Rossiya rahbariyati 2025-yilda harbiy soha uchun xarajatlarni joriy yilga nisbatan 27 foizga oshirmoqchi, deb xabar berdi Bloomberg agentligi.
2025-2027-yillarga mo‘ljallangan federal byudjet loyihasiga ko‘ra, yangi yilda mudofaa sektoriga 13,2 trillion rubl (joriy yilda 10,4 trillion rubl) ajratiladi.
Bu mamlakat YIMning 6,2 foizi degani.
Davlat byudjetining qariyb 40 foizi milliy mudofaa va ichki xavfsizlikka yo‘naltiriladi. Anglashiladiki, Rossiya hukumati ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, milliy iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarga ajratilgan jami mablag‘dan ham ko‘proq summani mudofaa va xavfsizlik maqsadida sarflaydi.
Bu yil byudjetning maxfiy qismi 11,1 trillion rublni tashkil etgan bo‘lsa, kelgusi yil bu ko‘rsatkichi 12,9 trillion rublga yetadi.
Tahlilchilarga ko‘ra, 2025-yilgi xarajatlar smetasi Putin ma’muriyati Ukrainadagi bosqinchilik urushini tez muddatda tugatish niyatida emasligidan dalolat beradi.