Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:04

Rossiya Bishkek shahridagi tumanlarning nomlari qirg‘izchalashtirilishiga qarshi chiqmoqda


Bishkek manzarasi.
Bishkek manzarasi.

Joriy yilning 25-26-noyabr kunlari Bishkekda bo‘lib o‘tgan Xalq qurultoyida Qirg‘iziston Jo‘g‘o‘rqu Keneshi raisi Nurlanbek Shakiyev milliy til masalasini ko‘tarib, poytaxt Bishkekdagi to‘rt tuman nomini o‘zgartirishni taklif qildi.

Moskva bu taklifiga zudlik bilan munosabat bildirdi. Rossiya Davlat dumasi deputatlari Qirg‘izistonda “rus tili kamsitilyapti” degan iddaoni olg‘a sura boshladilar.

Qirg‘iz jamoatchiligi rossiyalik deputatlarning bu harakatini “mamlakat ichki ishlariga aralashish” deb baholamoqda. Hozircha na Jo‘g‘o‘rqu Kenesh, na hukumat bu borada rasman munosabat bildirmadi.

Jo‘g‘o‘rqu Kenesh raisi Nurlanbek Shakiyev Xalq qurultoyining ochilishida “Afsuski, ko‘pchilik viloyatlarimizda hanuzgacha boshqa tilda, boshqa nomdagi yer-suvlar mavjud, ularning barchasini tezroq qirg‘izchalashtirishimiz kerak. Jumladan, poytaxtimiz Bishkekning to‘rt tumanini tezda qirg‘iz tilida nomlashimiz kerak”, — degan edi.

Shakiyevning bu bayonotidan so‘ng, Rossiya Davlat dumasi Xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Svetlana Jurova “Govorit Moskva” radiosiga bergan intervyusida bunday tashabbus “Qirg‘izistonda yashovchi rusiyzabonlarning huquqlarini poymol qiladi”, dedi.

"Bu oddiy narsa emas. Bu rus tilini butunlay bostirishga qaratilgan kichik qadamlardir. Bundan shubham yo‘q. Balki biz hozircha bunday qilmaslikni so‘rab, Qirg‘izistondagi rus millati vakillari huquqlarini buzmaslik chaqirarmiz. Agar shunday bo‘laversa, aloqalarimiz uziladi”, — dedi Jurova.

Davlat dumasi deputati Gruziya va Ukrainada ham “barchasi rus tilini bostirishdan boshlangani”dan ogohlantirdi va bu masalaga Rossiya prezidentining aralashuvi zarurligini qayd etdi.

Rossiya Kommunistik partiyasi a’zosi, Davlat dumasi deputati Aleksandr Yushchenko spiker Shakiyevning tashabbusini “Qirg‘iziston hukumati sovet o‘tmishiga tupurmoqda”, deb baholadi. Bu haqda Rossiyaning “Gazeta.ru” nashri yozdi.

"Men tumanlar nomini o‘zgartirishni qo‘llamayman. Boltiqbo‘yi, Ukrainadan boshlab sobiq Sovet Ittifoqi respublikalari, jumladan, Qirg‘iziston ham xuddi shunday yo‘ldan ketmoqda. Qirg‘iziston Sovet Ittifoqida iqtisodiy jihatdan kuchli, mustaqil respublika sifatida shakllangan. Uning potensialы - “sovet”niki. Shuning uchun sovet o‘tmishiga tupurish uzoqqa olib bormaydi”, -der ekan Yushchenko, postsovet mintaqasidagi "antisovet tendensiyasi ortida G‘arb turibdi" deya fikr bildirgan.

Davlat dumasi Xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dmitriy Novikov ham tumanlar nomini qirg‘iz tiliga o‘tkazish tashabbusini tanqid qilib, Qirg‘izistonda “antisovet retsidiv” boshlanganini aytgan.

Duma vakillarining bu bayonotlari qirg‘iz jamoatchiligida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik buni Moskvaning suveren davlatning ichki ishlariga aralashuvi deb baholamoqda.

Deputat Kamila Taliyeva rossiyalik hamkasbi Jurovaga javob qaytardi va uning so‘zlarini “Qirg‘iziston ichki ishlariga aralashish” deb hisoblashini aytdi:

"Rus tili faqat Qirg‘izistonda rasmiy til maqomiga ega. Shu bois Rossiya Davlat dumasi deputati Svetlana Jurovaning xalqaro qoidalarga to‘g‘ri kelmaydigan, davlat munosabatlariga soya soluvchi va hamkor davlatning ichki ishlarga aralashgan bayonoti asossizdir. Negaki, rus tilining Qirg‘izistondagi o‘rni alohida, qonunlarimizdan boshlab, ko‘chadagi reklamalargacha davlat tili bilan yonma-yon qo‘llaniladi”.

Bayonotda xalq vakili ma’muriy-hududiy nomlarni o‘zgartirish suveren davlatning ichki ishi ekanini ta’kidlab, bu ishning Qirg‘iziston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytdi.

Shu bilan birga, poytaxt tumanlari nomlarini qirg‘izchalashtirish tashabbusi amalga oshmaydi deb hisoblovchilar ham mavjud. Ulardan biri fuqarolik jamiyati faoli Cho‘ro‘bek Sadanbek bu kabi tashabbuslar avval ham bo‘lganini esga oldi:

"Hukumatimiz tumanlar nomlarini qirg‘iz tiliga o‘girishiga chindan ishonmayman. Bungacha ham barcha rasmiy hujjatlarni qirg‘iz tiliga o‘girish, rasmiy yozishmalarni faqat qirg‘iz tilida olib borish tashabbuslari bo‘lgan, lekin ular amalga oshirilmagan. So‘nggi bor bosh prokuror “hamma davlat hujjatlarini qirg‘izcha qilaylik”, deb taklif qilgan edi. Biroq Rossiyaning Qirg‘izistondagi elchisi bu bayonotdan xavotir bildirdi. Shu tariqa bu tashabbus natija bermadi. Demak, bu tashabbus ham natija bermaydi".

Rasman bir milliondan ortiq aholi yashaydigan Bishkek shahri to‘rt tumanga bo‘lingan. Ular Birinchi May, Sverdlov, Oktabr va Lenin tumanlaridir.

Tumanlar nomlarini qirg‘izlashtirish tashabbusi bir necha yildan beri ko‘tariladi.

Prezident Sadir Japarov 16-noyabr kuni Botken viloyatidagi uchta qishloq hukumati va 10 ta qishloq nomini qirg‘izchaga almashtirish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan.

Qirg‘izistonda qishloq, hudud, tuman va viloyatlarga qirg‘iz tilida nom berish 1991-yil, mustaqillikka erishgandan so‘ng boshlangan.

XS
SM
MD
LG