Линклар

Шошилинч хабар
27 сентябр 2021, Тошкент вақти: 21:34

Rossiyada migrantlarni emlash: tizimsizlik, turfa narx va tartiblar


Rossiyada mehnat migrantlarini COVID-19 ga qarshi emlash iyul oyidan boshlangan edi. Moskvada bu katta kampaniya tusini oldi: odamlarni vaksina olishga ishontirishmoqda, hatto emlanmaganlarga patent berilmasligini aytib, qo‘rqitishyapti ham. Poytaxtda vaksina topiladi – “Sputnik Layt”ning bir dozasini 1300 rublga olish mumkin. Boshqa hududlarda vaziyat har xil: Peterburgda, masalan, emlash bir yarim oy kech – avgust oyi o‘rtalarida boshlandi, vaksina narxi ham qimmat, qolgan mintaqalarda esa migrantlarni emlash hanuz boshlangani yo‘q.

Hammasi “Rospotrebnadzor”ning migrantlar ishlaydigan sohalar – savdo, umumiy ovqatlanish, taksi, kommunal xo‘jalik xodimlarining 60 foizini majburiy emlash haqidagi 16 - iyundagi buyrug‘idan boshlandi. Keyinroq prezident Putin 15 - iyulga qadar Rossiyaga ishlash uchun keladigan migrantlarni emlashni tashkil qilish va buning moliyaviy manbalarini belgilashga topshiriq berib, buyruq ijrosini tezlashtirib yubordi.

Moskva shahri va viloyati. Navbatlar, polislar, Sputnik Layt

Moskvada topshiriqni jiddiy qabul qilishdi: bir necha kunda talay emlash punktlari ochilib, migrantlarni ba’zan ishdan bo‘shatish bilan do‘q qilib, emlashga majbur qilishdi. Iyul oxirlarida emlash markazlarida turnaqator navbatlar hosil bo‘ldi.

“Moliyalash manbalari”ga kelsak, manba migrantlarning o‘zi bo‘ldi. Huquqbonlar Moskvada migrantlardan patent uchun 5431 rubl undirilishini eslatib, ularni bepul emlashga chaqirdi. Biroq ularga hech kim quloq solgani yo‘q: natijada poytaxtda bir marta emlanish 1300 rublga tushmoqda. Aslida bu pulni ish beruvchilar to‘lashi kerak, ammo, huquqbonlar va emlanganlar aytishicha, ko‘p hollarda vaksinani migrantlar o‘z yonidan sotib olmoqda.

Bepul emlanishga faqat majburiy tibbiy sug‘urta (MTS) qildirgan migrantlargina da’vo qilishi mumkin bo‘ldi, ya’ni: YeOIIga a’zo davlatlar fuqarolari, shuningdek vaqtincha yashash ruxsatnomasi (VYaR) va yashash ruxsatnomasi (YaR) bor xorijliklar. Bu xabar MTS polisini rasmiylashtirishda ajiotaj keltirib chiqardi. Gap shundaki, rossiyaliklardan farqli o‘laroq, chet elliklar har yili MTS polisi rasmiylashtirishi lozim. Ilgari polisi bo‘lmaganlarga dastlab 30 kunlik vaqtincha polis beriladi.

Ammo, masalan, “Lujniki”dagi emlash markazida vaqtinchalik polisi bor YeOIIga a’zo mamlakatlar fuqarolari ham boshqa migrantlar kabi 1300 rubldan pul to‘laganlar. U yerda emlanganlardan biri – qirg‘izistonlik Oyjamol.

“Nega polisingiz yo‘q, deysizmi? O‘tgan yillarda bir necha marta polis rasmiylashtirganman, lekin hech qachon keragi bo‘lmagan. Har yili yangi olish kerak, bu esa xiyla noqulaylik tug‘diradi. Hozir MTS emlanish uchun zarur, deyishyapti, lekin singlim ikkimiz “Lujniki”da polis uchun baribir pul to‘ladik”, deydi u.

Avgust oyi o‘rtalariga kelib emlov ajiotaji bir oz bosildi, ammo odamlarni hanuz emlanishga chaqirishmoqda, ba’zan qonunga zid usullar ham ishga solinyapti. 15 - avgust kuni “Tong Jahoni” huquqbonlik tashkilotiga ikkita murojaat tushdi: ularning mualliflari “Saxarovo” ko‘p tarmoqli migratsiya markazida emlanmaganlarga patent, VYaR va YaRga hujjatlarini qabul qilmaslik bilan tahdid qilinayotganini bildirishgan. Tashkilotga yuborilgan videoyozuvda “Saxarovo” KTMM xodimi ovozkuchaytirgich orqali shunday e’lon qiladi:

“15 - avgustdan vaksina olgani haqida sertifikati bo‘lmagan shaxslarning patentlari bekor qilinib, yangisini berish to‘xtatiladi. Sizlar emlanganlik sertifikatisiz ishlay olmaysiz. “Sputnik Layt”dan bir doza olishingiz bilan sertifikat qo‘lingizga beriladi”.

Shunday bo‘lsa-da, patent berishni rad etish hollari bo‘lgani aniqlanmadi: e’lon migrantlarni qo‘rqitish va emlanishga undash uchun o‘qilayotgan bo‘lishi mumkin. KTMM matbuot-xizmati “Nastoyashcheye Vremya” telekanalining chet elliklar emlov sertifikatisiz patent va boshqa hujjatlar muddatini uzaytira olishi yoki olmasligi haqidagi savollarini javobsiz qoldirgan.

Migrantlarni ishga joylashtirishga ixtisoslashgan “TutJdut” loyihasi asoschisi Natalya Xmelnitskayaga ko‘ra, migrantlarni emlash dasturining qanchalik muvaffaqiyatli chiqqani haqida xulosa chiqarishga hali erta, chunki “hatto Moskvaning o‘zida ham qiyinchiliklar bo‘lgan”. U ilgari migrantlar o‘zlari emlana olmaganini, buni faqat ish beruvchi orqali qilish mumkin bo‘lganini eslatadi. Bunaqa tartib yaxshi ishlamasligi ayon bo‘lgach, migrantlarning o‘zlari emlash markaziga borishiga ruxsat berildi. Ammo endi uzun navbatlar paydo bo‘ldi va to‘liq bir ish kunini emlanish uchun navbat kutib o‘tkaza olmaydiganlar u yerga bormay qo‘ydi, deb hikoya qiladi Xmelnitskaya.

Moskva viloyatiga kelsak, u yerda hamma narsa lokal tarzda va faqat ish beruvchilar orqali hal qilindi, migrantlar o‘zlari emlanishiga yo‘l qo‘yilmadi, deydi “TutJdut” loyihasi asoschisi.

Uning aytishicha, bir holatda jarayonga uning o‘zi aralashib, bitta korxonada ishlaydigan barcha migrantlarning hujjatlarini to‘plashda va ularning hammasini belgilangan vaqtda emlash markaziga olib borishda ish beruvchiga ko‘maklashgan. Markazda migrantlarga “Sputnik V” vaksinasi qo‘llangan. “Chunki Moskva viloyatida “Sputnik Layt” yo‘q edi – uni faqat Moskva uchun ajratishgan ekan”, izoh beradi Xmelnitskaya.

Sankt-Peterburg. “Narxlar turli, joyiga borib emlaganda – qimmatroq”

Avgust oyi o‘rtalarida emlash kampaniyasiga Sankt-Peterburg ham qo‘shildi. RBK nashri 10 - avgustgacha ish beruvchilar jami 54 ming chet ellik xodimlarini emlashga ariza bergani, shaharda jami 17 ta xususiy klinika migrantlarni emlashga tayyorligi haqida yozdi. Rasmiy qaydlarga ko‘ra, Peterburgda patent, VYaR va YaRga ega 200 mingga yaqin va yana taxminan shuncha YeOIIga a’zo davlatlardan kelgan mehnat migrantlari mavjud. Shu bilan birga, Peterburgda o‘rtacha ish haqi Moskvadagidan past, migrantlar uchun patent narxi esa 4000 rublni tashkil qiladi.

RBK ma’lum qilishicha, 10 - avgust kuni chet el fuqarolarini emlashga rasmiy ruxsatnoma olgan “Lahta Clinic” shirkati 16 - avgustdan “Galereya” SKM emlash markazida migrantlar va sayyohlarni 3500 rubldan “Sputnik Layt” vaksinasi bilan emlashni boshlagan.

Uch kundan so‘ng Yagona tibbiyot markazida ham xorijliklar uchun COVID-19 ga qarshi “Layt” bilan emlash yo‘lga qo‘yildi. Muassasa vakilining “Nastoyashcheye Vremya”ga ma’lum qilishicha, Sankt-Peterburgda yagona narx yo‘q. YaTM statsionar sharoitda emlash uchun 2350 rubl narx belgilagan. Lekin agar joyiga borib emlanadigan bo‘lsa, ustama haqi qo‘shiladi.

Boshqa bir xususiy klinika chet elliklarga 3300 rubl evaziga “Sputnik Layt” bilan emlanishni taklif qilmoqda. E’londa emlanish uchun Rossiya pasporti va MTS polisi talab qilinmasligi qayd etilgan.

16 - avgust sanasida Sankt-Peterburgning Xalqaro munosabatlar bo‘yicha qo‘mitasi ushbu kundan e’tiboran xorijliklar “Galereya” SKMda “Sputnik Layt” yoki “Sputnik V” bilan tekinga emlanishi mumkinligini xabar qildi. Biroq bu imtiyozdan faqat MTS polisi bor ajnabiylargina foydalana olar ekan.

Peterburgda ishlaydigan migrantlarning o‘zlaridan har xil gap chiqyapti: ayrimlar “ishxona hisobidan” emlangan, ba’zilarni “emlash uchun navbatga yozishgan, ish beruvchi hamma xarajatni to‘lamoqchi, lekin qachon emlashlari noma’lum”. Oshxonada ishlovchi uchinchi suhbatdosh esa u va hamkasblari emlanmagan bo‘lishsa-da, xotirjam ishlashayotganini, muammo yo‘qligini aytgan.

“Moskvani bilmadim‑u, lekin bu yerda ko‘pchilikni majburlashyapti, ayniqsa, umumiy ovqatlanish sohasida va do‘konlarda ishlovchilarni. Biri kiyim-kechak do‘konida, biri restoranda ishlaydigan ikki o‘rtog‘imni emlashdi. Ammo meni, kamina barista (qahva damlovchi) bo‘lib ishlayman, hanuz chaqirishgani yo‘q. Hayronman”, deydi Peterburgdan Doniyor.

Rossiya mintaqalarida va bosib olingan Qrimda migrantlar qanday emlanmoqda?

Iyun oyi oxirlarida‑yoq Sverdlov viloyati OAVlari ushbu mintaqada ishlovchi ko‘plab migrantlar o‘zlari pul to‘lashga tayyorligi, lekin qayerda va qay tartibda emlanishni bilmasligi haqida yozgan edi.

“Masala hamon rasmiy tarzda hal qilinmagan – migrantlarni bepul emlash haqida ko‘rsatma yo‘q. Ko‘p migrantlar pul to‘lab emlanmoqchi bo‘lib yurganini bilaman, lekin aniq ma’lumotga ega emasman. Rasmiylar migrantlar ko‘p sohalarda, xususan, xizmat ko‘rsatishda asosiy ishchi kuchini tashkil qilishini va ularni birinchi galda emlash kerakligini yaxshi tushunishadi. Ammo, boshqa tarafdan, bu yerda ish beruvchilarni nazorat qilish qiyin, chunki aksari ishchilar noqonuniy ishlaydi”, deydi “Millatlararo axborot markazi” ijrochi direktori Nurzida Bensgier.

Viloyatda ishlayotgan Alisher emlanish masalasida mahalliy migratsiya markaziga shaxsan murojaat qilganini, ammo u yerdagilar migrantlarni emlash hozircha rejada yo‘qligini aytishganini so‘zlab berdi.

Tverda “chet elliklar faqat MTS polisi bo‘lsagina emlanishi mumkin, patent bo‘yicha emlash yo‘q”. Iyun oyi oxirlarida mahalliy gazeta viloyatdagi sug‘urta shirkatlariga mehnat migrantlaridan kunda o‘nlab qo‘ng‘iroqlar bo‘layotganini, ularni hech qayerda emlashmayotganidan shikoyat qilishgani haqida xabar qildi. Sabab bitta: Tver viloyati hududida ishlayotgan chet el fuqarolarini emlash tartibi belgilangan birorta federal yoki mintaqaviy normativ-huquqiy hujjat yo‘q.

Janubiy Saxalinda o‘tgan oyda shahar poliklinikasiga atay migrantlar uchun ikki ming doza “Sputnik Layt” keltirilib, 1200 rubl evaziga emlash boshlangani xabar qilindi. 20 - avgustga qadar savdo, qurilish va transport sohalari xodimlarining 60 foizini emlab ulgurishga ko‘rsatma berilganiga qaramay, migrantlar vaksina olishga shoshilmayapti. 11 - avgustdagi ma’lumotga ko‘ra, viloyatda atigi 1440 nafar chet ellik vaksina olgan. Shundan so‘ng emlov sug‘urta polisi bor migrantlarga bepul qilib qo‘yildi.

“Magadan viloyatida migrantlarni emlanishga majbur qilishmayapti, lekin xohlovchilar 2500 rublga vaksina sotib olishi mumkin. Agar buni majburiy qilib qo‘yishsa, hamma oxiriga qadar paysalga solishi aniq, chunki boshqa xarjlarimiz ko‘p. Masalan, patentning o‘zi bu yil uch marta qimmatlashib, 2178 rubldan 6780 rublga chiqdi. Qolaversa, sog‘lig‘ini o‘ylab emlanishga shay turganlar ham bor. Savdo markazi yonida ko‘chma emlash punkti turardi. Kecha ko‘zim tushdi, eshigiga e’lon osib qo‘yishibdi: “Faqat Rossiya fuqarolari emlanadi”, deb. Migrantlardan ko‘p murojaatlar bo‘lganki, shunday qilishibdi”, deydi Magadandan Alisher.

16 - avgust kuni Tataristonda chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni pulli emlash boshlandi. Vaktsina bahosi – 1200 rubl.

Tyumendagi kafelardan birida ishlovchi Zafarning aytishicha, “shaharda vaksina masalasida jimjitlik, hech kim hech nima degani yo‘q”.

Rostov hamda Voronej viloyatlarida MTS polisi sohiblarigina emlanish imkoniyatiga ega.

17 - avgustda Xabarovsk viloyatiga migrantlar uchun uch ming doza “Sputnik Layt” keltirilib, emlovni boshlab yuborishdi. Mintaqa hukumati raisining o‘rinbosari Yevgeniy Nikonovga ko‘ra, vaksina MTS polisi bo‘lmagan chet elliklar uchun pullik bo‘lib, o‘rtacha tarif 1200 rublni tashkil qiladi.

Rossiya bosib olgan Qrimda ishlovchi Anatoliy patent olgan migrantning emlanish imkoniyati bor yoki yo‘qligini mustaqil surishtirib ko‘rganini aytadi: “Poliklinikalarda migrantlarni emlashmayapti, bu qayerda qilinishini bilishmaydi ham. Hech qanaqa ma’lumot yo‘q. Patenti bor migrantlar emlanishi mumkin, deb qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirishgani qoldi”, deydi u.

“Hukumatning ikkiyuzlamachiligi mana shunda ro‘y-rost namoyon bo‘ldi: vaksinani chetga sotadi, o‘z fuqarolarini bir amallab ko‘ndiradi emlanishga, ammo Rossiyada necha yillardan beri ishlayotgan migrantlarga kelganda ochiqcha g‘irromlik qilishyapti”, kuyunadi Anatoliy.

“Migrantlarni emlanglar, deyishadi. Biroq bu qanday bo‘ladi?”

“TutJdut” tashkiloti rahbari Natalya Xmelnitskaya Anatoliyning fikriga qo‘shiladi: “Chet el fuqarolarini emlashdagi qiyinchiliklar tizim yo‘qligi bilan bog‘liq”.

“Hukumat mintaqalarni unutib qo‘ydi, deya olmayman. Shunchaki, hududlarda migrantlarni emlash tartibi hujjatlashtirilmagan. “Migrantlar emlansin”, deb buyruq berishadi‑yu, ammo bu qay yo‘sin bajariladi, qaysi vaksina bilan, vaksinani kim ajratadi, bepulmi yoki pulli, uning haqini kim to‘laydi – bularni tushuntirishmaydi. Ko‘psonli odamlar bilan bog‘liq ijtimoiy amallarga doir hamma narsa aniq-tiniq hujjatlashtirilishi lozim. Bu tizimda nafaqat migrantlar, balki yana ish beruvchi, tibbiyot muassasasi hamda davlat idorasi qatnashyapti. Ularni yagona tizimga birlashtiruvchi algoritm yo‘q ekan, bu qaror kaltabinlikdan boshqa narsa emas”, deydi Xmelnitskaya.

Ekspert u va hamkasblari ushbu masala bilan uch yarim hafta qattiq shug‘ullanganini, “og‘zaki aytilayotgan gaplar bilan migrantlarni emlashga imkon beruvchi real mexanizmni taqqoslash uchun” turli instansiyalarga xatlar yuborganini aytadi. Ma’lum bo‘ladiki, har bir alohida holatda qaror “qo‘l rejimida” qabul qilingan ekan.

MTS polisini olish uchun patenti yoki mehnat shartnomasi yo‘q migrantlarga kelsak, ular emlash kampaniyasidan butkul chetda qolib ketadi, deya xulosa qiladi Xmelnitskaya.

“Odam anchadan beri Rossiyada ishlaydi, lekin hujjati yo‘q – u nima qilishi kerak? Bunaqalar son mingta. Kim emlaydi ularni? Axir ular virus tarqatishi mumkin‑ku? Qolaversa, aniq qoidalar bo‘lmagan sharoitda korrupsionerlar va qalloblarga keng yo‘l ochilishini ham nazardan qochirmasligimiz lozim”, deydi u.

Rossiya IIVning 5 - avgustdagi ma’lumotiga ko‘ra, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridan kelgan va Rossiya hududida noqonuniy bo‘lib turganlar soni 700 ming kishidan ortiq.

XS
SM
MD
LG