Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:17

“Maktab partasidan – urushga”. Rossiyada shartnomaviy harbiy xizmatga doir qonun o‘zgarmoqda


Rossiya armiyasiga harbiy xizmatga chaqirilganlar. Sevastopol, 15-aprel, 2021.
Rossiya armiyasiga harbiy xizmatga chaqirilganlar. Sevastopol, 15-aprel, 2021.

Rossiyada harbiy xizmatga yollashga doir qonun loyihasi Davlat Dumasiga kiritildi. U qabul qilingan taqdirda hatto ilgari muddatli harbiy xizmatni o‘tamaganlarni, chunonchi, endigina maktabni bitirgan 18 yoshli o‘spirinlarni ham shartnoma asosida harbiy xizmatga olish mumkin bo‘ladi.

Ilgari muddatli harbiy xizmatga olinganiga kamida uch oy to‘lgan yoki o‘rta maxsus ma’lumotga ega va 40 yoshdan katta bo‘lmagan shaxslar bilangina shartnoma tuzish mumkin edi. Ukrainaga bosqin manzarasida mazkur cheklovlar hademay bekor bo‘ladi (yoshga doir cheklov allaqachon bekor qilingan).

Dumaning Mudofaa ishlari qo‘mitasi xizmatga bormaganlar bilan shartnoma tuzishga ruxsat berish to‘g‘risidagi tuzatishlarni ma’qullab bo‘ldi. 28-iyunda loyiha Davlat Dumasida biryo‘la ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladi va, katta ehtimol bilan, qabul qilinadi ham. “Grajdanin.Armiya.Pravo” huquqbonlik guruhi rahbari Sergey Krivenkoga ko‘ra, bu Rossiya armiyasi Ukrainada “anchayin jiddiy talafot berayotganini” ko‘rsatadi.

“Bo‘layotgan voqealarga qaraganda, ularga maxsus bo‘linmalar emas, balki shunchaki yollanma harbiy xizmatchilar kerak”, deydi u.
Rossiya armiyasi Ukrainadagi urushda berayotgan talafotlarini rasman ochiqlamay qo‘yganiga ikki oydan oshdi. Mart oyida RF Mudofaa vazirligi bir yarim mingdan ziyod harbiy xizmatchisining o‘lganini tan olgandi, o‘shandan beri urushda halok bo‘lgan Rossiya askarlari soniga doir yangi ma’lumotlar e’lon qilingani yo‘q.

“Mediazona” nashri hamda VVS rus xizmati mahalliy manbalarning xabarlari asosida Rossiyaning inson talafotlarini hisoblab chiqib, urushning dastlabki 100 kuni davomida kamida 3211 nafar askar qurbon bo‘lgani haqida yozdi.

Ayni chog‘da G‘arb razvedka xizmatlaridagi manbalar Rossiya 24-fevraldan beri qariyb 20 ming chog‘li askarini yo‘qotganini aytishmoqda. Rossiya hukumati urush vajidan umumiy safarbarlik e’lon qilish rejalari borligini ham inkor etib keladi, biroq mamlakatning ko‘plab hududlarida Ukrainaga jo‘natish uchun ko‘ngilli askar yig‘ish anchadan beri tizimli ravishda olib borilmoqda.

“Men harbiy ekspert emasman, ammo bu ishlar Qurolli kuchlar saflarini to‘ldirish uchun qilinayotganini fahmlab turibman. Armiya faqat oldingi marralarda jang qilayotganlardangina iborat emas: ta’minot xizmatlari va boshqa ishlar uchun ham tuzilmalar zarur. Bo‘layotgan ishlarga qaraganda, Rossiya maxsus bo‘linmalarga emas, shartnoma asosida harbiyga olingan askarlarga juda muhtoj.

Professional bo‘lmaganlar armiyaga olingach biror-nima o‘rganishadi, deb umid qilishyapti. Bu mamlakat iqisodiyoti va umuman butun hayotni urush shart-sharoitiga o‘tkazadigan yalpi safarbarlik emas, ammo harakatdagi armiya yoki jang qilayotgan qismlar safini to‘ldirish uchun jiddiy qadam”, deya izoh beradi Krivenko.

“Talafotlar jiddiyligini ko‘rib turibmiz. Ukrainaga ko‘ra, Rossiya 30 mingdan ortiq askarini yo‘qotgan, Rossiyaning o‘zi esa talafotlari ancha kamligini iddao qiladi, ammo asirga tushganlar va bedarak ketganlar ham bor. 200 ming kishilik qo‘shin uchun 30 ming – kattagina raqam, bu har besh yo olti askardan biri o‘ldi, degani. Shu vajdan hozir Rossiyada shartnoma imzolash yoshini oshirishmoqda – ilgari shartnomani 40 yoshgacha tuzish mumkin edi. Umuman, shartlar tobora qattiqlashyapti.

Muqaddam yoshga doir talab bor edi – kamida shartnoma tuzayotgan odam OTM yoki texnikumni bitirgan bo‘lishi kerak edi, endi bo‘lsa ushbu shartni olib tashlashdi va natijada istalgan maktab bitiruvchisi shartnomaga qo‘l qo‘yishi mumkin”, deydi Krivenko.
“Bizda mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, zaxiradan borgan yangi askarlarga jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari olib borilmayapti va ular chaqiruvdan keyin bir yarim-ikki hafta o‘tgach frontga jo‘natilmoqda. Ya’ni, umrida qurol tutmagan kechagi maktab o‘quvchisi urushga tashlanishi mumkin. Hukumat maktab va televizor yordami bilan yoshlarni o‘ziga og‘dirmoqda”.

Krivenkoning aytishicha, so‘nggi bir necha yilda Rossiyada an’anaviy harbiy zaxira tizimiga qo‘shimcha ravishda yangi safarbarlik zaxirasi tizimi ishlayotganini aytadi: rossiyaliklar Mudofaa vazirligi bilan ixtiyoriy ravishda shartnoma imzolab, undan har oy bir oz maosh olgan holda odatdagi hayot tarzini davom ettirishlari mumkin.

Mudofaa vazirligi hozirda bu odamlarni ham Ukrainadagi urushga jo‘nashga targ‘ib etmoqda. Ushbu ma’lumotni Britaniya razvedkasi tasdiqladi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya BARS (Boyevoy rezerv Armii Rossii – Rossiya armiyasi jangovar zaxirasi) dasturi bo‘yicha zaxirada turganlarni Donbassga yo‘llab, asosan frontortida xavfsizlikni ta’minlashga jalb etayotir.
“Armiyada xizmat qilgan yoki shunchaki, 27 yoshga to‘lgan barcha fuqarolar zaxiraga o‘tkaziladi.

Safarbarlik e’lon qilinganida, qonun bo‘yicha, ularni harbiy xizmatga chaqirish mumkin bo‘ladi. Bunday holatda ular harbiy qismlarga chaqiriladi, urushga tayyorlanadi va shundan so‘nggina jangovar qismlarga yuboriladi.

Biroq bir necha yil muqaddam safarbarlik zaxirasi (BARS) nomli yana bir tizim yaratildi. Mazkur tizimga asosan fuqarolar Mudofaa vazirligi bilan ko‘ngilli asosda shartnoma imzolashadi, harbiy xizmatchi sifatida hisobda turishadi, lekin avvalgidek yashashda davom etishadi. Buning uchun vazirlik ularga bir oz pul to‘lab turadi”, deya tushuntiradi huquqbon.

Ular tez-tez yig‘inlarga chaqirilib, harbiy tayyorgarlikdan o‘tib turishadi, zarurat tug‘ilganida esa komissariatlar orqali harbiy qismlarga yo‘llanadi – u yerda har biri uchun o‘rin tayin qilingan bo‘ladi. Bu safarbarlik resursi bo‘lib, jangovar shayligi yuqori bo‘lgani sababli “zaxira” deyiladi. Mohiyatan, ular fuqarocha hayot kechirishda davom etayotgan yollanma askarlardir.

“Bunaqalarning soni aniq emas: hatto yuz minglarcha bo‘lishi mumkin. Yaqinda bir gap chiqdi: harbiy komissariatlar ularni xizmatga chaqirib, shartnoma imzolayotgan va jangovar harakatlar hududiga yo‘llayotgan ekan. Bosh tortgan fuqaro esa, qonunga ko‘ra, zaxirada turgan vaqtida unga muntazam to‘lab borilgan pullarni davlatga qaytarishi kerak bo‘ladi.

Buning ustiga uni jarima va boshqa ma’muriy jazolarga, hatto jinoiy javobgarlikka tortishlari ham mumkin”, deya urg‘ulaydi huquqbon.

XS
SM
MD
LG