Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:16

“Rossiyadan qo‘rquv qonimizga singib ketgan”. Markaziy Osiyo Ukrainaga qanday ko‘maklashmoqda?


Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidagi Jaysan chegara o‘tish nuqtasida qozog‘istonliklar ko‘ngillilar rossiyaliklarga ko‘maklashmoqda. 28-sentabr, 2022
Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidagi Jaysan chegara o‘tish nuqtasida qozog‘istonliklar ko‘ngillilar rossiyaliklarga ko‘maklashmoqda. 28-sentabr, 2022

Rossiya bosqini boshlangan kundan beri Ukraina boshqa mamlakatlar va chet el tashkilotlaridan 75 mlrd dollarlik yordam oldi. Bu mablag‘ Ukraina byudjeti daromadlaridan 1,6 baravarga ko‘p. Urushning ilk kunlaridan beri ukrainlarga nafaqat G‘arb mamlakatlari hukumatlari va fuqarolari, balki Markaziy Osiyo – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, shuningdek, Mongoliya va boshqa davlatlar aholisi ham yordam bermoqda. Ozodlik radiosining "Sibir.Realii" loyihasi yordam tashkil qilishga bosh-qosh bo‘layotgan mahalliy ko‘ngillilar bilan suhbatlashdi.

“Putin SSSRni tiklash harakatiga tushganidan xavotirdamiz”

“Birinchi oyda bizga 20 ming kishi pul jo‘natdi. Qozog‘iston tarixida xayriya yig‘ish tezligi bo‘yicha rekord bo‘ldi bu. Jami 500 mln tanga to‘pladik, bu faqat bank orqali tushgan pul, ayrimlar o‘zlari tovar sotib olib bizga jo‘natdi. Yuridik shaxslar 20 ming dollar berishdi, bir million dollar xayriya qilganlar ham bor. Shu yozda Qozog‘iston fuqaroligini olgan rossiyalik yigit 1 mln dollar ajratdi, hademay yana 2 mln dollar bermoqchi. Yana bir kishi bor – urush boshlanganidan buyon har hafta 1,5 ming tanga (taxminan 4 dollar) pul o‘tkazishni kanda qilmaydi. Tayin kuni, tayin soatda tushadi pul, gohida, bir-ikki kun kechiksa, xabar yozadi: uzr, bu gal bir oz kechikdi, deb. Har kim qurbiga qarab yordam qilyapti: 100-200 tanga beradiganlar ham bor, har oy pensiya olganida ataganini tashlab ketadigan chollar, kampirlar ham”, deydi olmaotalik Tog‘jan Qojaliyeva.

Uning “HAQ” fondi urushning dastlabki kunlaridan Ukraina aholisi uchun gumanitar yordam yig‘ish bilan shug‘ullanadi. Qozog‘istonda bir nechta volontyorlik shtabi ishlab turibdi – xohlovchilar zarur narsalarni u yerga o‘zlari olib borishlari mumkin. Volontyorlar Ukraina harbiy ma’muriyatlari bilan bog‘lanib, ularning ehtiyojiga ko‘ra gumanitar yuklarni tashkil qilishadi: boshida yuklar uchoqlarda tashilgan bo‘lsa, hozir furalarda, Rossiyani chetlab o‘tgan holda yetkazilmoqda. Asosan dori-darmon, tibbiyot jihozlari, oziq-ovqat, qopko‘rpa, gazo‘choq, generator kabi zarur narsalarni jo‘natishadi.

“To‘g‘ri, xayriya ishlari bir oz susaydi: dastlabki kunlar har soniyada pul tushardi. Bir soatda million tanga tushgani yodimda. Birinchi o‘nkunlikda 120 mln tanga yiqqanmiz (million tanga = taxminan 2100 dollar). Hozir ishlar unchalik emas, ammo tadbirkorlar, yuridik shaxslar qo‘shilyapti. Bitta tadbirkor yuzlab, minglab oddiy fuqarodan ko‘p xayriya qilishi mumkin. Masalan, boshida jismoniy shaxslardan jami 150 mln tanga to‘plagan bo‘lsak, bitta tadbirkorning o‘zi 360 mln bergan. Faollik baribir bor, u endi ko‘proq o‘zimizga bog‘liq: eslatib tursak, hisob raqamlarimizni qaytadan tarqatsak, yana qimirlab qolishadi”, “HAQ” fondi rahbari.

Tog‘jan Qojaliyeva.
Tog‘jan Qojaliyeva.

Yoga muallimi Zarina Shohmuhambetova so‘nggi yillarni Ukrainada yashagan: uning eri Zaporojyedagi zavodlardan birida ishlardi. Urush boshlangan paytda Zarina Qozog‘istonda – og‘ir betob onasining yonida edi. Sentabrda u Zaporojye shahriga qaytib bordi. Qozog‘istonda bo‘lgan vaqtida Zarina “Posilka” fondining Olma-Ota shtabida volontyor bo‘lib ishlagan.

“Oddiy qozog‘istonliklarning bu yaxshiliklari – men o‘z hayotimda duch kelgan eng g‘aroyib hodisaki, har eslaganimda to‘lqinlanib ketaman. Ular Ukraina bilan hech bir tariqa bog‘lanmagan, shunga qaramay dardimizga sherik bo‘lishyapti. Ular faqat bitta narsani: Ukrainada urush ketayotganini, tinch aholi boshpana va zarur turmush sharoitlaridan mahrum bo‘lganini bilishadi xolos. Yurtdoshlarimning bag‘rikengligi haqida o‘ylaganimda uzoq o‘tmish – qatag‘on yillarida Qozog‘istonga polyaklar, nemislar, qrimtatarlar va boshqa xalqlar quvg‘in qilingani yodimga tushadi. O‘lib ketsin deb taqir cho‘lga tashlab ketilgan minglab odamlar o‘shanda qozoqlar tufayli jon saqlab qolishgan edi”, – deydi Zarina.

Tog‘jan Qojaliyeva boshqacha fikrda: qozog‘istonliklar Ukraina o‘rnida o‘z mamlakatlarini tasavvur qilib, ukrainlarga hamdard bo‘lishmoqda, deydi u. Rossiya siyosatchilarining Shimoliy Qozog‘istonga da’volari hamisha mamlakatda juda noxush reaksiya beradi. Rossiya hududiy da’vo bilan Ukrainaga bostirib kirgach, qozog‘istonliklarning xavotiri ikki karra ortdi.

“Biz Putin SSSRni tiklash ko‘yiga tushganidan xavotirdamiz. Ortga qaytishni xohlamaymiz, chunki Sovet Ittifoqi yomonlik saltanati edi. Rossiyadan qo‘rquv qon-qonimizga singib ketgan. 1930-yillarda Qozog‘istonda ocharchilik bo‘lganida 3 mln qozoqdan atigi yarmi qolgan edi. Bu – bolshevizm hukmronligining ilk bosqichi natijasi. Qozog‘iston qatag‘onlardan ham ko‘p jabr chekkan. Muxtoriyat olishga intilgan qariyb barcha rahbarlar, ta’bir joiz bo‘lsa, millatning oltin avlodi qirib tashlangan. Ular taraqqiyotning yaponcha modeliga intilgan edilar, 30-yillarda Qozog‘istonda bu mavzu ko‘p muhokama qilingan.

So‘ngra tilimizdan ayrilishimizga bir bahya qoldi. Masalan, men maktabni 1989 -yilda tamomlaganman. Esimda: qozoqcha gapirish qoloqlik belgisi hisoblanardi. O‘zini ilg‘or, zamonaviy sanaguvchi odam albatta rus tilida so‘zlashishi kerak edi. O‘z tariximizni bilmasdik, ammo Rossiya tarixi mufassal o‘qitilardi. O‘z madaniyatimizdan bexabar edik, lekin Tyutchev va Turgenevlarni bilardik. Bizdan madaniyati yo‘q, ildizi yo‘q millat yasamoqchi bo‘lishdi. Shu bois millat o‘laroq o‘zligimizni yo‘qotib qo‘yishdan hamon qo‘rqamiz”, hikoyasida davom etadi Qojaliyeva.

Zarina Shohmuhambetova esa qozog‘istonliklar Ukrainaga faqat insoniylik nuqtai nazaridan yordam berayotganiga va mamlakatda yaqqol aksilrossiya kayfiyati yo‘qligiga amin. Boz ustiga, u ko‘plab aholi, hatto asl qozoqlar ham Kreml propagandasi iddaolariga xayrixoh, deb hisoblaydi.

“Ba’zan qarindoshlarim qo‘ng‘iroq qilib hol-ahvol so‘rashadi. “Rus bosqinchilari hali bizgacha yetib kelmadi”, deyman. Shunday javob berishadi: “Hechqisi yo‘q, borib qolishar. Sizlarni ham ozod qilishadi. Ayb ukrainlarning o‘zida – NATO bilan aylanishib bekor qilishdi. Umuman, hammasi natsist ular”. Shunday paytlarda “Ukrainada bir marta ham bo‘lmagansiz, bu yerda nimalar bo‘layotganidan mutlaqo g‘ofilsiz”, deb og‘zilariga uraman. “Mariupolni darrov topshirishganida hammasi yaxshi bo‘lardi”, deb ta’na qiladigan ashaddiy rossiyaparastlar ham bor”, deydi allaqachon Ukrainaga qaytgan Zarina.

Zarina Shohmuhambetova.
Zarina Shohmuhambetova.

Tahdidli qo‘ng‘iroqlar

Qirg‘izistonlik faol Dinara Alyayeva aprelda Ukraina uchun yordam yig‘ishni tashkil qilgan edi. U “Facebook”da e’lon berdi, e’lonni mahalliy OAVlar ham tarqatdi. Keyinroq yordam to‘playotgan boshqa guruhni topishdi. Odamlar topgan-tutganlarini Bishkekdagi bolalar xospisi bergan xonaga keltira boshladilar. Junchoyshablar, qopko‘rpalar, quruq mevalar, bolalar tagliklari, uzoq saqlanadigan yeguliklardan ancha-muncha jamg‘arildi. Pul o‘tkazmoqchi bo‘lganlarga esa Ukraina elchixonasi rekvizitlari berildi.

“Odamlar chaqirig‘imizga “labbay” deb javob berishdi. Jilg‘alar birlashib, daryo bo‘ldi. Kimdir bitta top-toza, eskiroq junchoyshab keltirdi, birov bir o‘ram pampers. Bir tadbirkor naq 200 ta issiq junchoyshab xayriya qildi. Odamlar qo‘ng‘iroq qilib, ukrainlarga hamdardlik bildirishar, ko‘proq yordamga qo‘llari kaltaligini aytib uzr so‘rashardi... Bir chekkasiga Qirg‘iziston bayrog‘i tushirilgan yap-yangi qavima ko‘rpa olib kelgan momoni hech unutolmayman. Rossiya harbiylarining Ukrainada tinch aholiga qilgan vahshiyliklaridan so‘ng befarq bo‘lish mumkin emasdi. Mazlumlarga yordam berishga ojizligimizni o‘ylab qattiq siqilardik. So‘ngra Bucha voqealari yuz berdi. Hukumatimiz betaraflik bahonasida mum tishlagani bizga qattiq alam qildi. Bolalarni o‘ldirishayotgan paytda qanday sukut qilish mumkin axir?” hikoya qiladi Dinara.

Aytishicha, xayriya e’lon qilganidan so‘ng unga noma’lum kimsalar telefonda tahdid qila boshlabdi. Dinara bunda mahalliy hukumatning qo‘li bor deb biladi – uning fikricha, hukumat Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan o‘ta faol mahalliy fuqarolarni deb Rossiya bilan aloqalariga sovuqchilik tushishini istamagan. Mart oyida prezident Sadir Japarov “Qirg‘iziston – kichik mamlakat, urushni to‘xtatishga qurbimiz yetmaydi, shu bois betaraf qolishimiz lozim”, degan edi. Fevralda esa Kreml Japarov prezident Putin bilan telefonda so‘zlashar ekan, “maxsus amaliyot”ni ma’qullaganini ma’lum qildi.

“Qirg‘iziston iqtisodiy va siyosiy jihatdan Rossiyaga qattiq bog‘lanib qolgan. Bizning rahbarlarning Rossiya oldida tillari qisiq: qanchadan-qancha kreditlar, grantlar olib qarzga botishgan. Shu bois urush boshlanishi bilan hukumatimiz o‘zini ko‘r, kar va gung kabi tutmoqda. Bizning xayriya e’lonimiz esa isyon o‘laroq baholandi. Telefonim eshitilardi. Shunday qilib, “fashistlar va banderachilar”ga yordam berayotganim uchun har kuni tahdidli qo‘ng‘iroqlar ola boshladim.

Ular oddiy fuqarolar emas, “organ” xodimlari, deb o‘ylayman. Bir oy ishga chiqishga qo‘rqib yurdim, chunki gumanitar yordam yig‘ish manzillari OAVlar orqali barchaga ma’lum qilingan edi. Biroq, xayriyatki, aql-hushli qirg‘izistonliklar begunoh insonlarning o‘ldirilishini ma’qullaydigan manqurtlarga qaraganda ancha ko‘p ekan, bora-bora qulog‘imiz tinchidi, harqalay”, deya so‘zini yakunladi Dinara.

“Rossiya bizga nima bera oladi: shinel bilan kirza etikmi?”

Urush boshlanganidan so‘ng Mongoliyada Ukraina bilan birga, ayirmachi “DXR” va “LXR” uchun ham gumanitar yordam to‘plash tashkil qilinadi. Ayirmachilar uchun to‘plangan jami 600 ming rubl qiymatli 5 tonna yuk rossiyaliklar orqali jo‘natiladi. Mongoliya hukumati va “Mongoliyadagi ukrainaliklar” jamoat tashkiloti esa Ukraina uchun mablag‘ yig‘ishni boshlaydi: hukumat BMTning Favqulodda vaziyatlar uchun maxsus fondi orqali 150 ming dollar va Qizil xoch bilan Qizil yarimoy orqali 50 ming dollar o‘tkazishga va’da beradi.

Ulan-batorlik Chechen bolaligidan Mongoliyada yashaydi, ammo uning ota-onasi asli Tuva Respublikasidan.

Ўзбек муҳожири: Урушга боришдан кўра баклажка териб юрганим яхши
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:53 0:00

Chechen shunday hikoya qiladi:

“Xayriya yig‘ish boshlanganida men ham 100 dollar berdim. Bilasizmi, nega? Kuchli bilan ojiz urushayotganida ojizning tarafida bo‘lish kerak. Bu o‘ta adolatsiz urush: bir mamlakat bo‘lmag‘ur bahona bilan qo‘shni mamlakatga hujum qildi. 2014-yildan 2022- yil 24-fevralga bo‘lgan voqealarga “harqalay fuqarolar urushi, ikki tomonning ham o‘z haqiqatlari bor”, deb munosabat bildirsa bo‘lardi. Ammo 24-fevralda hammasi o‘zgarib ketdi: bir taraf bosqinchi, bir taraf qurbon”.

Biroq, Chechen aytishicha, Mongoliyada ko‘pchilik Rossiyaga xayrixoh, hatto Ulan-Batorda Rossiyaning Ukrainaga bosqinini yoqlab kichikroq miting ham o‘tkazishibdi. Mitingchilar “Bandera fashist va Gitlerning josusi edi”, “Biz Rossiyani qo‘llaymiz” degan shiorlarni ko‘tarib Jukov haykali yonida olag‘ovur qilishgan.

“Ularni sira tushunmayman. Ukrainada natsizm borligini tasdiqlaydigan bironta fakt yo‘q. Propagandaning bu uydirmasiga shuncha odam laqqa tushganini aqlimga sig‘dirolmayman. Mongoliya jahon hamjamiyati bilan bo‘lishni istasa (istashiga ishonchim komil), Rossiyadan uzoqlashgan ma’qul. Rossiya bizga nima berardi: shinel bilan kirza etikmi? Ulardan yuz o‘giraylik, demoqchimasman, shunchaki muvozanatni saqlash kerak. Mana hozir rossiyaliklar mobilizatsiyadan qochib Mongoliyaga ham kelishyapti. Kelaverishsin, bosh ustiga, urushga borishganidan ko‘ra shunisi tuzuk”, deydi Chechen.

O‘n minglab rossiyaliklar mobilizatsiyadan qo‘shni va sobiq sovet davlatlariga qochgan.
O‘n minglab rossiyaliklar mobilizatsiyadan qo‘shni va sobiq sovet davlatlariga qochgan.

"Yo hurmat qil, yo yurtingga jo‘na"

Safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng rossiyaliklar oqimi qo‘shni mamlakatlarga yo‘l oldi. Hozirgacha 260 mingdan ortiq kishi mamlakatni tark etgan bo‘lib, shundan qariyb 98 mingi – Qozog‘istonga, taxminan 60 mingi – Gruziyaga, 3 mingdan ko‘prog‘i Mongoliyadan qo‘nim topgan. Aksar mamlakatlarda rossiyaliklar neytral yoki ijobiy qabul qilinmoqda. Masalan, Qozog‘istonda ko‘chada qolgan rossiyaliklar kinoteatr va bolalar oromgohiga joylashtirildi. Sibir.Realii muxbiri volontyorlardan so‘radi: vayron bo‘lgan Ukrainaga ham, uni vayron qilgan mamlakatdan qochib kelayotgan rossiyaliklarga ham yordam berish qanchalik uyg‘un?

“Biz odatlarimizga rioya qilyapmiz xolos: qozoqlar siyosiy qarashlaridan qat’iy nazar muhtojlarga yordam berib kelganlar. Doim shunaqa bo‘lgan. Qolaversa, qochib kelayotganlar orasida urush tarafdorlari ko‘p deb o‘ylamayman. Ularning aksari Rossiyada qolyapti”, deya javob beradi Tog‘jan Qojaliyeva.

Zarina Shohmuhambetova esa shunday deydi:

“Nazarimda, rossiyaliklar yopirilib kelishi ko‘pchilikka yoqmadi. Shaxsan o‘zim ham chegarani yopish tarafdoriman. Putinning “vatnik”lari Qozog‘istonda to‘polon ko‘tarishsa, oqibati yaxshi bo‘lmaydi. O‘zimizning manqurtlar ham yetib ortadi bizga: chunonchi, o‘z otam o‘shanaqa toifadan. Bitta viloyatga shunaqa rossiyaliklardan ancha-munchasi joylashib olsa, bu viloyat xuddi Qozog‘istonga begonadek bo‘lib qolishi mumkin. Boshqa tomondan, gohida “ular ham odam-ku”, deb o‘ylayman. Ana, Gruziya yaqindagina urushni boshidan kechirganiga qaramay rossiyaliklarni kirityapti. Bu eng oliy darajadagi hamdardlik belgisi. Ammo ular bizga o‘xshab, o‘zlarini hurmat qilishni talab qilishmoqda. Yo hurmat qil, yo yurtingga jo‘na”.

XS
SM
MD
LG