Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:26

Rossiya bir dozali Sputnik V vaksinasi 80% samaradorligini e’lon qildi


Rossiyada koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasining bir dozali versiyasi 80% samaradorlikka ega ekani iddao qilindi.

Bu haqda «Sputnik V» vaksinasini targ‘ib qiluvchi Rossiya To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi (RFPI) ma’lum qildi.

Jamg‘arma ma’lumotiga ko‘ra, bir dozali vaksinaning samaradorlik darajasi 79,4% ekani standart klinik tekshiruvlar emas, balki real hayotdan olingan ma’lumotlar asosida aniqlangan.

Tadqiqotning yakuniy bosqichiga oid dastlabki natijalari shu oyning oxirida e’lon qilinishi kutilmoqda. RFPI dastlabki va o‘rta bosqichdagi tadqiqotlar davomida vaksinaning salbiy ta’siri kuzatilmaganini bildirdi.

Sputnik Light nomi berilgan vaksina «kasalxonaga yotishga olib keladigan og‘ir holatlar ehtimolini sezilarli darajada ozaytiradi», deyiladi RFPI bayonotida.

Tadqiqotlar Rossiyaning ikki dozali «Sputnik V» vaksinasi samaradorligi 92% ekanini ko‘rsatgani ma’lum qilingan.

O‘tgan yilning avgust oyida prezident Vladimir Putin xavfsizlik sinovlari yakunlanishidan oldin Rossiyada dunyodagi birinchi COVID-19 vaksinasi foydalanish uchun ma’qullanganini e’lon qilgani uchun dastlab rus vaksinasi haqida shubha yuzaga kelgan edi.

RFPI global miqyosda 20 milliondan ortiq odam «Sputnik V» vaksinasining birinchi dozasini olganini ma’lum qilgan. Rossiyaning o‘zida esa aholini emlanishga ko‘ndirish qiyin kechmoqda.

Mamlakatda koronavirus yuqtirish holatlari xavotirli sur’atlarda o‘sib borayotgan bo‘lishiga qaramasdan, rossiyaliklarning atigi 8 foizi vaksinaning birinchi dozasini olgan.

RFPI direktori Kirill Dmitriyev Bloomberg nashriga telefon orqali bergan intervyusida ikki dozali «Sputnik V» Rossiyada asosiy vaksina bo‘lib qolishini aytdi.

Dmitriyevning so‘zlariga ko‘ra, yengil versiya «asosan kovid holatlari sezilarli darajada oshib borayotgan mamlakatlar uchun mo‘ljallangan».

«Sputnik Light kelgusi haftadan boshlab bir necha mamlakatda ro‘yxatdan o‘tishini kutmoqdamiz», - dedi u. Dmitriyev RFPI Rossiya tartib-qoidalariga rioya qilayotganini qo‘shimcha qildi.

Vaksina haqida o‘tkazilgan vebinarda Dmitriyev yengil versiya ikki dozali asosiy vaksina bilan bir xil bo‘lganligi sababli «iyunga qadar “Sputnik V” ro‘yxatdan o‘tkazgan ko‘plab mamlakatda Sputnik Light ham rasman ma’qullanishiga ishonamiz», dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shimcha klinik tekshiruvlar o‘tkazilganidan keyin, Sputnik Light virusning mutatsiyalaridan himoya qilishda boshqa COVID-19 vaksinalariga qo‘shimcha o‘laroq ishlatilishi mumkin bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG