Линклар

Шошилинч хабар
12 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:16

"Rossiyada ishlashdan ma’ni qolmadi". Markaziy osiyolik migrantlar uylariga qaytish haqida o‘ylamoqda


“Krokus” konsert zalidagi teraktdan so‘ng Rossiyaning ko‘plab viloyatlarida migrantlarning yo‘lovchi tashish, taksi va boshqa qator sohalarda mehnat qilishi taqiqlandi. Rasmiy talqinga ko‘ra, ushbu choralar “mahalliy aholining hayoti va xavfsizligini ta’minlash maqsadida” qabul qilingan.

Mazkur qaror birinchi galda Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarga zarba bo‘ldi. Ko‘pchilik ishidan ayrilgach, vataniga qaytmoqda yoki qaytish haqida o‘ylamoqda. “Migrant Media” loyihasi jurnalistlari Novosibirskda yashab, ishlayotgan qirg‘izistonliklar bilan gaplashishdi: ularning aksari hozirgi cheklov sharoitida Rossiyada ishlashdan ma’no qolmaganini aytganlar.

Novosibirsk viloyati hukumati aprel oyi o‘rtalarida migrantlarga taksi haydashni, shuningdek alkogol va tamaki mahsulotlari sotiladigan do‘konlarda ishlashni man etgan edi.

“Bu yangilikni yaqinda eshitdik. Haydovchi bo‘lib ishlayotganlar endi nima qilishni bilmay, boshlari qotgan, – deydi Novosibirskda yashovchi qirg‘iz migranti Karim. – Ayrimlar qaytib ketishdi. Ko‘pchilik endi bizga Rossiyada tinchgina ishlagani qo‘yishmaydi, degan fikr bilan ketyapti. Men ishlashda davom etyapman. Peshonada borini ko‘raman. Hozircha hech kim to‘xtatib, tekshirmadi”.

Novosibirskdagi qirg‘iz diasporasi vakillari viloyatda joriy etilgan cheklovlarning Qirg‘iziston fuqarolariga daxli yo‘qligini aytishadi.

“Taqiq O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolariga nisbatan qo‘llanadi, chunki ular patent bilan ishlaydi. Biroq yo‘l politsiyasi hammani yoppasiga to‘xtatib: “Rus emassan, a? Nega taksida ishlayapsan? Haqqing yo‘q” deya so‘roqqa tutyapti”, – deydi Novosibirskdagi “Asman Kirgiz” diasporasi vakili Jusupmuhamad Turdiboyev. – Bizdan biron haydovchini to‘xtatishsa, u qo‘ng‘iroq qiladi va biz darhol yetib boramiz. Bahslashamiz, qonunda unaqa emas, bunaqa deya tushuntiramiz. Ba’zan yurtdoshimizni qo‘yib yuborishlariga erishamiz ham”.

“Kecha ikki kishini tutishgan ekan. Birini bugun ertalab qo‘yib yuborishdi, – deydi Karim. – Ochig‘i, taksida ishlash juda qiyin bo‘lib ketdi. Taksi xizmatlari o‘z ulushini oshirmoqchi, degan gaplar yuribdi. Shunday qiladigan bo‘lishsa, Rossiyada taksi haydashdan ma’no qolmaydi”.

Karim Novosibirskda 6 yildan beri taksichilik qiladi. Uning aytishicha, Rossiya kuch ishlatar xodimlari migrantlarga hamisha ola qaraganlar, ammo Moskvadagi teraktdan so‘ng tekshiruvlar juda qattiq bo‘layotgan ekan.

“Ilgari ham to‘xtatishardi-yu lekin, agar hujjatlar joyida bo‘lsa, tezda qo‘yib yuborishardi. Hozir darhol bo‘limga olib ketishyapti. Ba’zan kechqurun yoki tunda olib ketishadi, bo‘limda hamma xodimlar ham joyida bo‘lmaydi. Natijada haydovchilar politsiya xodimlarini kutib, ertalabgacha qolib ketishmoqda. Oldinlari darrov vaziyatni aniqlashtirib, qo‘yib yuborishardi”, deydi u.

Migrantlarning jamoat transporti, jumladan taksi xizmatida ishlashiga doir cheklovlar hademay o‘ndan ortiq regionda kuchga kiradi, ular orasida Voronej viloyati va Kamchatka ham bor. Tula, Kaluga, Chelyabinsk viloyatlarida, shuningdek Yoqutiston va hatto okkupatsiya qilingan Qrimda migrantlarga chakana savdo sohasida ishlashni taqiqlab qo‘yishdi.

“Ahvol shu tarzda davom etadigan bo‘lsa, Qirg‘izistonga qaytaman, shekilli. Bunaqa o‘y ko‘pchiligimizda bor. Begona yurtda qiynalib yuramizmi, undan ko‘ra ketganimiz ma’qul”, deydi Karim.

Мигрантлар. Кўчага чиқиш қўрқинчли - Крокус оқибати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:25 0:00

O‘tgan yilning oxirlarida “Yandeks.Taksi” servisi shirkatda qariyb 80 ming haydovchi yetishmayotganini ma’lum qilarkan, bunga, jumladan, migrantlar soni kamayganini sabab qilib ko‘rsatgan edi. Ko‘pchilik kovid pandemiyasi davrida Rossiyadan ketgancha qaytib kelmadi, yana ko‘plab migrantlar esa Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlab, rubl kursi tushib ketganidan so‘ng mamlakatni tark etishdi. Yangi cheklovlarni hisobga olganda, yaqin yillarda Rossiyada ishchi kuchi yanada tanqislashadigan ko‘rinadi.

XS
SM
MD
LG