emas baribir.

Har kuni Kobulning eng gavjum mavzelaridan o‘tarkanman, poytaxtimiz erkaklar shahriga aylanib qolgandek tuyuladi. Ko‘chalarda, ishxonalarda ayollar juda kam. Aksari qora hijob yoki paranji kiygan. Erkaklarning ham tashqi ko‘rinishlari boshqacha: endi ular toliblar ma’qul topgan an’anaviy afg‘on liboslarini kiyib yurishadi.

Erkinliklarimiz cheklanishi – muammoning bir qismi xolos.

Yoshlar ham, keksalar ham iqtisodiy vaziyatdan qattiq tashvishga tushgan. Odamlar qashshoq, ko‘pchilikning tayinli ishi yo‘q. Aksari aholi mardikorlik orqasida amal-taqal qilib yashaydi, topgani bir kunlik ovqatidan ortmaydi. Ertasi kuni bari qaytadan boshlanadi.

Afg‘oniston so‘nggi 20 yil davomida chet davlatlar yordamiga qaram bo‘lib keldi. Yordamning esa chek-chegarasi bor. Agar yordam berish to‘xtatilsa, ishlashimizga ruxsat berilgan taqdirda ham, bizga haq to‘laydilarmi, yo‘qmi – bilmaymiz. Odamlar ocharchilik kelishi mumkinligidan qo‘rquvga tushmoqda.

XS
SM
MD
LG