Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 14:46

"Rossiya musulmonlari nomidan". Ramzan Qodirov Navalniyga Qur’on bermaslikka chaqirdi


Ramzan Qodirov o‘zini "Putinning askari" deb ataydi
Ramzan Qodirov o‘zini "Putinning askari" deb ataydi

Ramzan Qodirov 2-sonli axloq tuzatish muassasasida qamoq jazosini o‘tayotgan muxolifatchi Aleksey Navalniyni Qur’on kitobi vositasida ig‘vogarlik qilishda ayblab, “Rossiya musulmonlari nomidan” qamoqxona ma’muriyatini muqaddas kitobni uning qo‘liga bermaslikka chaqirdi.

Bu haqda Checheniston rahbari o‘z Telegram-kanalida xabar qoldirgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha Navalniy qamoqxonada mutolaa qilish maqsadida chetdan buyurtma bilan oldirgan Qur’onni qamoqxona ma’muriyati, ekstremizmga aloqadorlik yuzasidan tekshirish bahonasida unga bermayotganini aytib, sudga arz qilgani haqida xabar berilgan edi.

Qodirov bu ishi uchun unga nisbatan keskin munosabat bildirdi. Ijtimoiy tarmoqda u Navalniy ilgari hijob o‘ragan muslimalarni “o‘rta asr yovvoyilari” deb atagani, shuningdek machitlar qurilishiga qarshi chiqqanini eslatgan.

“Bu islomofob Muqaddas Kitobni o‘z siyosiy maqsadlarida qo‘llashga intilayotgani kunday ravshan, ig‘vogarlik ishlarini Qur’on oyatlaridan iqtiboslar bilan xaspo‘shlashi tayin, chunki Yevropada bunaqa qing‘irliklarni juda yaxshi bilishadi”, — deb yozdi Checheniston rahbari.

Shuningdek, Qodirov Navalniyning islom dinini qabul qilishiga va “haq yo‘liga kirishi”ga shubha qilishini aytgan va qamoqxona nozirlariga murojaat qilib, “mahbus dinlararo janjal chiqarishiga yo‘l qo‘ymaslikka” chaqirgan.

“Agar mahbus chin dildan tavba qilib, haq yo‘lga kirishni istasa, islom dinini qabul qilib, butun qalbi bilan Yaratganning kalomini tinglash ishtiyoqida bo‘lsa (Navalniyning muddaosi shu ekaniga shubham bor), mayli. Agar aksi bo‘lsa, Qur’on — u iflos qo‘llarini tekkizadigan narsa emas”, — deb yozdi Ramzan Qodirov.

Checheniston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Navalniyning ijtimoiy-siyosiy qarashlari va turmush tarzi “din va ayniqsa, islom bilan hech bir tariqa bog‘liq emas”.

“Iv Roshe” ishi bo‘yicha sudlangan muxolifatchi Aleksey Navalniy mart oyi o‘rtalaridan beri Vladimir viloyatidagi 2-sonli axloq tuzatish muassasasida saqlanmoqda.

Kuni kecha siyosatchi nozirlar unga tegishli Qur’on kitobini berishmayotgani sababli, qamoqxona ma’muriyati ustidan sudga shikoyat qilgani to‘g‘risida ma’lum qildi. Navalniyga ko‘ra, o‘qish uchun olib keltirgan kitoblari bir oydan beri ekstremizmga aloqadorlik vajidan tekshirilmoqda.

“Ammo Qur’onni tekshirish nimasi — hech tushuna olmayman. Bu qanaqa gap? 2-sonli ATKda praporshik Nechiporenko degani o‘tirvolib, bir yarim milliard odamning muqaddas kitobidan ekstremizm qidirmoqda. Bu nafaqat noqonuniy va absurd, balki dindorlarga, nafaqat dindorlarga, balki har bir o‘qimishli kishiga nisbatan haqoratdir”, — deyiladi, jumladan, Navalniyning arizasida.

Muxolifatchining aytishicha, ham siyosatchi, ham nasroniylik dini vakili sifatida islom va musulmonlarni yaxshiroq anglash maqsadida Qur’on va Sunnatni o‘rganishni xohlaydi.

XS
SM
MD
LG