Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:17

Reuters: Tolibon afg‘on harbiy samolyot va uchuvchilarini qaytarish borasida Toshkentga bosim o‘tkazmoqda


Termizdagi afg‘onistonlik harbiy uchuvchilar ushlab turilgan lagerning sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasviri. 29 - avgust, 2021
Termizdagi afg‘onistonlik harbiy uchuvchilar ushlab turilgan lagerning sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasviri. 29 - avgust, 2021

O‘zbekistondagi lagerda qolayotgan afg‘onistonlik uchuvchilar xavotirda yashamoqda. Reuters agentligi uch haftadan beri AQSh tomonidan evakuatsiya qilinishini kutayotgan uchuvchilar va ularning oila-a’zolari ahvoli haqida eksklyuziv material hozirladi.

Avgust oyida Afg‘onistonning sobiq hukumati qulay boshlaganda unga sodiq bir guruh uchuvchi O‘zbekistonga qochib o‘tgan. Ularning biri uyali telefon orqali Reuters bilan suhbatlashdi.

«Agar ular bizni qaytarib yuborishsa, bizni o‘ldirishlariga 100 foiz aminman», degan ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan uchuvchi.

U o‘zini mahbus kabi his qilayotganini aytib bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, lagerdagilarning harakati cheklangan bo‘lib, soatlab quyoshda vaqt o‘tkazishmoqda. Shuningdek, uchuvchi lagerda oziq-ovqat va dori-darmon yetarli emasligini aytgan.

«Biz xuddi qamoqxonadekmiz. Bu yerda bizda erkinlik yo‘q», degan uchuvchi.

Uchuvchi lagerdagi odam soni 465 atrofida ekanini taxmin qilgan.

Avgust oyining oxirida olingan va Reuters agentligiga taqdim etilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari lager baland devor bilan o‘ralganini ko‘rsatgan. Termiz shahri yaqinidagi lagerda bundan oldin COVID-19 kasallari davolanayotgan bo‘lgan. Reuters agentligi lager ichida olingan suratlar bilan ham tanishib chiqqan. Agentlikka ko‘ra, suratlarda juda oz jihozli xonalar aks etgan.

Intervyu bergan uchuvchi o‘zbek qo‘riqchilarining ba’zilari to‘pponcha bilan, boshqalari yarim avtomat qurollar bilan qurollanganini aytgan.

Tolibon bosimi

Lager AQSh prezidenti Jo Bayden uchun yana bir boshog‘riq masalaga aylanishi mumkin. Bayden Amerikaning eng uzoq davom etgan urushi yakunini belgilagan evakuatsiyani yaxshi rejalashtirmagani uchun keskin tanqidga uchradi.

AQShning hozirgi va sobiq amaldorlari AQSh hukumatini Afg‘oniston harbiylari va samolyotlarini O‘zbekistondan evakuatsiya qila olmagani uchun tanqid qilmoqda. AQShning hozirgi va sobiq amaldorlari Tolibon ularni Afg‘onistonga qaytarishga chorlab, O‘zbekiston hukumatiga bosim o‘tkazayotgani haqida ogohlantirgan.

Senat Qurolli kuchlar qo‘mitasi raisi, demokrat senator Jek Rid afg‘on uchuvchilari va u yerdagi boshqa kuchlar taqdiridan «chuqur xavotirda» ekanini aytgan.

«Bu xodimlar xavfsizligi nuqtai nazaridan ham, qimmatli texnik bilimlari va tayyorgarligi nuqtai nazaridan ham Tolibon qo‘liga tushmasligi juda muhim», degan Rid Reuters agentligiga.

AQShning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jon Xyorbst O‘zbekiston ularni topshirish uchun Tolibondan haqiqiy va sezilarli bosimiga duch kelayotganiga ishonishini aytgan.

«Ular Tolibon bilan yaxshi munosabatda bo‘lishni xohlaydilar. Ularni qo‘zg‘atmoqchi emaslar, lekin bizni ham qo‘zg‘atishni istamaydilar», degan hozir Atlantika Kengashi tahlil markazida ishlayotgan Xyorbst.

2016 - yildan 2017 - yilgacha Afg‘oniston Harbiy-havo kuchlarini o‘qitish sa’y-harakatlariga rahbarlik qilgan iste’fodagi amerikalik brigada generali Devid Xiks Davlat departamenti lagerda saqlanayotgan afg‘onlar haqida AQShning sobiq va amaldagi harbiy xizmatchilari va qonunchilaridan ma’lumot olganidan keyin, tezkor chora ko‘rmaganini aytgan.

«Rostini aytsam, ular hozir nima qilayotganlarini bilmayman», degan Xiks.

Xiks afg‘on uchuvchilari va ularning oilalariga yordam berish uchun kurashayotganlarning biridir.

Davlat departamenti matbuot kotibi AQSh bu borada O‘zbekiston bilan muzokara olib borayotganini bildirgan. Kotib afg‘on harbiylari va samolyotlari xavfsiz ekanini ta’kidlagan. Davlat departamenti Afg‘onistonning barcha qo‘shnilarini afg‘onlar kirishiga ruxsat berishga va qochqinlarni ta’qibga uchrashi mumkin bo‘lgan mamlakatlarga qaytarishga qarshi xalqaro qonunlarga rioya qilishga chaqirdi.

O‘zbekiston hukumati Reuters agentligining so‘rovlarga javob bermagan.

Jasoratli qochish

Tolibon Afg‘onistonda hukumatni qo‘lga olishidan oldin ham AQShda ta’lim olgan, ingliz tilida so‘zlashuvchi uchuvchilarni nishonga olib kelayotgan edi. Tolibon jangarilari ayrim uchuvchilar harbiy bazani tark etgan paytda topib, o‘ldirgan.

Tolibonga Kobulni qo‘lga olishi arafasida ayrim afg‘on uchuvchilari 46 ta samolyotni mamlakat tashqarisiga olib chiqqan. Bu esa mamlakatdagi taqriban 160 harbiy uchoqning to‘rtdan bir qismi Tolibon qo‘liga o‘tishi oldini olgan.

Uchuvchilarning aksari Kobuldan uchgan, lekin ba’zilari Mozori Sharif shahri yaqinidagi bazadan uchgan. Afg‘oniston uchoqlaridan biri O‘zbekiston harbiy uchog‘i bilan to‘qnashgan, natijada ikki uchuvchi samolyotni irg‘ib tark etishga majbur bo‘lgan.

Reuters bilan suhbatlashgan afg‘on uchuvchisi A-29 Super Tucano yengil hujum samolyotini boshqargan 15 ga yaqin uchuvchi, UH-60 Black Hawk vertolyotini boshqargan 11 uchuvchi, MD-530 vertolyotini boshqargan 12 uchuvchi va ko‘plab Mi-17 vertolyoti uchuvchisi lagerda qolayotganini taxmin qilgan.

Lagerda o‘nlab uchuvchidan tashqari Harbiy havo kuchlarining texnik xodimlari va boshqa Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari xodimlari bor. Ularning ba’zilar oila a’zolarini samolyotga mindirishga muvaffaq bo‘lgan, lekin ko‘pchilik uchuvchi chegaraning narigi tomonida qolgan oilasidan xavotir olmoqda.

«Quruqlik kuchlari qolmagandi. Biz oxirgi daqiqagacha jang qildik», degan uchuvchi.

Ismi sir qolishini istagan AQSh harbiy amaldorlaridan biri harbiy texnikani O‘zbekistonga olib chiqqan afg‘onistonlik harbiylarni olqishlagan.

Reuters agentligining Tolibondan o‘zbek lageridagi afg‘onlar haqida izoh olish urinishlari samara bermagan.

Biroq Tolibonning yuqori martabali yetakchisi Kobul qulaganidan keyin Reuters agentligiga bergan intervyusida o‘z kuchlari dronlar va vertolyotlarni qo‘lga kiritgani, lekin O‘zbekistonga olib o‘tilgan samolyotlar qaytarilishini istashini aytgan edi.

«Inshoolloh, qolgan samolyotlarimizni olamiz, ular Afg‘onistonda emas», degandi u.

Hech qanday samolyotsiz g‘alaba qozongan Tolibon, shuningdek, sobiq harbiy xizmatchilarga, shu jumladan, uchuvchilarga yangi xavfsizlik kuchlariga qo‘shilish taklif qilinishini aytishgan. Guruh qasos olish uchun hech kimni qat etmaslikni va’da qilgan.

Biometrik ma’lumotlar

Reuters agentligiga intervьyu bergan uchuvchi chorshanba kuni AQSh hukumati rasmiylari lagerga borib, u yerda afg‘onistonliklarning biometrik ma’lumotlarini olganini so‘zlab bergan.

«Barmoq izlarini [olishdi], shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni tekshirishdi», degan u.

Davlat departamenti Reuters agentligining bu tashrif haqidagi savoliga javob bermadi.

Uchuvchi amerikalik ishchilar lagerda ko‘rinish bergani u yerdagilar kayfiyatni biroz ko‘targani, ammo ularga aniq yordam ko‘rsatilishi yoki yo‘qligi hanuz noaniq ekanini so‘zlab bergan.

Uchuvchi Tolibon o‘z hukumatini tuzib, qo‘shnilari bilan aloqa o‘rnatar ekan, lagerdagilar uchun vaziyat qaltislashib borishini aytgan.

AQShning sobiq elchisi Xyorbst kabi mintaqa bo‘yicha ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda Tolibon bilan ishchi munosabatlar o‘rnatish uchun intilishga yetarlicha asos bor. Lagerdagi afg‘onlar ham ayni fikrda.

«Harbiy havo kuchlari xodimlarining aksariyati, ayniqsa, uchuvchilar AQShda ta’lim olishgan», degan uchuvchi.

«Ular Afg‘onistonga hamda kelajakda Tolibon bilan yaxshi munosabatda bo‘ladigan davlatlarga bora olmaydilar», deya so‘zini yakunlagan u.

XS
SM
MD
LG