Moskvada telejurnalist va huquq faoli Nikolay Svanidze 69 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Moskovskiy komsomoles” gazetasi xabar qildi. Bu ma’lumotni huquqbon Yeva Merkachyova ham tasdiqlagan.
Qayd etilishicha, Svanidze so‘nggi yillarda og‘ir xasta bo‘lgan: unga bosh miya ishemiyasi tashxisi qo‘yilgan edi.
Rossiya televideniyesi darg‘alaridan biri bo‘lgan Nikolay Svanidze turli ijtimoiy-siyosiy dasturlarni olib borgan, o‘tgan asrning 90-yillari oxirida esa VGTRK raisi lavozimida ham ishlagan.
U “Rossiya” telekanalida “Ko‘zgu” (“Zerkalo”) tahliliy dasturini olib borgan. 2013-yildan 2022-yilgacha “Kumush yomg‘ir” (“Serebryaniy dojd”) radiostansiyasida ishlab, u yerda yangiliklar va tarixga oid dasturlarni olib borgan. Bungacha esa u “Rossiya-1” telekanalida “Tarixiy xronikalar” (“Istoricheskiye xroniki”) ko‘rsatuviga boshlovchilik qilgan.
RF qo‘shinlari Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlagan 2022-yil 24-fevralida u jonli yoyinda Rossiyaning Ukrainaga xurujini “sababsiz va turtkisiz hujum” deb atagan edi. Keyinroq u bir necha bor bu “qonli urush”ning Rossiya uchun oqibatlari yomon bo‘lishi haqida gapirgan.
2022-yil noyabrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin boshqa bir necha huquq faoli va jurnalistlar bilan bir qatorda Nikolay Svanidzeni ham Inson huquqlari bo‘yicha kengashdan chiqarib yuborgan. Putin ular o‘rniga kengashga Rossiyada harbiy kun tartibini ilgari surayotganlarni qo‘shgan.
2022-yil dekabrida Svanidze Rossiya davlat gumanitar universiteti qoshidagi Massmedia va reklama instituti direktori lavozimidan bo‘shatilgan – bu lavozimda u 12 yil ishlagan edi.