Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:51

Rossiyada talabalarning DOXA nashri jurnalistlari jinoyatda ayblanmoqda


Nashr tarafdorlari yig‘ilgan sud binosi atrofini nazorat qilayotgan politsiya xodimlari.
Nashr tarafdorlari yig‘ilgan sud binosi atrofini nazorat qilayotgan politsiya xodimlari.

Moskvaning Basmanniy tumani sudi kecha, chorshanba kuni DOXA talabalar nashrining to‘rt nafar jurnalisti — Armen Aramyan, Vladimir Metelkin, Natalya Tishkevich hamda Alla Gutnikovalarga uydan ko‘chaga chiqishini taqiqlash ko‘rinishida ehtiyot chorasi belgiladi.

Jurnalistlar sudga tintuv va so‘roqdan keyin olib borilgandi.

Mazkur jinoyat ishi “Voyaga yetmagan shaxslarni ularning hayoti uchun xavfli bo‘lgan xatti-harakatlarga jalb etish” moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan. Bu yerda gap muxolifatchi Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yanvar oyida o‘tkazilgan norozilik namoyishi bilan bog‘liq jinoyat ishi epizodlaridan biri haqida bormoqda.

Navalniyning yaqin safdoshlaridan biri Leonid Volkovga ham ayni shu jinoyat ishi doirasida ayblov e’lon qilingan.
Sud DOXA jurnalistlariga soat 00.00 dan 23.59 ga qadar, ya’ni kun bo‘yi uydan chiqishni man etdi.

Ehtiyot chorasi belgilangan kuni Basmanniy sudi oldida DOXA jurnalistlarini qo‘llab-quvvatlab bir kishilik piketlar uyushtirildi.

Piketda sud binosi oldida to‘plangan o‘nlab kishilar ishtirok etgan.

Pirovardida piket ishtirokchilari birdamlik zanjiri hosil qilishdi. Norozilik aksiyasi qatnashchilaridan biri hibsga olindi.

DOXA jurnalistlarining jinoyatda ayblanishiga ular 23 -yanvar kuni e’lon qilgan videorolik sabab bo‘ldi. Rolikda mualliflar talabalar hamjamiyatiga murojaat qilib, o‘quv yurtlari rahbariyatining Navalniy himoyasi uchun norozilik namoyishlarida qatnashgan talabalarga o‘qishdan haydash bilan tahdid qilishi qonunga xilofligini aytishgan edi.

“Roskomnadzor” jurnaldan ushbu rolikni YouTube’dan o‘chirishni talab qildi. Talab bajarildi ham. Ammo bu DOXA jurnalistlarini javobgarlikdan saqlab qola olmadi.

14 - aprel kuni ertalab jurnalistlarning uylarida tintuv o‘tkazildi, so‘ng ular Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskvadagi Bosh boshqarmasiga keltirildi.

Tintuv jurnal tahririyatida ham o‘tkazildi. Nashr xodimlarining telefonlari va noutbuklari musodara qilindi. Tintuvdan keyin binoning mulkdori tahririyat bilan tuzilgan ijara shartnomasini bekor qildi.

“Agora” xalqaro huquqbonlar guruhi rahbari Pavel Chikovning ma’lum qilishicha, Aramyan va Gutnikovalarning ota-onalari yashaydigan uylar ham tintuv qilingan.

DOXA — talabalarning zamonaviy universitetlar haqidagi mustaqil jurnali bo‘lib, Rossiya va jahon mamlakatlari ta’lim tizimiga oid o‘tkir muammolarni yoritadi.

2019 - yil dekabrida Oliy iqtisodiyot maktabining (OIM) Talabalar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kengashi DOXA jurnalini talabalar tashkiloti maqomidan mahrum qilgan edi.

OIM huquqiy xizmati jurnalda e’lon qilingan qator maqolalar, jumladan, Moskva shahar dumasi saylovlarini halol o‘tkazish uchun uyushtirilgan norozilik chiqishlari haqidagi materiallarni “Oliy iqtisodiyot maktabi sha’niga dog‘ tushiruvchi maqolalar” deb atagan.

Kecha Oliy iqtisodiyot maktabi matbuot kotibi DOXA jurnalistlari bilan yuz bergan so‘nggi voqealarning OIMga daxli yo‘qligini aytib chiqdi.

XS
SM
MD
LG