Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:09

Rossiya ayrim davlatlardan talabalarning kirishiga ruxsat berdi. O‘zbekiston ro‘yxatda yo‘q


Rossiya hukumati mamlakat OTMlarining kunduzgi bo‘limlarida tahsil olayotgan talabalarga Rossiyaga kirishga ruxsat berilgan davlatlar ro‘yxatini e’lon qildi.

Ammo Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligi keltirgan ro‘yxatda O‘zbekiston yo‘q. Vazirlikda Ozodlikka bu qarorni Rospotrebnadzor O‘zbekiston “epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lmagan” davlatlar qatoriga kiritgani bilan izohlashdi.

Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligi chet ellik talabalarning o‘qishga kelishiga oid yangi tartibni joriy etdi.

Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin imzolagan 635-r - raqamli farmoyishga muvofiq, kunduzgi bo‘limda o‘qiyotgan oliy o‘quv yurtlari talabalariga maxsus tartib asosida Rossiyaga kirishga ruxsat berildi.

Bu qarordan xabar topgan bir guruh o‘zbekistonlik talabalar Ozodlikka “O‘zbekistonlik talabalarga ham Rossiyaga kirishga ruxsat berildimi?” degan savol bilan murojaat qilishdi.

Ozodlikning bu savoliga javob bergan Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vazirligining Angelina ismli matbuot xizmati rasmiysi kirishga ruxsat berilgan talabalar orasida o‘zbekistonlik yoshlar yo‘qligini afsus bilan ma’lum qildi.

- Haqiqatan, epidemiologik vaziyat barqarorlashgan mamlakatlardan kelayotgan xorijlik talabalar, aspirantlar, ordinatorlarga kirishga ruxsat beruvchi Rossiya Federatsiyasi hukumati farmoyishi 20 - mart kuni e’lon qilindi. Saytimizda kirish tartibi batafsil tushuntirilgan. Epidemiologik vaziyat yaxshi yoki yomon bo‘lgan davlatlar ro‘yxatini bizga Rospotrebnadzor aniqlashtirib beradi. Afsuski hozircha ro‘yxatga O‘zbekiston kiritilmagan, - dedi vazirlik rasmiysi.

Vazirlik rasmiy saytida talabalarga kirishga ruxsat berilgan davlatlar qatorida Abxaziya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Vyetnam, Gretsiya, Misr, Hindiston, Qozog‘iston, Qatar, Qirg‘iziston, Kuba, Maldiv Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Seyshel orollari, Serbiya, Singapur, Tanzaniya, Turkiya, Finlyandiya, Shveysariya, Efiopiya, Janubiy Koreya, Janubiy Osetiya va Yaponiya bor.

Idora vakilasi keltirilgan ro‘yxat o‘zgartirilib, to‘ldirib borilishi mumkinligini ham qo‘shimcha qildi.

Yangi tartibga ko‘ra, xorijlik talabalar Rossiyaga kirib kelishlaridan kamida 10 kun oldin o‘z universitetlariga elektron pochta orqali kirish muddati to‘g‘risida bildirishnoma yuborishlari lozim.

Kirishga ruxsat berilgani to‘g‘risida javob ham elektron pochta orqali keladi. Ruxsat olgan student kirishgacha bo‘lgan 3 kun ichida COVID-19ga test topshirishi lozim. Test koronavirus borligini aniqlamasa, ular bu haqda rus yoki ingliz tilida hujjat olib chegaradan o‘tishlariga ruxsat beriladi.

Rossiya hukumati mamlakatga kirib kelgan chet ellik talaba keyingi 72 soat davomida qaytadan PZR (polimeraza zanjirli reaksiyasi) tekshiruvidan o‘tishga majbur ekanini belgilab qo‘ydi. Bu testlar natijalari chiqqunga qadar talabalar o‘zini-o‘zi izolyatsiya qilish rejimida qoladi va o‘qish ular uchun onlayn tarzda o‘tkaziladi.

Bundan oldinroq Rossiya Fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy Falkov koronavirus avj olgan o‘tgan 2020 - yilda mamlakat OO‘Yulariga 98 ming xorij grajdani talabalikka qabul qilinganini bildirgandi. Pandemiya avj olishi tufayli 37 foiz universitet va institutlar masofaviy ta’lim kurslariga o‘tdi.

Rossiya parlamentining Ta’lim va fan qo‘mitasi raisi birinchi muovini Oleg Smolin bugungi kunda Rossiyada xorijlik talabalarning yarmidan ko‘pi o‘z uyida turib, o‘quv jarayoniga Internet orqali qatnayotgani va bu holat mamlakat ichkarisidagi ta’lim tizimiga juda salbiy ta’sir o‘tkazayotganini ma’lum qildi.

Hukumat pandemiya ortidan joriy yilning aprel oyidan davlat oliy o‘quv yurtlarida ta’lim bahosini tushirishi va keyingi yilda byudjet o‘rinlariga qabul qilinajak talabalar sonini oshirishi to‘g‘risida e’lon qildi.

Shu yilning fevral oyida Rossiya tomoni O‘zbekiston fuqarolarining mamlakatga kirib kelishlari, jumladan, o‘qish maqsadida kelishlari uchun o‘rnatilgan cheklovlarni bekor qilgani yo‘qligi to‘g‘risida xabar berilgan edi. Rossiyaga kirolmayotgan o‘zbekistonlik talabalar darslardan ortda qolayotganliklarini aytib kelmoqda.

So‘nggi yillarda Rossiya oliygohlarida o‘qiydigan talabalar soni bo‘yicha O‘zbekiston MDH davlatlari orasida peshqadamga aylanib, bu ko‘rsatkich yil sayin oshib boryapti.

Rossiya Fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Marina Borovskaya 2019 - yili mamlakatda 26,5 ming o‘zbekistonlik kunduzgi bo‘limlarda tahsil olganini bildirgan edi.

Bu raqamlarda Rossiyada tijoriy oliy o‘quv yurtlari kunduzgi bo‘limlarida tahsil olayotgan talabalar soni aks ettirilmagan.

XS
SM
MD
LG