Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:52

“Rossiyada hamma pullar – Putinniki”. Rus tadbirkor va mulozimlari nega ofshorga intiladi?


Prezident Putin “ofshorlar bilan ishlashga chek qo‘yish kerak”ligini aytib keladi. Kollaj.
Prezident Putin “ofshorlar bilan ishlashga chek qo‘yish kerak”ligini aytib keladi. Kollaj.

Bir necha kun oldin OAVda “Pandora hujjatlari” (Pandora Papers) deb nomlangan global surishtiruv natijalari e’lon qilingan edi. Mashhur “Panama hujjatlari”dan keyin eng yirik ma’lumotlar sizdirilishi o‘laroq baholanayotgan mazkur loyiha doirasida dunyo bo‘yicha ko‘plab yuqori martabali mulozimlar va hatto davlat rahbarlarining ofshor mamlakatlarga yashirilgan mol-mulklari o‘rtaga chiqdi.

Ular orasida rossiyaliklar ham bor. “Panama dosyesi” Putinning “shaxsiy hamyoni” bo‘lib chiqqan violonchelist Sergey Rolduginni dunyoga tanitgan bo‘lsa, “Pandora”ning Rossiyaga oid qismida bunaqa katta shov-shuv yo‘q.

“Hujjatlar”da ofshor shirkatlar orqali biznes qilgan, xorijda dang‘illama mol-mulk xarid qilgan jami 52 rossiyalik, xususan, “Perviy kanal” bosh direktori Konstantin Ernst, Putinning sobiq ma’shuqasi va qizining onasi deb taxmin qilinadigan Svetlana Krivonogix, “Rostex” davlat korporatsiyasi rahbari Sergey Chemezov ismlari tilga olingan.

Sizdirilgan hujjatlarni o‘rganishda ishtirok etgan rossiyalik jurnalist, Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani yoritish loyihasi (Organized Crime and Corruption Reporting Project, OCCRP) mintaqaviy muharriri Roman Shleynov Ozodlik radiosi rus xizmati bilan muloqotda “Pandora hujjatlari”ga ko‘ra aksariyat hollarda rossiyalik mulozimlar rasman qonunni buzmagani, ularni faqat ikki yuzlamachilikda ayblashga asos bo‘lishini aytdi: bu odamlar vatanparvarlik va “G‘arbning fitnalari”dan lof urganlari bilan o‘z pullarini aynan G‘arb banklarida saqlashni afzal ko‘rishmoqda, ularning farzandlari esa o‘z istiqbollarini Rossiya bilan mutlaqo bog‘lamaydilar.

– Roman “Hujjatlar”ning Rossiyaga oid qismi haqida nima deyish mumkin? Agar ismlarning qanchalik mashhurligiga ko‘ra baho beradigan bo‘lsak, bu eng shov-shuvli hujjatlarga ko‘pam o‘xshamaydi.

– Bu yerda ofshorlar nega aynan Rossiyada ommalashganini tushunish muhimroq. Nega rossiyalik tadbirkorlar ulardan voz kechishga oshiqmayapti? Chunki ular o‘z biznesi mamlakat ichida xavfsiz ekaniga ishonishmaydi. Rossiyada biznesingizni ertaga birov tortib olmasligiga hech qanaqa kafolat yo‘q. Davlat mulozimlari va siyosatchilarning vaziyati ham taxminan shunday: ular hukumatga sadoqatini ko‘rsatishda qanchalik g‘ayrat qilishmasin, aslida o‘zlari uchun ham hech qanday barqarorlik yo‘qligini yaxshi bilishadi. Ko‘rdik-ku, deyarli barcha katta amaldorlarning farzandlari va yaqin qarindoshlari chet elda. Ayrimlari Rossiyada umuman yashamaydi. Ular ikkinchi fuqarolik olishga va, istalgan vaqtda boyliklarini bolalariga berish uchun xorijda har xil fondlar ochishga harakat qilishadi. Buning yagona yo‘li – ofshorlar, chunki ular G‘arbda ochiq-oydin yura olmaydilar. Bunaqalar hatto prezidentning eng yaqin a’yonlari orasida ham bor. Xullas, Rossiya mulozimlari o‘zlari xalqqa olabo‘ji ko‘rsatayotgan G‘arb mamlakatlarida kelgusi avlodlari yashashi uchun “in qurishmoqda”.

– Putinning atrofidagilar, chunonchi, Rossiya prezidentiga “quyib qo‘ygandek o‘xshash” qizning onasi bo‘lmish Svetlana Krivonogixga oid mulklar qanday fosh etilgani haqida batafsilroq so‘zlab bersangiz.

– Avvalo u ofshor shirkat orqali Monakoda, dengiz bo‘yida hashamatli kvartira olganini aniqladik. Bu oldi-sotdi 2005 - yilda amalga oshirilgan va o‘sha paytda kvartira narxi 3.6 mln yevro bo‘lgan.

Mazkur bitim Krivonogix Putinning eng yaqin davradoshlaridan biri ekanini bilvosita tasdiqlaydi. Chunki ushbu ofshorning nominal egasi bo‘lmish shirkatdan prezidentning do‘stlari – tadbirkorlar Gennadiy Timchenko va Pyotr Kolbin ham foydalanishgan.

Putin hamisha “ofshorlar bilan ish qilishga chek qo‘yish kerak”ligini aytadi, tadbirkorlarni o‘z sarmoyalarini mamlakatga qaytarishga chaqiradi, ammo bu paytda uning o‘z a’yonlari va hatto qarindoshlari ofshorlardan foydalanayotgan bo‘ladi. Nonini halol topib yeydigan tadbirkorlarda haqli savol paydo bo‘lishi mumkin – bunaqa ikkiyuzlamachilikning kimga keragi bor?

Давлат раҳбарлари яширган бойликлар. "Пандора қутиси" очилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:29 0:00

– Soddalashtiradigan bo‘lsak, Svetlana Krivonogix kvartira uchun to‘lagan pullar Putinning pullari, deyish mumkinmi?

– Rossiyada hamma pullar – Putinning pullari. Tadbirkorni shunchaki “obkirib qo‘yish” bilan bir necha soatda uning biznesini tugatish, aktivlarini g‘orat qilish mumkin bo‘lgan mamlakatda hamma pullar Putinga tegishli bo‘lib qolaveradi. Rossiya tadbirkorlari – huquqsiz odamlar. Istalgan paytda bor-budini tortib olishlari mumkinligini tushunganlari uchun ham Buyuk Britaniyaga, ofshor hududlarga intilishadi ular. Rossiyalik tadbirkor – qahramon,, chunki u topgan mol-davlati o‘ziniki emasligini, shunchaki unga “ushlab turish” uchun berilganini va, agar hokimiyat xohlasa, biron chakki aytilgan so‘zi yoki buzib talqin qilingan xatti-harakati uchun ertagayoq tortib olishini anglagan holda biznesini yuritadi.

– “Pandora hujjatlari”da G‘arb siyosatchi va tadbirkorlariga oid ma’lumotlar ko‘proq qaytaga. Ammo ularda rezidentlar ofshorlardan voz kechishga da’vat qilayotgani yo‘q. Nega?

– Boshqa mamlakatlarda bu har doim axloq masalasi bo‘lgan. Hech kim tadbirkorlarga ofshordan foydalanishni taqiqlamaydi, buning noqonuniy joyi yo‘q zotan. Masala – ofshor yordamida davlat taqiqlari va nazoratini chetlab o‘tgan holda biron faoliyat yuritishda emas, hamma gap hokimiyat egalarining so‘zi va amali uyg‘unligida. Rossiyada prezident va a’yonlarining aytganlari bilan qilganlari bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi.

G‘arbda, agarda biron nufuzli va hokimiyatga yaqin odamning ofshor boyliklari o‘rtaga chiqsa, unga hamisha axloqiy savollar qo‘yiladi: nega ofshordan foydalanyapsan? Jamiyatdan nimani yashirmoqchisan? Soliqlarni to‘lamayapsanmi? Agar tadbirkor aktivlarini optimallashtirish va o‘z mamlakatida ko‘p soliq to‘lamaslik uchun qonun doirasida ofshordan foydalangan bo‘lsa, davlat hech narsa qila olmaydi. Chunki hammasi qonuniy. Yirik shirkatlar qilni qirq yoradigan usta yuristlarni yollaydi, bu korporativ yuristlar qonunni buzmagan holda soliqlarni kamaytirishning ming bir usulini topa oladi.

Rossiyalik tadbirkorlarni esa ofshorga haydayotgan narsa soliqlar emas, balki vaziyatning mavhumligi va huquqiy kafolatlar yo‘qligidir. Ammo meni jurnalist o‘laroq tadbirkorlar emas, siyosatchi va mulozimlar qiziqtiradi ko‘proq. Eng g‘aroyibi, bizni “xorijiy agent” deb atashadi, ayni chog‘da biron osuda mamlakatdan ikkinchi fuqarolik olib, ofshorlarda ancha-muncha bisot yig‘ib qo‘ygan top mulozimlarning butunboshli qatlami paydo bo‘lib ulgurdi.

XS
SM
MD
LG