Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:40

Rossiyada 1,5 ming mutatsiya. Koronavirusning nechta turi bor?


Rasmiylarga ko‘ra, Rossiyada koronavirusning yuqumliroq shtammlari birinchi marta o‘tgan yil yozida aniqlangan
Rasmiylarga ko‘ra, Rossiyada koronavirusning yuqumliroq shtammlari birinchi marta o‘tgan yil yozida aniqlangan

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoning istalgan burchagida koronavirusning yangi mutatsiyalari paydo bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Yangi shtammlar ichida eng xavflisi deb hozircha Braziliya, Britaniya va JARda topilganlari hisoblanmoqda. Rossiyalik olimlar yaqinda 18 ta mutatsiya aniqlangan koronavirus bemori haqida xabar bergandi.

Mutatsiyalar nimasi bilan xavfli, qayerda qanday turlari aniqlangan, vaksinalar qay biridan himoya qiladi‑yu, qay biri oldida ojiz?

Koronavirusning yangi turi to‘g‘risida ilk xabarlar dekabrda tarqaldi. Bu tur Buyuk Britaniyada aniqlandi, keyinchalik mutatsiyaga uchragan virus boshqa mamlakatlarga tarqala boshladi. “Britancha shtamm” yuqumliroq bo‘lgani uchun tezroq tarqaladi va shu bilan kasallanganlar va shifokor yordamiga muhtoj bo‘lganlar sonini ko‘paytiradi.

Britancha shtammdan so‘ng mutatsiyasi shunga o‘xshash tur Janubiy Afrika Respublikasi (JAR)da aniqlandi. Biroz o‘tib Braziliyada. Bugunga kelib, dunyoda ko‘plab COVID-19 mutatsiyalari mavjud, ammo ularning hammasi ham kasallikning og‘irroq kechishiga sabab bo‘lmaydi.

"Rospotrebnadzor" rahbari Anna Popova 15 - yanvar kuni Rossiyada koronavirusning yuqumliroq shtammlari birinchi marta yozda aniqlanganini aytdi. Hozirda rossiyalik bemorlar tahlillari asosida maxsus yaratilgan ma’lumotlar bazasida koronavirusning bir yarim ming mutatsiyasi to‘g‘risida ma’lumot to‘plangan. Keyinchalik, Rospotrebnadzor qo‘shimcha qilishicha, gap "aholi orasida yurgan shtammlarning genetik jihatdan deyarli bir xilligi va kasallik jarayonida sezilarli o‘zgarishlar yo‘qligi" haqida ketyapti.

Popovaning bayonotidan bir necha kun oldin, rossiyalik virusologlar immuniteti zaif ayolning tanasida koronavirusning 18 ta mutatsiyasini aniqlaganini bildirgandi. Ushbu mutatsiyalar ayol asosiy kasalligi deb muntazam ravishda topshirib kelayotgan tahlillari natijasi solishtirilganda aniqlangan.

Viruslar mutatsiyalashayotgani g‘ayritabiiy hodisa emas. Epidemiya qancha ko‘p davom etsa, mutaxassislar shuncha ko‘p yangi shtammlarni aniqlaydilar, deydi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyesus. Uning aytishicha, kelajakda yangi mutatsiyalar paydo bo‘laveradi, chunki koronavirus hali ham aholi orasida faol tarqalmoqda. Emlash ham virusning yangi shtammlari paydo bo‘lishiga muayyan ta’sir ko‘rsatadi. "Odamlarni emlash epidemiya paytida emas, odatda undan keyin yoki oldin amalga oshiriladi. Shunchaki hozir favqulodda holat bo‘lgani uchun bunday choralar ko‘rilmoqda. Agar biror kishi emlanib, unda hali immun javob shakllanmagan bo‘lsa va u kasal bo‘lib qolsa, hosil bo‘layotgan immunitet virus uchun seleksion omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Bu mutatsiyaga yordam beradi, chunki virus immun reaksiyasini chetlab o‘tishga harakat qiladi”, – deydi Fundamental translyatsion tibbiyot markazi xodimi Aleksandr Chepurnov.

Vaksinalari Yevropa Ittifoqi, AQSh va dunyoning boshqa mamlakatlarida foydalanishga ruxsat berilgan kompaniyalar o‘z mahsuloti yangi mutatsiyalarga qarshi samarali himoya berishini ta’kidlamoqda.

“Pfizer” kompaniyasi ushbu sohadagi tadqiqotlar natijalarini e’lon qildi. Yanvar oyida Texas universiteti o‘tkazgan tadqiqot “Pfizer” vaksinasi britancha va JAR shtammiga qarshi ish berishini tasdiqladi. Shunga qaramay, olimlar tadqiqotlarni davom ettirishlarini aytmoqda, chunki ilk sinovlar bir necha o‘nlab odam tahlillarining namunalari asosidagina o‘tkazilgan.

“AstraZeneca” vaksinasi esa unchalik omadli chiqmadi. JARga bu vaksinadan 1 million doza yetkazilgan, lekin u Janubiy Afrikada topilgan koronavirus mutatsiyasiga qarshi yetarli samara ko‘rsatmadi. Endi JAR o‘z aholisini “Johnson&Johnson” vaksinasi bilan emlamoqchi. Ushbu kompaniya vaksinasi garchi sinovlarning uchinchi bosqichidan o‘tgan bo‘lsa‑da, lekin undan foydalanishga mutasaddilar hali ruxsat bermagan. Ruxsat tez kunlarda berilishi kutilmoqda.

Farqli natijalarga qaramay, ushbu ikki kompaniya vaksinalari ehtimoliy yangi shtammlardan himoya qila olmaydi, degan xavotir tufayli har ikkala kompaniya aksiyalari qiymati pasaymoqda.

Gamaleya markazi rahbari Aleksandr Gintsburg ham pandemiya qancha uzoq davom etsa, shunchalik ko‘p mutatsiyalar paydo bo‘ladi degan fikrga qo‘shilishini aytgan. Ushbu markaz ishlab chiqqan “Sputnik V” yangi turlardan himoya qiladimi yoki yo‘qmi, hozircha aniq emas. Gintsburgning ta’kidlashicha, markazda bu borada tadqiqotlar o‘tkazilmayapti, lekin “mutatsiyalar kuzatilsa”, o‘tkazilishi mumkin.

Brigita va uning do‘stlari

Yevropa mamlakatlarida mutaxassislar “Brigita” deb laqab bergan “britancha shtamm” alohida xavotir uyg‘atmoqda, chunki aynan shu shtamm boshqalardan ko‘ra ko‘proq uchramoqda. Ushbu shtamm klassik turdagi koronavirusdan klinik belgilari bilan farq qiladi: yo‘tal, tomoq og‘rig‘i, kuchli charchoq, yuqori isitma va mushaklarda og‘riq ko‘proq kuzatiladi. Hid va ta’mning yo‘qolishi esa, aksincha, deyarli kuzatilmaydi. Ikkala variantga ham bosh og‘rig‘i va ovqat hazm qilish bilan bog‘liq muammolar xos.

Brigita qanchalik yuqumliroq ekanligi to‘g‘risida ilmiy munozaralar hali ham davom etmoqda: 40 foizdan 70 foizgacha bo‘lgan raqamlar aytilmoqda. O‘lim darajasi ham kimning bashorati to‘g‘riroq chiqishiga bog‘liq: mutatsiya qancha yuqumliroq bo‘lsa, shuncha ko‘proq odam kasalxonada muolajaga muhtoj bo‘ladi, o‘lim darajasi ham oshishi mumkin. Allaqachon koronavirus bilan kasallanganlar uchun bu mutatsiya unchalik qo‘rqinchli emas: aksiltanachalar ma’lum darajada himoya beradi.

“Britancha shtamm” aholi orasida qanchalik tarqalganligi hamon noma’lumligicha qolmoqda, chunki Covid-19 bilan kasallangan barcha bemorlarda ham qo‘shimcha tahlillar o‘tkazilmaydi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, gap barcha kasallanganlarning o‘ndan biri haqida ketishi mumkin. Ammo yangi mutant pandemiya boshlangandagi ilk virusga qaraganda ko‘proq tarqalishi mumkin. Buning uchun, odatda, bir necha oy kerak bo‘ladi.

Koronavirusning JAR mutatsiyasi xavfliroqdir. Bu shtamm haqida ma’lumot juda oz, ammo yuqumliroq ekanligidan tashqari, bu shtamm hatto yoshlarning og‘irroq kasallanishiga olib kelishi mumkinligi aytilmoqda. Shuningdek, koronavirusning oddiy varianti bilan kasallanish natijasida hosil bo‘lgan aksiltanachalar bu shtammga qarshi himoya bermaydi.

Koronavirusning yana bir, “brazilcha” mutatsiyasi ilk bor Yaponiyada aniqlangan. Uni Janubiy Amerikadan kelgan to‘rt nafar sayyohda, aeroportda o‘tkazilgan testlardan so‘ng topishdi.

Yaponiyalik mutaxassislar aniqlashicha, koronavirusning “brazilcha shtammi”da 12 ta mutatsiya mavjud. Eng katta tashvishga shulardan ikkisi – N501Y va E484K mutatsiyalari sabab bo‘lmoqda. Birinchisi ham “britancha”, ham “JAR shtammi”da aniqlangani uchun, olimlar gap yuqish darajasi kattaroq variant haqida ketayotganini ta’kidlamoqdalar.

Aksar YeI mamlakatlari koronavirusning yuqumli mutatsiyalari haqidagi xabarlarga allaqachon munosabat bildirdi: Avstriya va Germaniya FFP2 respiratorlarini taqishni majburiy qilib qo‘ydi. Boshqa mamlakatlarda respiratorlarni taqish majburiy emas, lekin ulardan do‘konlarda, jamoat transporti va odamlar ko‘p yig‘iladigan joylarda foydalanish tavsiya etiladi. Mutatsiyalar deb ko‘plab davlatlar o‘z fuqarolarini mato niqoblardan emas, hech bo‘lmaganda, tibbiy niqobdan foydalanishga chaqirmoqda.

XS
SM
MD
LG