Moskva viloyatining Stupino shahar sudi adovat qo‘zg‘atganlikda (Rossiya Jinoyat kodeksining 282-moddasi 2-qismi) ayblangan “Vatandosh” o‘zbeklar jamiyati raisi Usmon Baratovni to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi. Bu haqda SOTAvision nashri xabar qildi.
Baratovga qarshi jinoyat ishi ochilishiga uning “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘iga tovuqlar aks etgan surat karikatura joylagani sabab bo‘lgan. Mazkur karikaturada tovuqlardan biri “Tuxum bo‘lishi uchun xo‘rozlarni urushdan qaytaringlar” deyayotganini ko‘rish mumkin.
2023-yil dekabrida yoyinlangan postga Z-pabliklar va rossiyalik harbiy muxbirlar e’tibor qaratib, bu borada Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikinga murojaat qilishgan, u esa, o‘z navbatida, Baratov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqida topshiriq bergan. Kremlparast Readovka kanali mualliflari Baratov Rossiya fuqarosi ekanini yozishgan.
Usmon Baratov o‘z ishi bo‘yicha lingvistik ekspertiza noto‘g‘ri o‘tkazilgani, Rossiya sudida o‘tkazilgan jarayon esa noqonuniy bo‘lib hisoblanishini bildirgan. Baratovning fikricha, uning ishi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudida ko‘rib chiqilishi lozim edi.
Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskva boshqarmasi Baratov so‘roq paytida o‘ziga bildirilgan ayblovni tan olmaganini ma’lum qilgan. Tergovchilar uning postini “Rossiya fuqarolari orasidagi bir guruh kishilar, shu jumladan, maxsus harbiy amaliyot ishtirokchilari obro‘-e’tiboriga putur yetkazuvchi” deb topganlar. Maxsus harbiy amaliyot deganda rossiyalik rasmiylar Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinni nazarda tutishadi.
Usmon Baratov 2024-yil fevralida Rossiya Adliya vazirligi talabi bilan “ekstremistlar va terrorchilar” ro‘yxatiga kiritilgan edi.