Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2021, Тошкент вақти: 01:49

Rossiya elchisi O‘zbekiston bilan AES bo‘yicha shartnoma bitib qolganini bildirdi


Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li atrofida AES qurilishi masalasida olib borilayotgan texnik tadqiqot ishlari ("O‘zatom" fotosi)

Atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi shartnoma asosan hozirlab bo‘lindi, bu borada faqat texnik jihatlar va narx masalasini ko‘rib chiqish qolgan, xolos.

Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenev 21 - dekabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

Mohiyatan ko‘p masalalarda kelishuvga erishildi. Shartnoma asosan hozirlab bo‘lindi. Oxirgi masala bo‘lib, odatdagiday, narx masalasi qolmoqda. So‘nggi paytda tomonlar qo‘shimcha masalalarni ko‘rib chiqmoqdalar. Masalan, atom stansiyasi sovitib turilishi kerakligi kabi. Bu yerda suv ombori suvidan foydalanish taklif qilingandi. Biroq bu hozir uncha to‘g‘ri kelmaydi. Hozir suv iste’molini kamaytirish uchun loyihaga qanday o‘zgartishlar kiritish lozimligi haqida o‘ylanishyapti”, - degan elchi V.Tyurdenev.

Rus diplomati Moskva ham, Toshkent ham AES loyihasi amalga oshirilishi kerak, degan yondashuvdan kelib chiqayotgani, bu barcha darajalarda tasdiqlangani va gap aynan texnik jihatlardagina qolganini urg‘ulagan.

O‘zbekiston hududida Rossiya bilan hamkorlikda AES qurilishi bo‘yicha ikki mamlakat hukumatlari 2018 - yil sentabrida kelishuvga erishgandilar. Bu ish asosan “Rosatom” davlat korporatsiyasi tomonidan amalga oshiriladigan bo‘lgan. Stansiya qurilishi uchun ustuvor joy o‘laroq Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li yaqinida joylashgan maydon tanlangani aytilgandi.

O‘sha yilning 19 - oktabrida prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin Jizzaxda AES qurilishining ramziy tugmasini bosgan edilar.

2019 - yilning 3 - sentabrida Toshkentga kelgan “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachyov atom elektr stansiyasini qurish ishlari 2020 - yilning boshidan boshlanishi haqida e’lon qilgan. Biroq keyinroq TASS agentligi qurilish ishlarini 2022 - yildan boshlash rejalashtirilayotgani haqida xabar qilgandi.

Avvalroq energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev O‘zbekiston Rossiya bilan AES qurish shartnomasini imzolashga hozircha tayyor emasligini bildirgan.

Rodrobno.uz nashriga shu yil 17 - avgustida bergan intervyusida Sherzod Xo‘jayev: “Bizga kontraktni tayyorlash va bizni bu shartlar qanoatlantiradi, deb aytish uchun bir oz ko‘proq vaqt kerak. Bir tomondan bu yomon, chunki jarayon bir oz cho‘zilib ketadi. Boshqa tomondan olganda, muzokaralarning har bir raundidan keyin o‘zbek tomonining imkoniyatlari kengaymoqda”, deb aytgan.

Noyabr oyida energetika vaziri Alisher Sultonov O‘zbekistondagi AES reaktori ustiga Boeing uchog‘i qulashini hisobga olgan holda qurilishini, yadro reaktori chiqindilari esa O‘zbekistonda qolmasligini iddao qilgan edi.

Jizzaxda AES qurilishi bo‘yicha o‘zbek rasmiylarini asosan masalaning texnik jihatlari qiziqtirayotgan bo‘lsa, mamlakat jamoatchiligini asosan mazkur stansiyaning naqadar xavfsiz bo‘lishi va unga ketadigan pul masalasi tashvishlantirmoqda.

“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq rahbarlaridan biri Anvar Husainov avvalroq Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistonda AES qurilishi masalasiga nojiddiy yondashib bo‘lmasligini, bu borada umumxalq referendumi o‘tkazish kerakligini aytgan edi.

Rossiya qurib bermoqchi bo‘layotgan bu AES kamida 15 milliard dollarga tushadi. Buncha katta pulning yuki yana borib xalq yelkasiga tushadi. Shuning uchun¸ birinchidan¸ atom energiyasi¸ uning narxi, xavfsizligi, boshqa energiya manbalari haqida mustaqil mutaxassislar haqiqiy ma’lumotlarni jamoatchilikka ochiq taqdim etish kerak. Ana undan keyin AES kabi jiddiy loyiha bo‘yicha xalqdan fikr so‘rash, kerak bo‘lsa, umumxalq referendumi o‘tkazish kerak bo‘ladi”, degandi A. Husainov.

O‘zbekistonni atom elektr stansiyasi bor davlatlar klubiga qo‘shish tashabbusi ortida Rossiya harbiy-xavfsizlik manfaatlari yotganini ta’kidlagan Husainov o‘shanda Mirziyoyev hukumatini bunday vaziyatda milliy manfaatlarni himoya qilish, buning uchun labbaychi amaldorlar emas, balki mustaqil mutaxassislar fikriga quloq solishga chaqirgan.

Bundan tashqari, o‘z ilmiy tadqiqoti xulosasi hukumat, xususan, prezident targ‘ib qilayotgan loyihaga qarshi bo‘lgani bois shaxsini ochiqlamagan bir guruh o‘zbekistonlik mutaxassislar ham AES masalasida o‘tgan yili Ozodlikka 17 - sahifali maktub yo‘llashgan.

Maktub mualliflari atom elektr energiyasi ishlab chiqarish bozoridagi yetakchi mavqeini boy bermaslik uchun Rossiya shavqatsiz ravishda O‘zbekiston rahbarlari va xalqini manipulyatsiya qilayotganini aytishgan.

Maktubning xulosa qismida bu mutaxassislar arzon deb aytilayotgan atom energiyasini olish uchun davlat byudjetidan yiliga 1¸5 milliard dollardan ko‘proq subsidiya ajratish kerak bo‘lishi; so‘m yetakchi valyutalarga nisbatan tebranib turgan vaziyatda bu davlat byudjetiga nihoyatda katta yuk qo‘yishi; hukumat garantiyasi bilan olinadigan tashqi qarzning keskin oshishi O‘zbekistonning suveren reytingiga salbiy ta’sir qilishi; O‘zbekistonda AES qurish qayta tiklanuvchi muqobil energiya manbalarini yaratishga nihoyatda kuchli to‘siq bo‘lishini bildirishgan.

XS
SM
MD
LG