Линклар

Шошилинч хабар
30 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:01

"Oxirgi 80 yildagi eng yirik tabiiy ofat". Qozog‘iston va Rossiyadagi suv toshqinlari


Rossiyaning suv ostida qolgan qishloqlaridan biri
Rossiyaning suv ostida qolgan qishloqlaridan biri

12-aprel kuni Qozog‘istonda kuchli yomg‘ir yoqqan. Bu esa toshqinlar xavfini yanada kuchaytirgan.

Rasmiy xabarga ko‘ra, toshqinlar aprelning ikkinchi o‘n kunligida ham davom etib, Yoyiq va Saqmar daryolari toshishi xavfi bor. Hozirda Saqmar daryosining sathi ko‘tarila boshlagan. Yoyiq daryosi suv sathi ham xavfli darajaga yaqinlashib qolgan.

Ayni paytda Shimoliy Qozog‘istonda toshqin bilan bog‘liq vaziyat og‘ir deya baholanmoqda: katta suv oqimi Petropavlovsk tomonga kelyapti, yana 219 ta aholi maskani suv bosish zonasida qolayotir, ayrim qishloqlarda muz palaxsalari elektr simlarini uzib yuborgan. Bu orada esa Sergeyev suv ombori 170 foizga to‘lgani xabar qilinmoqda.

Odamlar eng qimmatli va zarur narsalarni olib qarindoshlarinikiga yoki mahalliy yotoqxonada tashkil qilingan evakuatsiya punktiga yo‘l olishmoqda.

Qozoqlar Jabay deb ataydigan Ural daryosida suv sathi ko‘tarilar ekan, qutqaruvchilar uylarni muhofazalash choralarini ko‘rmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha suv toshqini oqibatida Qozog‘istondagi 60 dan ziyod aholi punkti tashqi dunyodan uzilib qolgan, qariyalar, ayollar va bolalar doxil 100 ming chog‘li odam tabiiy ofat hududidan evakuatsiya qilingan. Toshqin tufayli mamlakatning 17 viloyatidan 10 tasida mahalliy miqyosda favqulodda vaziyat tartibi amal qilmoqda. Prezident Toqayev toshqinni Qozog‘istonning so‘nggi 80 yillik tarixidagi eng yirik tabiiy ofat, deb atagan.

Toshqin Rossiyaning Orenburg, Kurgan, Samara, Saratov, Ulyanovsk viloyatlari, Boshqirdiston, Mordoviya va Tatariston respublikalarida uylar, yo‘l va boshqa infratuzilma obyektlariga shikast yetkazgan.

Tabiiy ofat tufayli yuzaga kelgan eng murakkab vaziyat Orenburg viloyatida qayd etilgan. Bu viloyatda federal ahamiyatdagi favqulodda holat tartibi joriy qilingan.

Suv ostida qolgan Orenburg

11-aprel tongiga kelib Orenburgdagi Ural daryosida suv sathi 10 metru 60 santimetrga ko‘tarilgan, bu esa xavf darajasidan 1 metru 30 santimetrga yuqoridir.

Orenburg viloyati ma’muriyati suv hajmi ko‘payishda davom etayotganini bildirgan.

Orenburg viloyatida joylashgan Orsk shahri ko‘chalari shu kunda ko‘proq kanal va daryolarni eslatadi
Orenburg viloyatida joylashgan Orsk shahri ko‘chalari shu kunda ko‘proq kanal va daryolarni eslatadi

Vaziyatning murakkablashib ketishiga 5-aprel kuni Orskdagi to‘g‘onning yorilib ketgani sabab bo‘lgan. Keyingi uch kun ichida to‘g‘on yana yeridan o‘pirilish kuzatilgan.

Orenburgdagi suv toshqini oqibatida kamida 5 kishi halok bo‘lgan. Ayni paytda hududda qariyb 12 ming turarjoy, 15 mingga yaqin hovli joy va qabriston suv ostida qolgan.

Tabiiy ofatdan jabrlangan hududlardan 7800 kishi evakuatsiya qilingan, ulardan qariyb 1500 ming nafari vaqtincha joylashtirish punktlarida qolmoqda.

Orsk to‘g‘oni yorilganidan bir necha kun o‘tib mahalliy aholi zarar ko‘rganlarga kompensatsiya to‘lanishini talab qilib namoyishga chiqqan. Ular evakuatsiyani o‘z vaqtida e’lon qilmagan rasmiylarga norozilik bildirishgan.

Orenburg viloyat prokuraturasi norozilarni namoyishning noqonuniyligi to‘g‘risida ogohlantirgan. Politsiya namoyishchilarni tarqatishga uringan, biroq aholi ko‘rgan talafoti uchun to‘lov miqdori oshirilishi va to‘g‘on yorilishida aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslarga jazo berilishini talab qilishda davom etgan.

Orenburg aeroporti yaqinidagi suv bosgan uylar
Orenburg aeroporti yaqinidagi suv bosgan uylar

Mahalliy aholi vakillari fikricha, agar rasmiylar tabiiy ofat ko‘lami haqida odamlarni oldindan ogohlantirganlarida, ko‘rilgan talafot ko‘lami bu qadar keng bo‘lmasligi mumkin edi.

To‘g‘on o‘pirilishi haqida oxirga qadar bexabar qoldik, men ertalab to‘g‘onga borgandim – suv qancha ko‘tarilganini ko‘rish uchun. Eng yuqorigacha ikki metr qolgandi, lekin suv sathi hamma joyda har xil edi. Oqshom soat yettilarda bolalarni ham olib bordim, biz trassaga chiqib, to‘g‘onga suv kelishini tomosha qildik – o‘piriladiganga sira o‘xshamasdi. Bir payt maxsus xizmatlar yetib keldi, to‘g‘on ustida odamlar to‘planishdi. Hech nimani tushuna olmadim, lekin qarasam, ular har yoqqa yugurgilab qolishibdi. Yuragimga vahima kirdi, uch yosh bolam bor axir, erim ishda, yolg‘iz o‘zim. Nima qilishni bilmay qoldim. Yaxshiyamki mashinamiz bor: bolalarni o‘tqizib, darhol vokzalga haydadim va onamnikiga olib keldim. So‘ngra, qosh qorayganda qaytib, uydan qo‘lga ilingan narsalarni oldim, chunki qancha vaqtim borligini umuman bilmasdim. Eng asosiysi, hujjatlarni unutmadim. Yaxshi qilgan ekanman, hozir ahvol chatoq: bilsangiz, uyimizni tomiga qadar suv bosgan”, dedi Orsk turg‘uni Aleksandra.

To‘g‘on yorilishi natijasida Orskning Eski shahar qismida minglab uylarni suv bosgan. Rasmiylar mahalliy aholi to‘g‘on yorilishidan bir necha soat oldin ogohlantirilganini aytmoqda.

Orsk shahrida shu kunda qayiqlar asosiy transport vositasiga aylangan
Orsk shahrida shu kunda qayiqlar asosiy transport vositasiga aylangan

Xabarga ko‘ra, ayni paytgacha Orenburg viloyatiga Rossiyaning boshqa hududlaridan 700 tonnadan ziyod insonparvarlik yordami yetkazilgan. Toshqindan jabr ko‘rgan hududlar aholisi suv, oziq-ovqat va gigiyena mahsulotlari uchun navbatda turibdi – ularga ehtiyoj mollari pasport asosida tarqatilmoqda.

Orenburg rasmiylari taxminiga ko‘ra, yaqin sutkalar ichida Uralda suv sathi ko‘tarilib boraveradi. Buning natijasida yana 3,5 ming uy suv ostida qolishi mumkin. Toshqin federal avtoyo‘llarga ham shikast yetkazishi xavfi bor. Bu yo‘llarda hozircha transport harakati to‘xtatilgan emas.

“Yangi Qozog‘iston” degani shumi?”

Tabiiy ofat tufayli Qozog‘istonning qator viloyatlarida ham favqulodda holat tartibi e’lon qilingan. Rasmiylar bahorgi toshqin hali o‘zining yuqori cho‘qqisiga yetgani yo‘qligini urg‘ulashmoqda. Bu millionlab odam muhtamal ofat bo‘lgasida qolishi mumkinligini anglatadi.

Toshqindan zarar ko‘rgan Kulsaridagi uylar
Toshqindan zarar ko‘rgan Kulsaridagi uylar

Suv bosgan qishloqlarda yashovchi aholi “Nima qilmoq kerak?” degan savol ustida bosh qotirarkan, hukumatdagilar “Kim aybdor?” degan savolga javob berishga urinishmoqda.

Toshqin bo‘yicha profilaktik choralar ko‘rmagan mulozimlar ro‘yxati allaqachon aniqlangan. Biroq Qozog‘iston ekologiya va tabiiy zaxiralar vaziri kimlar alohida javobgarlikka tortilishi lozimligiga e’tibor qaratdi.

"15-martdan shu kungacha “Qazgidromet” mahalliy va markaziy davlat organlariga qaratilgan 100 dan ziyod ogohlantiruv yoyinladi. Biroq hokimiyatlar bu prognozlarga yetarli darajada e’tibor berishmadi, bu esa bo‘lajak toshqin xavfini real baholashga xalaqit berdi va o‘z vaqtida preventiv choralar ko‘rishga imkon bermadi”, dedi ekologiya vaziri Yerlan Nisanbayev.

Aqto‘be viloyatining Bersiyev qishlog‘idagi uylardan biri toshqindan so‘ng, 2024-yil 11-apreli
Aqto‘be viloyatining Bersiyev qishlog‘idagi uylardan biri toshqindan so‘ng, 2024-yil 11-apreli

Bo‘lar ish bo‘lib o‘tganidan keyin Qozog‘istonda bahorgi toshqinga qarshi, avval aytilganidek, 15 million dollar emas, bundan 2,5 baravar kam mablag‘ ajratilgani ma’lum bo‘ldi. Xarajat qisqarganini eng avvalo suv ostida qolgan hududlar aholisi o‘z gardanida his qildi — minglab odam uy-joyidan, chorvasidan, mol-mulkidan ayrildi va ularni endi qutqarib bo‘lmaydi. Agar oldinlari toshqin Qozog‘istonning g‘arbiy va markaziy hududlarida ko‘p kuzatilgan bo‘lsa, endilikda erigan suv mamlakatning shimoliy hududlariga ham yetib bordi.

Bahorgi suv toshqinlari qozog‘istonliklar birinchi marta ko‘rib turgan ofat emas. Bu mavsumda mamlakatning turli hududlarida qishloqlarni suv bosishi an’anaga aylanib ulgurgan. Buning mahalliy amaldorlarning e’tiborsizligi, qorning anomal darajada ko‘p yog‘ishi kabi bir qancha sabablari bor. Har safar odamlar bahorgi toshqindan so‘ng o‘z uylarini qayta tiklashga majbur bo‘lishadi, biroq bu holat keyingi yil bahorigacha davom etadi. Siyosatshunos Sanjar Bokayev bunday amaliyotdan voz kechishni taklif qilmoqda.

“Bu uylar avval ham tiklangan va ular yana suv ostida qoldi. Shunday ekan, bu ishdan voz kechish kerak. Biz xavf-xatarni aniq baholab, kelajakda bu qishloqlarni baribir suv bosishini bilar ekanmiz, bu uylarni o‘sha joyning o‘zida qayta tiklamasligimiz kerak. Axir qor ko‘p yoqqani hammaga ayon edi, bu suv bir zumda yo‘q yerdan paydo bo‘lib qolmadi-ku. Shunchaki, buni oldindan taxmin qilish lozim edi”, dedi Sanjar Bokayev.

Qo‘stanay shahridagi yo‘llardan biri, 2024-yil 10-apreli
Qo‘stanay shahridagi yo‘llardan biri, 2024-yil 10-apreli

Bokayevga ko‘ra, ko‘plab muhandislik kommunikatsiyalariga ega bo‘lgan katta shaharlardan ko‘ra qishloqlarni boshqa joyga ko‘chirish osonroq. Biroq bu “olamshumul g‘oyalar” hali ham g‘oyaligicha turibdi, amaliy ishga o‘tilgani yo‘q. Qozog‘istonliklar mavjud sharoitda muqarrar bo‘lgan tabiiy ofat uchun hukumatni tobora ko‘proq tanqid qilishmoqda. Mulozimlar ham buni bilishyapti va “hadlaridan oshgan”larni jazolashga va’da berishmoqda.

“Vaziyat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinyapti, voqea joyidan real xabarlargina emas, provokatsion va yolg‘on ma’lumotlar ham tarqatilmoqda. Ayrim fuqarolar ma’lumotning yolg‘on-rostligini aniqlab o‘tirmasdan tarqatib yuborishyapti, bu esa shundoq ham ish sharoiti va grafigi og‘ir bo‘lgan FV xizmatlarining o‘rinsiz ovora qilinishiga sabab bo‘lyapti. Bu texnik vositalar tanqis bo‘lib turgan sharoitda samarali ish olib borilishiga katta zarar bermoqda”, deb yozgan Qozog‘iston madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva.

Tabiiy ofat tufayli yuzaga kelgan vaziyat avvalgilaridan og‘irroq ekanini Qozog‘iston prezidenti ham e’tirof etgan.

“Qor tez erishi natijasida paydo bo‘lgan bahorgi toshqinlar tufayli og‘ir vaziyat yuzaga kelgani munosabati bilan Sizlarga murojaat qilmoqdaman. Mamlakatimizda tabiiy ofat yuz berdi, ko‘p yillardan beri bunaqasi bo‘lmagan edi. Ko‘lami va oqibatlariga ko‘ra bu so‘nggi 80 yildan ziyod davrdagi eng ulkan falokat bo‘lsa ajab emas”, degan prezident Toqayev.

Qo‘stanay shahridagi suv bosgan uylar, 2024-yil 9-apreli
Qo‘stanay shahridagi suv bosgan uylar, 2024-yil 9-apreli

Ayni paytda toshqin tufayli uy-joylaridan mahrum bo‘lgan minglab odam o‘zlari ro‘baro‘ bo‘lgan sarson-sargardonchilik qachon tugashi haqida respublika va mahalliy rasmiylardan javob kutishmoqda. Bu javob kechikkani sari qozog‘istonliklarning toqati toq bo‘lib, ular orasida hukumatni tanqid qilish kuchayib boryapti. Ana shunday tanqidchilardan biri suv bosgan Kulsari shahrida yashovchi Muxit Izturganovdir.

“Yangi Qozog‘iston, Yangi Qozog‘iston” deyaverishadi. “Yangi Qozog‘iston” degani shumi? Qayerda o‘sha “Yangi Qozog‘iston”? Eski vazirlarni u yoqdan olib bu yoqqa qo‘yishadi, bunisini boshqasiga almashtirishadi. Nima o‘zgaryapti? Hech narsa o‘zgarayotgani yo‘q. Hokimiyatlar dron uchirib, klip suratga olish bilangina band, ular bundan boshqa hech narsaga tayyor bo‘lishgan emas”, dedi Izturganov.

Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan 10-aprel kuni tarqatilgan ma’lumotga ko‘ra, toshqin sababli mamlakat bo‘ylab 96 ming 400 kishi evakuatsiya qilingan. Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish uchun esa 24 mingdan ziyod odam jalb etilgan.

XS
SM
MD
LG