Линклар

Шошилинч хабар
12 октябр 2024, Тошкент вақти: 07:35

Rossiya: Krasnoyarskdagi bozorlarda 520 migrant qo‘lga olindi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida politsiya mahalliy bozorlarda o‘tkazilgan reyd chog‘ida 520 kishini qo‘lga olgan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Krasnoyarsk o‘lkasi bo‘yicha bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, reydlar chog‘ida xorijliklar tomonidan migratsiya tartibini buzganlik, chegara tartibini buzganlik, mamlakatda noqonuniy yurganlik, noqonuniy ishlaganlik va boshqa huquqbuzarliklar bo‘yicha 24 ta ma’muriy bayonnoma tuzilgan.

Shaharning Shaxtyorlar ko‘chasida joylashgan “Yujniy” (“Janubiy”) va “Luch” (“Nur”) bozorlarida keng ko‘lamli reydlar bo‘lib o‘tgan.

Reyd chog‘ida qo‘lga olingan migrantlar og‘zidan “jinoyatlar sodir etganlikka aloqadorlikni tekshirish uchun” so‘lak namunalari olingan. Mahalliy politsiya vakillari reyd paytida migratsion qonunchilikni buzgan holda Krasnoyarsk hududida bo‘lgan O‘zbekiston, Ozarbayjon, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari ushlanganini bildirishgan. Politsiya ularni ma’muriy javobgarlikka tortmoqchi, kamida yetti kishini esa mamlakatdan chiqarib yuborish masalasi hal qilinmoqda.

Xabar qilinishicha, reyd chog‘ida qo‘lga olingan 92 kishining Rossiya fuqaroligini olgani aniqlangan, ularning qo‘liga harbiy komissariatga chaqiruv qog‘ozi tutqazilgan.

Politsiyachilar va Federal xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari noqonuniy migratsiya tashkil qilganlik ehtimoliga oid ishlar bo‘yicha 50 ta tekshiruv materialini qaydga olishgan.

Rossiyada so‘nggi oylarda migrantlarga qarshi kayfiyatlar kuchaygani va qonunchilik keskinlashgani kuzatilmoqda. Ozodlikning “Sibir.Realii” loyihasi qaydicha, bu holat ayniqsa Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll”dagi teraktlardan keyin kuchayib ketgan. Rossiyalik tergovchilar rasmiy taxminiga ko‘ra, mazkur hujumni tojikistonlik bir guruh fuqaro sodir etgan.

Teraktdan so‘ng Rossiyaning turli mintaqalarida huquq-tartibotchilar xorijliklar yashaydigan va ishlaydigan joylarda reydlar o‘tkaza boshlaganlar. Ayrim holatlarda migrantlar harbiy komissariatlarda qayddan o‘tkazilgan. Shu bilan bir paytning o‘zida Rossiyada millatchilar “reydlari” ham boshlanib ketgan – bu “reydlar” davomida ular migrantlarni ishdan bo‘shatish va qizlarning ro‘mollarini yechishtirishni talab qilishgan.

2023-yilning oktyabr oyida Rossiya Davlat dumasiga xorijliklarga butun mamlakat bo‘ylab maktablarda, farmatsevtika sohasida, davlat tibbiyot muassasalarida, taksi va yuk tashishda ishlashni taqiqlash ko‘zda tutilgan qonun loyihasi kiritilgan.

2023-yil noyabrida Davlat dumasi spikerining o‘rinbosari Pyotr Tolstoy “Rossiyada migrantlarga nisbatan pozitsiyaning passivligi” yuzasidan taassuf bildirgan edi. O‘shanda u ayrim postsovet respublikalaridan kelganlarga kuryer, taksi haydovchisi va sotuvchi bo‘lib ishlashni taqiqlashni taklif qilgan edi.

XS
SM
MD
LG