Линклар

Шошилинч хабар
14 декабр 2024, Тошкент вақти: 23:47

Rossiyada Allaqulov partiyasining uch faoli hibsga olindi. Ular deportatsiyaga yuz tutmoqda


Farhod Temirtirnoq jurnalistlarga qilinayotgan bosimga qarshi aksiyada
Farhod Temirtirnoq jurnalistlarga qilinayotgan bosimga qarshi aksiyada

Ijtimoiy tarmoqlarda Farhod Temirtirnoq nomi bilan tanilgan o‘zbekistonlik jamoatchilik faoli va bloger Farhodjon Umirzoqov 6-iyul kuni Moskvada ish joyidan politsiya xodimlari tomonidan ushlab ketildi. Bir kun o‘tmay, 7-iyul kuni Lefortovo tuman sudi uni “migratsiya qonunchiligini buzgani” vaji bilan Rossiyadan badarg‘a qilish haqida qaror chiqardi.

Farhodjon Umirzoqovning yaqinlari deportatsiya qilinayotganini uning O‘zbekistondagi norasmiy “Haqiqat, Taraqqiyot va Birdamlik” demokratik partiyasi bilan aloqalariga bog‘lamoqda. U migrantlar orasida professor Xidirnazar Allaqulov partiyasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun imzo yig‘ish kampaniyasida faol qatnashgan.

Ayni paytda Ozodlikka Rossiyadan bog‘langan bir guruh faollar 6-iyul kuniyoq Sankt-Peterburg shahrida professor Xidirnazar Allaqulov partiyasining yana ikki faoli politsiya tomonidan hibsga olinganini ma’lum qilishdi.

"Partiyaga yig‘ilgan ovozlar qani?"

Deportatsiya Moskvada 6-iyul kuni ish joyidan ushlab ketilgan o‘zbekistonlik jamoatchilik faoli va bloger Farhodjon Umirzoqovga 7-iyul kuni Rossiyadan badarg‘a qilinishi haqidagi sud qarori nusxasi topshirilgan.

Bu haqda Ozodlikka uning turmush o‘rtog‘i Maftuna Umirzoqova xabar berdi.

-Xo‘jayinim o‘qishga kirmoqchi edi va vaqtinchalik o‘qishga kirguncha ishlab turgandi Moskvada. Ish vaqtida ofisga bir rus bola kirgan va Farhodjon bilan birga chiqib ketishgan. “Ashan” magaziniga kirib ketishayotganda bitta mashinadan 6ta melisa chiqib, olib ketishgan. Ular ko‘chadagi reyd qiladiganlar emas. Bu 6-iyul kuni bo‘lgan. 7- iyul kuni sud bo‘lgan, - dedi Maftuna Umirzoqova

Farhod Temirtirnoq
Farhod Temirtirnoq

Sud bo‘layotgan kuni turmush o‘rtog‘i bilan qisqa suhbatlashganini aytgan Maftunaga ko‘ra, sud jarayonida haqamlar faolning O‘zbekistondagi norasmiy “Haqiqat, Taraqqiyot va Birdamlik” demokratik partiyasiga aloqasi to‘g‘risida savollar bergan:

- Sudda bir o‘zbek odam telefon qilib, sudya orqali Allaqulov partiyasiga yig‘ilgan ovozlar haqida so‘ragan. “Partiyaga yig‘ilgan ovozlar qani?” savoliga xo‘jayinim “Menda yo‘q u ovozlar. Hamma ovozni onlayn beryapti. Menga kelgan javoblarni O‘zbekistonga men jo‘natvorganman”, degan. Sud bo‘lgani to‘g‘risida bizga xabar berishmadi. Ushlangan kunlari ofisga borganimda yonimga bir gapirishidan buxorolik yigit kelib bilet so‘radi, lekin unga bilet kerak emasligi aniq edi. Men uni ham yollangan odam deb o‘yladim.

Farhodjonning hujjatlari joyida edi, registratsiyasi yana 1,5 oy vaqti bor edi, “uchebniy” viza bilan kirib kelgandi Rossiyaga. Menimcha, shu partiyaga a’zoligidan shu ish bo‘lyapti, menimcha. Suddan keyin uni Saxarovo deportatsiya markaziga olib kelishdi. Mana hozir shu yerda egulik, kiyim-kechak olib kelgandim - kutib turibman.

Ozodlik olgan Moskvaning Lefortovo tuman sudi qaroriga ko‘ra, Farhodjon Umirzoqov Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi Kodeksining 18.10- moddasi 2- qismi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Ya’ni u ruxsatnomasiz ish faoliyati bilan shug‘ullanib kelganlikda ayblangan.

Sud qarori bilan Farhod Temirtirnoqqa 5 ming rubl jarima va 5 yilga Rossiyaga kirish taqiqi qo‘yilganini ko‘rish mumkin.

Farhod Umirzoqov bir necha yildan buyon ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining tanqidiy chiqishlari va siyosiy masalalarga oid keskin fikr-mulohazalari bilan jamoatchilikka tanildi. U, shuningdek, Rossiyadagi mehnat muhojirlari huquqiy himoyasi bilan ham shug‘ullangan.

Moskvada o‘zbek muhojirlariga yordam berib kelayotgan jamoatchilik faoli va bloger Temirtirnoq taxallusi bilan tanilgan Farhod Umirzoqovning ushlanishi tez orada internet tarmoqlarida tarqaldi.

Xabarlarga ko‘ra, Moskvada faoliyat yuritayotgan bir guruh mustaqil yuristlar va advokatlar Farhod Temirtirnoqqa huquqiy yordam berish niyatida ekanliklarini aytishgan.

Ayni paytda Ozodlikka Rossiyadan bog‘langan bir guruh faollar 6-iyul kuni Sankt-Peterburg shahrida ham norasmiy “Haqiqat, Taraqqiyot va Birdamlik” demokratik partiyasining yana ikki faoli politsiya tomonidan hibsga olinganini ma’lum qilishdi.

" Asli shahrisabzlik, piterda taksichilik qilib kelgan Shokir Jo‘rayev va farg‘onalik xuquqshunos, 2-3 yildan buyon Peterburgda yashovchi Dildora Mo‘minovalar ham 6.07.2023 dan qamoqqa olindi, Peterburgdagi vaqtinchalik deportatsiya markazida saqlanmoqda”, - deyiladi xabarda.

“Haqiqat, Taraqqiyot va Birdamlik” demokratik partiyasi yetakchisi Xidirnazar Allaqulov Farhodjon Umirzoqov haqiqatan partiyaga ovoz yig‘ishda ko‘ngilli sifatida qatnashganini tasdiqladi.

- Farhodjon partiyamizga ovoz yig‘ishda o‘ta faol bo‘ldi. Moskva shahri va atrofidagi vatandoshlarni partiyaga birlashtirish uchun da’vat qildi, jalb qildi, o‘zining ofisida joylarni jihozladi va kelib imzo yig‘ishiga sharoit yaratdi. Ijtimoiy tarmoqlardan kuni kecha Farhodjonni sud qilishib, O‘zbekistonga deportatsiya qilish haqida qaror qabul qilishganini o‘qib qoldim.

Nima uchun aynan bizga ovoz yig‘ayotgan 1-raqamli faol yigitni sud qilib, deportatsiya qilayotgani to‘g‘risida bizda aniq dalillar yo‘q. Lekin mamlakat ichkarisida bizga nisbatan qilib kelinayotgan har xildagi bosim, tuhmat va tazyiqlarga e’tibor qaratsangiz, bu aslo siyosiy tus olganini ko‘rasiz. Mirziyoyev hukumati siyosiy faollarga bosim qilyapti, ammo bunga siyosiy tus bermayapti! Mumkin Farhodjonni ham ayni ovoz yig‘ayotganligi uchun sud qilib, turli bahonalar bilan deportatsiya qilgan bo‘lishlari mumkin. Farhodjon partiyamizning Rossiyadagi eng ko‘zga ko‘ringan etakchi faollardan biri! - dedi partiya yetakchisi Xidirnazar Allaqulov.

Bloger va faollarga bosimlar

O‘zbekistonda shu yil aprelida o‘tgan konstitutsion referendum hamda 9-iyul kungi navbatdan tashqari prezident saylovi arafasida tarmoq faollari, jurnalist va blogerlarga nisbatan bosimlar kuchaygani kuzatildi.

Saylov arafasida Oliy sud matbuot xizmati shu yil boshida hibsga olingan mustaqil Human.uz sayti jurnalistlari ustidan jinoyat ishi mahkamaga oshirilgani haqida xabar tarqatdi.

O‘tgan oy Qashqadaryoda Nasaf News sayti rahbari Umid Karimov, blogerlar Maqsud Muzaffarov va Otabek Ortiqov o‘z faoliyatlarini tugatganlarini e’lon qilishdi. Ular mayda bezorilikda ayblanib, 5 sutka ma’muriy qamoqqa mahkum qilingan.

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida esa bloger va faol Elmurod Odil mayda bezorilik hamda hokimiyat vakilining xizmat vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik vaji bilan bloger 15 sutkaga qamalgan.

Shu yil boshida “firibgarlik" va "tovlamachilik"da gumon qilinib, hibsga olingan taniqli bloger Abduqodir Mo‘minov hanuz hibsda qolmoqda. Yaqinlari uni ko‘rsatishmayotganidan shikoyat qilishgan.

33 yashar Abduqodir Mo‘minov prezident Shavkat Mirziyoyevning ashaddiy tanqidchisi sifatida tanilgan. U o‘tgan yili prezident kuyovlarining biznesi haqidagi chiqishi ortidan Toshkentda noma’lum shaxslar tomonidan do‘pposlab ketilgandi.

Xalqaro matbuot tashkilotlari va mahalliy jurnalistlar Mirziyoyev boshqaruvining ilk davrida nisbatan yumshatilgani kuzatilgan matbuot ustidan nazorat yanada kuchayayotganini aytishmoqda. Ularga ko‘ra, uchinchi muddatga saylangan Mirziyoyev mamlakatda so‘z erkinligini yaxshilashiga biron ishora yo‘q.

O‘zbekistonda jurnalist va blogerlarga bosimlar kuchayib borayotgani “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) xalqaro tashkilotining shu yilning may oyida e’lon qilingan yillik hisobotida ham qayd etilgan.

Hisobotga muvofiq, O‘zbekistonda so‘z erkinligi o‘tgan yilgiga qaraganda to‘rtta pozitsiyaga yomonlashib, 133-o‘rindan 137-o‘ringa tushgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG