Rossiyadagi “migrant ovi” ortidan Qozog‘istonda ham Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bo‘lgan migrantlarni tekshirish, qo‘lga olish va deportatsiya qilishlar kuchaygan.
Ozodlikning tojik xizmati Qozog‘istonda ishlayotgan tojikistonlik migrantlardan mahalliy politsiya markaziy osiyoliklar o‘rtasida tekshiruvlar o‘tkazayotgani haqida xabarlar kelayotganini qayd etgan.
“Hatto vaqtincha yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lganlarni ham qo‘lga olib, deportatsiya qilish holatlari bo‘ldi”, degan Ozodlik suhbatdoshlaridan biri.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi 7-may kuni Qozog‘istonga yo‘l olgan fuqarolarni yonida ruxsatnomalar bo‘lishi zarurligi haqida ogohlantirgan. TIV buni Qozog‘iston xalqaro aeroportlarida kuchaytirilgan xavfsizlik choralari joriy etilgani bilan izohlagan.
Avvalroq Qozog‘iston politsiyasi Ulitau viloyatida ishlagan 16 nafar migrant deportatsiya qilingani haqida ma’lumot tarqatgan edi. Ulardan to‘qqiz nafari tojikistonlik, yetti nafari esa o‘zbekistonlik bo‘lgan.
“Bu xorijliklar Satpayev shahrida tegishli ruxsatnoma va hujjatlarsiz ishlagani aniqlangan. Qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash maqsadida bu xorijlik fuqarolarning hammasi mamlakat hududida majburiy tarzda chiqarib yuborilgan”, deyilgan politsiya xabarnomasida.
Aprel oyida Tojikiston TIV mamlakat fuqarolariga Rossiyaga safar qilishdan tiyilishni tavsiya qilgan edi. Garchi vazirlik bayonotida bu haqda ochiq aytilmagan bo‘lsa ham, bir qator huquqbonlar mazkur tavsiyaga tojikistonlik fuqarolarning siquvga olinayotgani sabab bo‘lgan, deya taxmin qilmoqdalar.
Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” konsert zalida sodir etilgan teraktlar ortidan Rossiyada migrantlar ksenofobiyaning yangi to‘lqini bilan to‘qnash kelishgan. Mazkur ish bo‘yicha hibsga olinganlarning ko‘pchiligini Tojikiston fuqarolari tashkil etadi.