Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:54

Rossiya: Olimpiyachilar Putin bilan uchrashuv oldidan bir hafta karantinda o‘tiradi


Prezident Putin Tokiodagi Olimpiada o‘yinlari boshlanishidan oldin mamlakat olimpiyachilarini Kremlda qabul qilgan - Moskva, 30 - iyun, 2021.
Prezident Putin Tokiodagi Olimpiada o‘yinlari boshlanishidan oldin mamlakat olimpiyachilarini Kremlda qabul qilgan - Moskva, 30 - iyun, 2021.

Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan rossiyalik sportchilar Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun 7 kun mehmonxonada karantin saqlashlari va shu vaqt ichida uch marta koronavirusga test topshirishlari kerak bo‘ladi.

Sport gimnastikasi bo‘yicha olimpiya chempioni Angelina Melnikovaning so‘zlaridan shunday ma’no anglashiladi. U “Instagram”dagi sahifasida karantinda o‘tirish uchun narsalarini yig‘ishtirayotganini yozgan va so‘ngra gap nima haqida ekanini tushuntirgan:

“OO‘ning barcha chempionlari va sovrindorlari vatanga qaytishgach prezident bilan uchrashadi. Bizning uchrashuvimiz 10 - sentabrga belgilangan, hammani jonidan to‘yish darajasida bezor qilgan kovid munosabati bilan 7 kun karantinda o‘tirishga majburmiz. Mehmonxonaning bitta xonasida, barcha odamlardan ihotalangan holda yashayapmiz. 3 marta kovidga test topshiramiz”, deb yozgan sportchi qiz.

Melnikovaning xabariga “Reuters” agentligi e’tibor qaratgan. Kreml yoki sport mulozimlari tarafidan rasmiy izoh berilgan emas.

O‘tgan yilning martida, pandemiya boshlanganidan so‘ng Putin shaxsiy uchrashuvlarni sezilarli darajada kamaytirib, turli tadbirlarda asosan on-layn rejimida ishtirok etishga o‘tdi. O‘shanda Putin bilan yuzma-yuz uchrashishi lozim bo‘lgan shaxslar bundan oldin karantin saqlashi kerakligi aytilgan edi. Xususan, Putindan intervyu olgan amerikalik jurnalistlardan ham shu talab qilingan.

Joriy yilning bahorida Putin Rossiyada ishlab chiqarilgan vaktsina bilan emlanganini ma’lum qilgan edi (keyinroq bu “Sputnik V” vaksinasi edi, deb aniqlashtirgan). 30 - avgust kuni esa u emlanganiga bir necha oy to‘lgan bo‘lsa-da, organizmida antitanachalar darajasi hamon yuqori ekanini aytdi.

Emlanganlarga ham kasallik yuqishi holatlari uchrayotganiga qaramay dunyoning aksari mamlakatlarida, jumladan Rossiyada emlangan kishilar epidemiyaga qarshi kurash bilan bog‘liq qator cheklovlardan ozod qilinadi. Xususan, ular ommaviy tadbirlarga borish uchun test topshirishi shart emas, chegaralarni kesib o‘tishda ularga nisbatan soddalashtirilgan qoidalar tatbiq etiladi va hkz.

Emlangan bo‘lishiga qaramay, Putin bilan uchrashish uchun hamon karantin saqlash talab qilinayotgani sababi aniq emas.

XS
SM
MD
LG