Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:42

Rossiya va Xitoy o‘rtasida. Markaziy Osiyoni nima birlashtiradi?


Markaziy Osiyo rahbarlari Cho‘lponota sammitida. Qirg‘iziston, 20-iyul, 2022.
Markaziy Osiyo rahbarlari Cho‘lponota sammitida. Qirg‘iziston, 20-iyul, 2022.

Cho‘lponota sammiti avvalgi sammitlardan nimasi bilan farq qiladi? Markaziy Osiyoda integratsiya jarayoni chuqurlashadimi? Liderlar tashqi tahdidlar manzarasida muammolarni bahamjihat hal etishga kelisha oladilarmi? Ozodlik qirg‘iz xizmati ekspertlarning bu boradagi fikrlarini o‘rgangan.

O‘zgaruvchan geosiyosat

“Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari o‘tgan yilning avgust oyi boshida uchrashganida Afg‘onistonda toliblar hali iqtidorga kelmagandi. Ammo Afg‘onistonga oid muammolar Tolibon bilan cheklanib qolmaydi. So‘nggi oylarda “Xuroson islom davlati” ekstremistik guruhi Tojikiston va O‘zbekiston hududlariga raketalar otganini unutmaylik. Bu ham bitta bosh og‘rig‘i. Yana bir muammo – Rossiya Ukrainaga qarshi boshlagan urush. Shuningdek, bir talay ichki masalalar bor. Qozog‘istonda yanvar voqealari yuz berdi. Tojikistonning Tog‘li Badaxshonida va yaqinda, mana, Qoraqalpog‘istonda qon to‘kilganiga guvoh bo‘ldik. O‘zbekistonda 2005-yilgi Andijon voqealaridan so‘ng bunaqa kuchli norozilik kuzatilmagandi. Qisqasi, mintaqada ko‘p ishlar bo‘lyapti”, deydi jurnalist va Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchi Bryus Pannier.

Qozog‘istonlik jamoat arbobi va iqtisodchi Muxtor Tayjan fikricha, mintaqaning turkiy tilli davlatlari nafaqat iqtisodiy, balki harbiy hamkorlikni ham rivojlantirishi lozim. So‘nggi ikki yilda bu yo‘nalishda ko‘p ishlar qilindi.

“Geosiyosiy o‘zgarishlar, Rossiyaning Ukraina bilan urushi va boshqa voqealar bizning hamkorligimizga ta’sir etyapti, deb o‘ylayman. Xalqlarimiz o‘zaro yaqinlashmog‘i, birlashmog‘i lozim, aks holda ertaga yirik geosiyosiy omillar ta’siridan qutula olmaymiz. Biz ko‘pdan beri gapirib kelayotgan muammolar bor. Masalan, Qozog‘iston bilan Qirg‘iziston aloqalari bir oz sovigan. Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida to‘qnashuvlar chiqyapti. Lekin eng muhimi – mintaqamiz hamkorlik tashkilotlari faoliyatini kuchaytirishi va mamlakatlar bir-biriga yordam berishi kerak. Shunga umid qilaman. Davlat rahbarlari ham buni anglashyapti. Ko‘ramiz, qani, natija qanaqa bo‘larkin”, deydi ekspert o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashar ekan.

Rossiya va Tolibonga qanchalik ishonish mumkin?

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, uchrashuvda xavfsizlikni ta’minlash, mintaqaning iqtisodiy o‘sishi, hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.

Bryus Pannier fikricha, kun tartibidagi masalalar orasida Rossiya bilan o‘zaro aloqalar masalasi muhokamasi ustuvor bo‘lishi lozim:

“Putin boshliq Rossiya siyosatchilari barcha postsovet respublikalar, jumladan Markaziy Osiyoni ham “ruslarning tarixiy yerlari” deya iddao qilayotganini nazardan qochirmaslik kerak. Ular Qozog‘istonning shimoliy qismiga, hatto butun hududiga “og‘iz solishyapti”. Savol tug‘iladi: shu holatda Rossiyaga qanchalik ishonish mumkin? Kelgusida u bilan hamkorlik qanday bo‘ladi, aloqalar nechog‘li do‘stona bo‘ladi? Tolibonga kelsak, u bilan biznes qilish mumkinligiga ishoralar bor. Biroq toliblar, aftidan, butun Afg‘onistonni nazorat qila olishmayapti”.

Rossiyaga qaramlik, yangi savdo yo‘llarini izlab...

Tojikistonlik mustaqil siyosatshunos Parviz Mullajonov yangi reallikda mintaqa davlatlari o‘z strategiyalarini o‘zgartirishga majbur, deb ishonadi. O‘tgan uchrashuvlarda ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik va umumiy masalalarga urg‘u berilgan bo‘lsa, Ukrainada urush boshlanishi va Rossiya bilan G‘arb o‘rtasida ziddiyat kuchayishi manzarasida boshqa muammolar asosiy planga chiqmoqda. Mullajonov ushbu muammolardan biri neft tashish yo‘llari ekanini aytadi:

“Hozirgi geosiyosiy sharoitda neft va energiya resurslarini janubga, so‘ngra Kaspiy havzasi orqali mijozlarga yetkazish avvalgidek abstrakt bo‘lmay qoldi. Masalaning ahamiyati nafaqat mintaqa davlatlari uchun, balki Rossiya uchun ham ortdi. Prezidentlar 2022-2024-yillarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolashlari lozim. O‘ylashimcha, hozir ular hujjatni o‘zaro kelishishmoqda, ayni jarayonda yangi masalalar ham paydo bo‘ladi, albatta”.

Iyul oyi boshlarida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev neft yetkazib berish yo‘llarini diversifikatsiya qilishning muhimligi haqida gapirgan va Xitoy, Qozog‘iston, Kaspiy dengizi havzasi, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya va Qora dengiz orqali Yevropaga boradigan Transkaspiy yo‘nalishini ochishning optimal variantini ishlab chiqishga topshiriq bergan edi.

Toqayev mamlakat dengiz yo‘llari orqali yuk tashish salohiyatidan to‘liq foydalana olmayotganini, biroq endilikda zamon o‘zgarganini va bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

O‘z navbatida O‘zbekiston ham janubiy qo‘shnilarini afzal ko‘rib, yangi savdo yo‘llarini izlamoqda.

Moskva avvalboshdan O‘zbekistonning asosiy savdo hamkori bo‘lgan. Tomonlar o‘rtasidagi yillik mahsulot aylanmasi 7,5 mlrd dollarga yetadi. Qolaversa, O‘zbekiston o‘z gazi, nefti va metallini Rossiya portlari orqali jahon bozoriga chiqaradi.

Ayrim ekspertlar Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelganidan so‘ng mamlakat savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilishga kirishganini va Pokistonga alohida e’tibor berayotganini aytadilar.

Bahorda Termiz shahriga Hindistondan – Pokiston hamda toliblar Afg‘onistoni orqali dengiz va quruqlik yo‘llari bilan yuk keltirilgan edi. Bryus Pannier ushbu yo‘nalishni ham nazardan qochirmaslik kerakligini urg‘ulaydi:

“Davlat rahbarlari shu orqali savdo masalasini hal etishlari mumkin. Tijorat yo‘llari o‘zgarmoqda. Hozirda Markaziy Osiyo eksporti va importining asosiy qismi Rossiya orqali o‘tadi. Bu mintaqaga SSSRdan meros qolgan. Endilikda, vaziyat o‘zgarishi munosabati bilan, boshqa imkoniyatlarni ko‘rish lozim. Kaspiy yo‘li bor, biroq u cheklangan. Sharq-G‘arb yo‘nalishi, ya’ni Xitoydan Erongacha bo‘lgan savdo yo‘lini rivojlantirish mumkin. Janubga, Hind okeaniga olib chiquvchi yo‘llar 30 yildan beri muhokama qilinmoqda”.

Qog‘ozda qolib ketgan integratsiya tashabbuslari

Karnegi fondi ilmiy xodimi Temur Umarov Turkmanistonning Avaz shahrida bo‘lib o‘tgan avvalgi uchrashuvdan so‘ng mintaqada va dunyoda talay o‘zgarishlar bo‘ldi, ayni chog‘da ichki tebranishlar integratsiyaga xalal bermoqda, deb hisoblaydi.

“Menimcha, so‘nggi uchrashuvdan keyin siyosiy rejimlar jiddiy inqirozlarni boshdan kechirdi. Va ular barqarorlik hamma narsadan muhimligini tushunib yetishdi. Binobarin, ayni damda real integratsiya haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Chunki integratsiya – bir mamlakatning mintaqadagi kattaroq yutuqlarni ko‘zlagan holda o‘z suverenitetining bir bo‘lagini yirik mintaqaviy institutlarga sotishini bildiradi. Biroq har qaysi rejim o‘z inqirozini kechirayotgan paytda bunaqa masala kun tartibiga chiqishiga inonish qiyin.

To‘g‘ri, mintaqa davlatlari uyushsa, Rossiya, Xitoy va Tolibonga nisbatan umumiy siyosat belgilansa, juda soz bo‘lur edi. Biroq ichki ixtiloflar shu qadar keng va ko‘pki, rejimlar o‘z muammolarini o‘zlari hal etishni afzal ko‘rishadi. Aynan shu ichki muammolar mintaqa mamlakatlarini bir-biridan uzoqlashtirmoqda. 2005-yilda, Andijon voqealaridan so‘ng O‘zbekiston o‘z qobig‘iga o‘ralib olganini eslaylik. Mirziyoyev iqtidorga kelmaganida mamlakat hanuz yopiq qolgan bo‘lar edi”, deydi ekspert.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Cho‘lponota sammitida davlat rahbarlari do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirishga doir bitimni imzolashadi. Siyosatshunos Umarov bunaqa hujjatlarga shubha bilan qarashini aytadi:

“Bunaqa chiroyli gaplar qog‘ozda qolib ketadi. Voqelik tamom boshqacha. Sovet davridan meros chegara va suv mojarolaridan tortib – ushbu davlatlar tashkil topganidan beri mavjud milliy muamolar bor. Avvalo shularga yechim topish kerak. Qozog‘iston bilan Qirg‘iziston YeOIIga a’zo, ayni chog‘da bu ikkisi Tojikiston bilan birga KXShTga kirgan. Turkmaniston bu tashkilotlardan hech biriga qo‘shilmagan. Rossiya loyihalariga kirmagan O‘zbekiston esa hozirda YeOIIni ehtiyotkorlik bilan kuzatib turibdi. Rossiya iqtisodiy qamalda ekanini hisobga olsak, bu tashkilotdan biron naf chiqishi mahol. Bunaqa tarqoqlik bor ekan, qandaydir ichki integratsiya haqida gapirish ortiqcha”.

Bryus Pannier mintaqa davlatlari rahbarlari 1990-yillarda ham qator uch tomonlama, ko‘p tomonlama yoki ikki tomonlama bitimlar imzolashganini, biroq so‘nggi 30 yilda bunaqa hujjatlar vaziyatni o‘zgartirmaganini eslatadi.

“Ular qanchalik foydali bo‘lishini ayta olmayman. Taklif etilayotgan shartnomani to‘liq o‘rganib chiqqanimcha yo‘q. Ammo, bilishimcha, unda hamkorlik to‘g‘risida gap boradi. Bunaqa jarayonlar Markaziy Osiyo liderlari uchrashuvlarida 2018-yildan beri davom etib kelyapti”, deydi tahlilchi.

Pannier qirg‘iz-tojik chegara mojarolari kabi jiddiy muammolarni uchinchi tomon – O‘zbekiston yoki Qozog‘iston rahbarlari vositachiligida hal etishga intilishlar bo‘lishini kutayotganini aytadi.

Markaziy Osiyo rahbarlarining Maslahat uchrashuvi 2018-yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan.
Markaziy Osiyo rahbarlarining Maslahat uchrashuvi 2018-yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan.

Mintaqa qaysi “uchinchi davlatlar”dan xavfsiramoqda?

Oliy darajadagi uchrashuv arafasida Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi bitim loyihasi matnini e’lon qildi. Hujjatning bir bandida “tomonlar o‘z hududi, kommunikatsiya tizimlari va boshqa infratuzilmalarining bitimni imzolagan boshqa bir tomonning davlat suvereniteti, xavfsizligi, konstitutsiyaviy tuzumi va hududiy butligiga zarar yetkazgan holda uchinchi davlatlar tomonidan foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini oladi”, deyilgan.

Ushbu bandda qanaqa uchinchi mamlakatlar nazarda tutilmoqda? Suhbatdoshlarimizning bu boradagi fikrlari turlicha bo‘ldi.

Parviz Mullajonov:

“Ushbu moddada Markaziy Osiyo davlatlari hamda Rossiyaning xavotirlari aks etgan. Fikrimcha, Rossiya vakillari sammitda ishtirok etishmasa-da, u yerda Moskva va Putinning pozitsiyalari e’tiborga olinadi. To‘g‘ri, bu haqda rasman aytilmayapti, ammo Kreml yangi savdo yo‘llaridan manfaatdor. Chunki hozirda Xitoyga neft yetkazish yo‘nalishi katta bosim bilan ishlamoqda. Prezidentlar Rossiya bilan maslahat qilishgan deb o‘ylayman.

Uchinchi mamlakatga kelsak, qaydam, men Markaziy Osiyo mamlakatlari prezidentlari ko‘proq G‘arbdan hadiksiraydi, deb hisoblayman. Bayonotlarga e’tibor bering: Qozog‘iston, Tog‘li Badaxshon, Qoraqalpog‘iston voqealarida ular aynan G‘arbni ayblashgan. Shundan kelib chiqib, uchinchi mamlakat deganda G‘arbni nazarda tutishgan, deb bilaman”.

Bryus Pannier bu yerda gap Rossiya bazalari haqida borayotganini aytadi:

“Qaysi davlat Markaziy Osiyoga bu qadar ta’sir o‘tkazishi mumkin? Chunonchi, Xitoy – status-kvoni saqlash tarafdori. U mintaqaning biron davlatida katta evrilish bo‘lishini yoki hokimiyat almashishini xohlamaydi. Rossiyaga kelsak, men uning “tarixiy yerlar” haqidagi da’volarini yuqorida tilga oldim.

Yil boshidan beri Qozog‘iston-Rossiya aloqalari keskin o‘zgargani-chi?.. Yanvarda Qozog‘iston KXShTdan harbiy madad so‘ragan, mamlakatga chet el kontingenti kiritilgandi. Endi bo‘lsa ruslar Markaziy Osiyoda kimningdir hududidan boshqa mamlakatga qarshi foydalanmasligi kerak, deyilyapti. O‘tgan yetti oy mobaynida Nur-Sulton bilan Moskva orasi qanchalik soviganini shundan bilsa bo‘ladi. O‘ylashimcha, ushbu band Rossiya Kant yoki Tojikistondagi harbiy bazalarini mintaqadagi uchinchi mamlakatga qarshi qo‘llamasligi uchun kiritilgan. Biroq Moskva kerak bo‘lganda hech qanaqa xalqaro bitimlarga qarab o‘tirmaydi”.

Rossiya o‘rnini Xitoy egallashi mumkin

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri qator siyosatshunoslar Markaziy Osiyo Moskva orbitasidan chiqishi uchun qulay vaziyat paydo bo‘lganini aytishmoqda. Shu bilan birga, ular Rossiya bilan iqtisodiy aloqalar va ushbu mamlakatdagi millionlab migrantlarni hisobga olganda bu qadamni qo‘yish oson kechmasligini eslatishadi. Parviz Mullajonov boshqa xavfdan ogohlantiradi:

“Rossiya Ukraina bilan urushda bo‘ynigacha botdi. Uning mintaqadagi mavqei bo‘shashdi, bu tendensiya davom etadi. Bir tarafdan, Moskva G‘arbga qarshi kurashmoqda, boshqa tomondan uning Xitoyga muayyan darajada tobeligini ham unutmaslik kerak. Bu yerda Markaziy Osiyo mamlakatlari oldida imkoniyatlar ochilgani kabi, xavotirlar ham paydo bo‘ladi. Mintaqadagi barcha davlatlar Pekindan qarzdor. Shu bois, Markaziy Osiyoda Rossiyaning o‘rnini Pekin egallashi ehtimoli katta”.

XS
SM
MD
LG