Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:16

Tahlil: Nega sanksiyalarga qaramay Rossiyada ishsizlik darajasi pastligicha qolmoqda?


Moskvadagi VTB Bank sho‘’basi. 28-fevral, 2022.
Moskvadagi VTB Bank sho‘’basi. 28-fevral, 2022.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi ortidan G‘arb davlatlari mamlakatga qarshi keng ko‘lamli moliyaviy va texnologik sanksiyalarni kiritdi. Shu bilan birga, minglab Rossiya fuqarolarini ish o‘rinlari bilan ta’minlagan bir qancha G‘arb shirkatlari mamlakatni yoppasiga tark etdi. Ammo Rossiyada ishsizlik darajasi hayratlanarli darajada past bo‘lib qolmoqda.

Joriy yilning may oyida Rossiyada ishsizlik darajasi 3,9 foizga tushdi va iyun oyida ham xuddi shunday darajada saqlanib qoldi. Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan beri mamlakatdan bunday ko‘rsatkich kuzatilmagan edi. Solishtirish uchun, ayni damda AQShda ishsizlik darajasi 3,6 foizni tashkil qiladi.

Prezident Vladimir Putin hukumati saylov natijalari hamda COVID yuqtirganlar soni kabi ko‘rsatkichlarini soxtalashtirgani hamda Ukrainadagi urushdagi yo‘qotishlarini yashirayotganini ko‘rsatuvchi dalillar bisyor ekani hisobga olinsa, Rossiya ishsizlik darajasi bo‘yicha ham yolg‘on ma’lumot berayotganini taxmin qilish mumkin.

Ayrim mutaxassislar ishsizlik bo‘yicha rasmiy statistikaga yuz foiz ishonmasa-da, ko‘pchilik past ishsizlik darajasining asosiy sababi yolg‘on statistika bilan bog‘liq emas, degan fikrda.

Ularning ta’kidlashicha, bu holat demografik pasayish tendensiyalari, ishchilarni haydash o‘rniga ish vaqti va ish haqi keng ko‘lamda qisqartirilayotgani hamda Rossiya hukumatining iqtisodiy qiyinchiliklarni bartaraf etishdagi tajribasi bilan bog‘liqdir.

Shuningdek, fevral oyidan beri mehnatga layoqatli shaxslarning Rossiyadan ommaviy chiqib ketayotgani, mamlakatda markaziy osiyolik muhojirlar sonining ko‘pligi hamda urush ehtiyojlari – barcha-barchasi ishsizlik darajasi past bo‘lishiga hissa qo‘shmoqda. G‘arb mamlakatlarining konservativ hisoblariga ko‘ra, Rossiya urushda bugunga qadar 15 mingdan oshiq odamni yo‘qotdi.

Kuzda qishloq xo‘jaligi, qurilish va turizm sohalaridagi mavsumiy ishlar tugab, sanksiyalar bilan bog‘liq iqtisodiy inqiroz chuqurlashishi ortidan ishsizlik ko‘rsatkichi bir oz ko‘tarilishi kutilmoqda.

Ammo Rossiyada yil yakunigacha ishsizlik darajasi ko‘plab Yevropa mamlakatlaridagidan pastroq bo‘lishi, kelgusi yilda esa mamlakatda bu ko‘rsatkich barqaror bo‘lib qolishlari kutilmoqda.

Macro-Advisory konsalting guruhi asoschisi Kris Uifer Ozodlik bilan suhbatda:

«Gap shundaki, Kreml, ish beruvchilar va odamlar iqtisodiy inqirozga ko‘nikib qolgan», – dedi.

Resurslarga boy Rossiya Putinning 2000-yildan 2008-yilgacha davom etgan ilk ikki prezidentlik muddati davomida neft va gazning jahon bozorlaridagi narxlari oshgani tufayli katta iqtisodiy o‘sishni boshdan kechirdi.

O‘shandan beri mamlakat to‘rtta iqtisodiy turbulentlik davriga yo‘liqdi: 2008–2009- yillardagi global moliyaviy inqiroz; 2014-yilda Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasi tufayli G‘arb sanksiyalarining birinchi bosqichi, shuningdek, energiya narxlarining keskin pasayishi; 2020-yilda boshlangan COVID pandemiyasi; nihoyat, Ukrainaga bosqin.

Har bir bunday zarba ortidan hukumat ko‘rilayotgan choralarning potensial siyosiy oqibatlari, shu jumladan, ishsizlik bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda tajriba orttirdi. Uiferning so‘zlariga ko‘ra, hokimiyat ijtimoiy barqarorlikni saqlash uchun ish joylarini himoya qilishga katta e’tibor qaratmoqda, ayniqsa, oz sonli korxonalar hukmronlik qiladigan chekka shaharlarda.

Sanksiyalar zarbasi

G‘arb davlatlari Ukrainaga bosqin ortidan Rossiyani moliyaviy va texnologiya bozorlaridan uzib qo‘ydi. Natijada ishlab chiqarishda importga tayanadigan ba’zi shirkatlar falajlanib qoldi.

Yuz minglab odam, shu jumladan, ta’minot kompaniyalari xodimlarini ish bilan ta’minlaydigan avtomobil sanoati ehtiyot qismlar eksportiga kiritilgan taqiqlar tufayli may oyida deyarli butunlay to‘xtab qoldi – Rossiyada avtomobil ishlab chiqarish ko‘lami 90 foizga qisqardi.

15-avgust kuni Mehnat vaziri Anton Kotyakov «Rossiyskaya gazeta» hukumat gazetasiga bergan intervyusida hukumat zudlik bilan kompaniyalarga yangi ehtiyot qismlarni topishga yordam bera boshlaganini aytdi. Xususan, qarzlarni qayta tuzish, byudjet to‘lovlarini ajratish va sohalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini kiritish orqali bu shirkatlarga yordam ko‘rsatila boshlangan.

Kotyakovning so‘zlariga ko‘ra, hukumat zaif odamlarni yollash uchun kompaniyalarga subsidiyalar ajratmoqda, ishchilarni mushkul ahvolga tushib qolgan shirkatlardan sog‘lom shirkatlarga ko‘chirishga yordam bermoqda, o‘quv dasturlari sonini oshirmoqda. Mamlakatda federal va mintaqaviy darajadagi ishchi guruhlar har hafta uchrashib, ishsizlik bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilmoqda.

Ayni paytda, davlat xorijiy shirkatlar mamlakatni tark etishi bilan bog‘liq ish o‘rinlaridagi yo‘qotishlar minimal darajada bo‘lishini ta’minlash uchun chora ko‘rmoqda. Hukumat bunday shirkatlar xodimlarni ishdan bo‘shatishini mushkullashtirish uchun to‘siqlar yaratdi. Ko‘plab shirkat rossiyalik ishchilari ahvolidan xavotir izhor qilib, o‘z faoliyatini tugatgan bo‘lishga qaramay, ishchilarga maosh to‘lashda davom etmoqda.


Rossiyada 62 ming odamni ish bilan ta’minlagan McDonaldʼs tarmog‘i o‘z biznesini sibirlik tadbirkorga sotdi. Biznesning yangi egasi ishchilarga kamida ikki yil davomida oldingidek maosh to‘lashi shart.

«Sentr strategicheskix razrabotok» tahlil markazi iyun oyida e’lon qilgan hisobotda yozilishicha, 350 ming kishi, ya’ni barcha ishchilarning taxminan 0,5 foizi Rossiyada faoliyatini to‘xtatgan yoki qisqartirgan xorijiy firmalarda ishlayotgan bo‘lgan.

«Xorijiy bizneslarga Rossiya iqtisodiyotidagi ish o‘rinlarining 2–3 foizi to‘g‘ri keladi va ular aslida milliy miqyosda muhim ish beruvchi emas», deyiladi hisobotda.

Iyul oyida Rossiya markaziy banki tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, iqtisodchilar yil yakunida Rossiyada ishsizlik darajasi 5,6 foizni tashkil etishini kutmoqda. Bu esa avvalgi hisoblardan 6,5 foizga ozdir.

Iqtisodiyot vaziri Maksim Reshetnikov joriy yil oxirida ishsizlik o‘sishi haqidagi taxminlar haqida vahima qilmaslik haqida otlantirdi va «vaziyatni nazorat qilish mumkin» ekanligini aytdi.

Rossiya Iqtisodiyot vazirligi energiya eksportidan tushgan daromad joriy yilda 100 milliard dollarga oshishini bashorat qilmoqda. Bu esa hukumat sanksiyalarga qarshi kurashishida qo‘l keladi.

Demografik pasayish


Ishsizlik darajasining pastligi hukumat uchun yaxshi bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkichlar zamirida Rossiya uchun yomon xabar yashiringan – hukumatning odamlarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan barcha sa’y-harakatlari mamlakatdagi salbiy demografik tendensiya bilan bog‘liqdir. Urush bu tendensiyani yanada keskinlashtirmoqda.

Rossiyada qariyb 75 million kishi mehnatga layoqatli bo‘lib, ulardan taxminan 3 millionga yaqini hozirda ishsiz. Ammo mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda ishchi kuchi yiliga 500 mingdan 1 milliongacha kamayib bormoqda, chunki nafaqaga chiqayotganlar soni mehnat bozoriga kirayotganlar sonidan ko‘p.

Bu hodisa asosan 1990-yillar va 2000-yillarning boshlarida tug‘ilishlar soni keskin kamaygani bilan bog‘liq bo‘lib, bunga qisman Sovet Ittifoqi parchalanishi ortidan yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklar sabab bo‘lgan. Oddiy qilib aytganda, odam ozaysa, ishsizlar soni ham kamroq bo‘ladi.

Bundan tashqari, siyosiy erkinliklarga bo‘lgan bosim kuchayishi va umidsizlik tufayli Rossiyani tark etayotgan mehnatga layoqatli odamlar soni oshib bormoqda.

Ukrainaga bosqindan keyin Rossiyadan emigratsiya yanada tezlashdi.

Rossiya Elektron aloqa birlashmasi mart oyi oxirida bosqindan keyingi bir oy ichida 70 mingga yaqin IT xodimi mamlakatni tark etganini taxmin qildi. Birlashma 100 ming kishi ularga ergashishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Malakali ishchilar oqimini to‘xtatish uchun Putin qator farmon imzoladi. Xususan, prezident IT kompaniyalar uchun uch yillik soliq ta’tillari va subsidiyalar joriy qildi. Shuningdek, prezident IT xodimlari uchun subsidiyalangan ipoteka kreditlarini tasdiqladi va chaqiruv yoshidagi barcha IT mutaxassislarini harbiy xizmatidan ozod qildi.

Rossiya mehnat bozorida rasmiy ishsizlik sakrashiga to‘sqinlik qilayotgan yana bir sabab markaziy osiyolik muhojirlardir. Ular Rossiya mehnat bozori uchun o‘ziga xos bosim klapani bo‘lib xizmat qiladilar – iqtisodiy qiyinchiliklar boshlanganda birinchilardan bo‘lib aynan muhojirlar ishsiz qoladi.

«Muhojirlar ishsizlik daftariga kirmaydi. Ular uylariga ketishadi», – dedi Uifer.

Uiferning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada 10 millionga yaqin mehnat muhojir bor. Ya’ni, Rossiyadagi deyarli har sakkiz nafar ishchining bittasi mehnat muhojiridir.

Muhojirlarning ko‘pchiligi qurilish, transport va chakana savdo sohalarida ishlaydi. Bu sohalar esa iqtisodiyot qisqarganda birinchilardan bo‘lib qiyinchiliklarga duchor bo‘ladi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli o‘n minglab odam, asosan erkaklar, mehnat bozorini tark etmoqda. Xususan, Shimoliy Kavkaz kabi ishsizlik odatda yuqori bo‘lib kelgan mintaqalarda.

Oxford Economics tahlilchisi Tatyana Orlovaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyotida ishsizlik darajasi notekis taqsimlangan – shaharda ish bozorlari yaxshi rivojlangan, ammo Shimoliy Kavkaz kabi mintaqalarda vaziyat mushkul.

Rossiya iqtisodiyotining yana bir o‘zgachaligi shundaki, mamlakatda davlatga tegishli yoki davlatga yaqin yirik shirkatlar ko‘p. Bunday shirkatlar ayrim holatlarda butun boshli shaharni ish bilan ta’minlaydi va natijada ishsizlik darajasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi.

Rossiyaliklarning qariyb 40 foizi davlatga tegishli yoki egalari hukumat bilan yaqin aloqada bo‘lgan xususiy shirkatlarda ishlaydi. Bu shirkatlarning barchasi mushkul paytlarda xodimlar sonini qisqartirishga oshiqmaydi. Yagona shirkat deyarli butun shahar ahlini ish bilan ta’minlaydigan «monoshaharlar»da ham vaziyat shunday.

«Yirik zavod asosiy ish beruvchi bo‘lgan monoshaharlarda zavod egalari ishchilarni ishdan bo‘shatishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘rishadi. Ular ish vaqtini qisqartirishi yoki ish haqini qisqartirishi mumkin, ammo ishdan bo‘shatishlarga hukumat yomon nazar bilan qaraydi», – dedi Orlova.

Россия дефолт ёқасида: Муҳожир аҳволи нима кечади?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:54 0:00


Uifer inqiroz ortda qolganidan keyin ish beruvchilar avvalgi maoshlarini tiklashi va yo‘qotilgan ish haqini qoplashi kerakligini aytdi.

«Hamma bu tizimga rozi», – dedi u.

Biroq, xususiy shirkatlar ishchilar sonini qisqartirishdan qochishiga faqat hukumat bosimi sababchi emas – malakali ishchilarning yetishmasligi yana bir muhim omil hisoblanadi.

Uiferning so‘zlariga ko‘ra, agar shirkat malakali ishchilarni mushkul paytlarda haydasa, iqtisod oyoqqa turganidan keyin ularni qayta jalb qilolmasligi mumkin.

«Rossiyada ishsizlik muammosi yo‘q, unda ishchilar yetishmasligi, malaka yetishmasligi muammosi bor», – deya qo‘shimcha qildi u.

XS
SM
MD
LG