Rossii prezidenti Vladimir Putin ikki kunlik davlat tashrifi bilan Ozarbayjonga bordi, deya xabar qildi 18-avgust oqshomida Kreml matbuot xizmati.
Boku Xalqaro jinoyat sudi ta’sis etgan Rim statuti ishtirokchisi bo‘lib hisoblanmaydi, bu esa Putinning hibsga olinishdan cho‘chimasdan Ozarbayjonga borishi mumkinligini anglatadi. 2023-yilning mart oyida Xalqaro jinoyat sudi ukrainalik bolalarning Rossiyaga noqonuniy ko‘chirilishi ayblovi bilan Putinni hibsga olishga order bergan edi. Bu holat XJS tomonidan harbiy jinoyat o‘laroq baholangan. Moskva mazkur ayblovlarni rad etib keladi.
Qayd etilishicha, Vladimir Putin ozarbayjonlik hamkasbi Ilhom Aliyev bilan muzokaralar chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi “strategik hamkorlik va ittifoqchilik”ni yanada rivojlantirish masalalarini hamda dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolarni muhokama qiladi.
Moskvaning yaqin hamkori hisoblanmish Ozarbayjon ayni paytda g‘arb mamlakatlariga energiya tashuvchilarni yetkazib berayotgan yirik ta’minotchilardan biridir.
Bokuga safar chog‘ida Putin Tog‘li Qorabog‘ tufayli Ozarbayjon bilan Armaniston o‘rtasida kuzatilgan ko‘p yillik mojaro bilan bog‘liq tinchlik muzokaralari yuzasidan izoh berishi kutilmoqda.
Rossiyaning an’anaviy hamkorlari va ittifoqchilari sirasiga kirgan Armaniston so‘nggi paytlarda G‘arb bilan aloqalarni yaxshilashga urinib kelmoqda. Bu holat Yerevanning Moskva bilan aloqalari sovishiga olib kelgan. Yerevan Kremlni Ozarbayjon bilan to‘qnashuvlar chog‘ida Armanistonni dastaklamaganlikda ayblamoqda.
2023-yil kuzida Ozarbayjon shiddatli hujum natijasida Tog‘li Qorabog‘ ustidan to‘liq nazoratni qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgan. Keyinroq 30 yil muqaddam etnik armanlar tomonidan mustaqil deb e’lon qilinmish tan olinmagan respublika rasman tugatildi. O‘shandan buyon Boku va Yerevan o‘rtasida tinchlik shartnomasi to‘g‘risida muzokaralar olib borilmoqda.