Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:24

Rossiya va Xitoyning Markaziy Osiyo chegaralari yaqinida harbiy mashqlar boshlagani nimadan darak?


Xitoy tanklari Rossiyaning Chita shahrida taqriban 250 kilometr narida o‘tkazilgan "Sharq-2018" harbiy mashg‘ulotlari chog‘ida
Xitoy tanklari Rossiyaning Chita shahrida taqriban 250 kilometr narida o‘tkazilgan "Sharq-2018" harbiy mashg‘ulotlari chog‘ida

Xitoy va Rossiya qo‘shinlari 9 - avgust kuni Xitoyning shimoli-g‘arbida besh kunlik harbiy mashqlarni boshladi. Mazkur manyovrlar Pekin va Moskva aloqalari chuqurlashayotgani namoyishidir. Rasman ushbu mashqlar Markaziy Osiyoda vaziyat beqarorlashuvi ehtimoliga qarshi, shuningdek, AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya qo‘shinlari olib chiqib ketilayotgan Afg‘oniston masalasida hamkorlik qilish maqsadida o‘tkazilmoqda.

Xitoy shimoli-g‘arbida joylashgan Ninsya-Xuey muxtor tumanida o‘tkazilayotgan “G‘arb/Hamkorlik-2021” mashqlarida Xitoy va Rossiyaning 10 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi ishtirok etmoqda. Manyovrlarga ko‘p sonli uchoqlar, qurol tizimlari va transport vositalari jalb qilingan.

Harbiy mashqlar Qo‘shma Shtatlar rahbarligidagi koalitsiya Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishi bilan barobar ravishda toliblar va hukumat kuchlari o‘rtasida harbiy harakatlar faollashib, butun mintaqada xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat o‘zgargani manzarasida kechayotir.

Ushbu mashqlar – joriy yil boshidan beri Pekin va Moskva ishtirokidagi hisob bo‘yicha to‘rtinchi va Xitoy hududida o‘tkazilayotgan birinchi qo‘shma mashqlardir. Manyovrlar qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlarida barqarorlikni ta’minlashga qaratilgani aytilmoqda. Ikkala davlat harbiy sohada hamkorlikni rivojlantirayotganini ko‘rsatishga intiladi.

“Bu mashqlar ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy aloqalar mustahkamlanishining tabiiy davomidir, ammo Afg‘onistondagi vaziyat hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqadi. Ikki tomon ham jangarilarning Markaziy Osiyoga kirib olishi ehtimolidan va buning natijasida mintaqada vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xavfsizlikka doir muammolardan tashvishga tushmoqda”, degan Ozodlik radiosiga bergan izohida Shanxaydagi Sharqiy Xitoy pedagogika universitetining Rossiyaga oid tadqiqotlar markazi dotsenti Chjan Sin.

Xitoy Mudofaa vazirligi rasmiy vakili U Sinь 5 - avgustdagi bayonotida mashqlarni o‘tkazishdan “hamkorlikni mustahkamlash” va terrorizmga qarshi kurashga alohida e’tibor bergan holda “mintaqada tinchlik va xavfsizlikni dastaklash” hamda birgalikda razvedka ishlarini olib borish, xavfdan barvaqt ogohlantirish, birga zarba berishni puxta o‘zlashtirish, elektron va axborot hujumlarini daf qilish sohalarida hamkorlikni mustahkamlash uchun umumiy qo‘mondonlik markazini tashkil qilish kabi maqsadlar ko‘zlanganini ma’lum qildi.

Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda tobora qalinlashmoqda. Ikkala o‘yinchi ham Qo‘shma Shtatlarni xushlamaydi va Markaziy va Janubiy Osiyo borasida o‘xshash strategik manfaatlarga ega.

Pekin ham, Moskva ham xalqaro muammolarni birgalikda hal qilishga shaylik borasida o‘sganini ko‘rsatib keladi, Markaziy Osiyo va Afg‘oniston xavfsizligiga bag‘ishlangan mazkur harbiy mashqlar esa ushbu jadallashayotgan dinamikaning oxirgi namoyishidir.

Biroq, Chjan Singa ko‘ra, harbiy aloqalar kengayayotgan va mamlakatlar hamkorlikning yangi vositalarini topayotgan bo‘lsa-da, Xitoy va Rossiya "an’anaviy ma’nodagi harbiy ittifoq" tuzishga intilmayapti.

“Bu kabi mashqlar to‘la miqyosdagi ittifoq tuzmagan holda ikki mamlakat qurolli kuchlari o‘rtasida yopiq, ammo o‘zgaruvchan hamkorlik olib borishga intilish mavjudligini ko‘rsatadi”, deydi Chjan.

Pekin va Moskva: rivojlanayotgan aloqalar

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat Xitoy va Rossiya siyosiy va harbiy yetakchilari e’tiborini tortishda davom etib, ular hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bu orada boshqa bir necha sohada ham ikki tomonlama aloqalar kengaymoqda.

Rossiya-Xitoy hamkorligi 2014 - yilda, Moskva Qrimni ishg‘ol qilganidan so‘ng G‘arb mamlakatlari sanksiyalariga nishon bo‘lgan paytda faollashgan edi.

O‘shandan beri Pekin va Moskva savdo, yuksak texnologiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish hisobiga o‘zaro yanada yaqinlashdi, xalqaro maydonda bir-birini dastaklashni kuchaytirdi – bu ayniqsa COVID-19 pandemiyasi davrida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Iyun oyida tomonlar 20 yil muqaddam imzolangan yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Xitoy-Rossiya shartnomasi muddatini uzaytirishdi.

Xitoy lideri Si Szinpin (o‘ngda) va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2021 - yil 28 - iyunida bo‘lib o‘tgan videokonferensiya chog‘ida
Xitoy lideri Si Szinpin (o‘ngda) va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2021 - yil 28 - iyunida bo‘lib o‘tgan videokonferensiya chog‘ida

Harbiy aloqalar ham diqqat markazidan ko‘chgani yo‘q.

Xitoy va Rossiya qurolli kuchlari 2005 - yildan beri muntazam ravishda u yoki bu shaklda – ikki tomonlama asoslarda yoki ko‘p tomonlama tashkilot orqali qo‘shma mashqlar o‘tkazib kelmoqda. Manyovrlar kengayib, keyingi paytlarda qo‘shma harbiy-dengiz mashqlarini ham o‘z ichiga oldi.

2018 - yildan e’tiboran Pekin va Moskva ancha kengroq ko‘lamli mashqlarga o‘tib, birgalikda harakat qilish uchun yuqori darajadagi qo‘mondonlar yetishtirishga ko‘proq ahamiyat bera boshladi. Joriy yilda yuqori darajadagi mashqlar Rossiyada bo‘lib o‘tdi.

Biroq harbiy-siyosiy aloqalar iliqlashganiga qaramay, tahlilchilar bunaqa hamkorlikning chek-chegarasi mavjudligini ta’kidlashadi.

Moskvadagi Karnegi markazi katta ilmiy xodimi Aleksandr Gabuyevning Ozodlikka aytishicha, tomonlardan hech biri “boshqa tomonning o‘z manfaatlari mavjud kurashga” qo‘shilishi mumkin bo‘lgan alьyansga kirishni xohlamaydi. Ekspert bu fikrini Xitoyning Ukrainaga nisbatan va Rossiyaning Tayvanga nisbatan tutumi bilan dalillaydi.

“Ular bir-biri bilan janjallashib qolmaslikka harakat qilishadi va o‘zaro nizolashgandan ko‘ra umumiy manfaatlarda yaqinlashuv nuqtalarini topishadi. Xitoy bilan Rossiya o‘ta pragmatik davlatlar bo‘lib, Qo‘shma Shtatlarga qarshi chiqishadi, ayni chog‘da, ikkala mamlakat ham o‘zini buyuk deb biladi va strategik avtonomligiga ishonadi”, deb urg‘ulagan Gabuyev.

Yangi konsensus

“G‘arb/Hamkorlik-2021” mashqlaridan so‘ng rossiyalik harbiylar va Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi sentabr oyida Pekin hamda Rossiya rahbarlik qiladigan Yevroosiyo xavfsizlik bloki – Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) shafeligida o‘tkaziladigan manyovrlarda ishtirok etadi.

Xitoyda bo‘lib o‘tgan mashqlar kabi ShHT manyovrlari ham aksilterror mazmunga ega.

Xitoy va Rossiyadan tashqari Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston ham a’zo bo‘lmish ShHT Pekin uchun Yevroosiyo xavfsizligi sohasida aloqalarni mustahkamlash vositasi bo‘lib xizmat qildi va bu aloqalar AQShning Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi manzarasida muqarrar faollashajak.

Rossiya avvaldan Markaziy Osiyo mamlakatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonga o‘z ta’sir hududi sifatida qaragan, biroq Pekinning hukmron iqtisodiy qudrat kasb etishi mintaqadagi dinamikani o‘zgartirib yubordi.

“So‘nggi yillarda Xitoy va Rossiya Markaziy Osiyodagi o‘z manfaatlari o‘rtasida, “Rossiyaning harbiy qudratiyu Xitoyning hamyoni orasida” muvozanatni topishga intildi”, degan Ozodlikka “Riddle Russia” onlayn-jurnali direktori Anton Barbashin.

Biroq, uning aytishicha, ushbu “konsensus o‘n yil burungidek mustahkam emas”. Afg‘onistondagi vaziyat rivoji va uning Markaziy Osiyo uchun oqibatlari Xitoy va Rossiyaning mintaqadagi xavfsizlik sohasiga oid bo‘lg‘usi hamkorligi konfiguratsiyalari shakllanishida muhim rol o‘ynaydi, deb ishonadi Barbashin.

“Biz ayni paytda Afg‘onistonda Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi xavfsizlik sohasi bo‘yicha keng hamkorlikning ibtidosini ko‘rib turgan bo‘lsak, ajab emas, – deya izoh berdi Barbashin. – Mazkur jarayonning qay yo‘sin rivojlanishiga qarab, ShHT Afg‘onistondan bo‘lajak muqarrar tahdidlarni to‘xtatishga qodir real tashkilotmi yoki yo‘q ekaniga baho berish mumkin”.

XS
SM
MD
LG